AsosiySalomatlik

​Qon bosimi oshishiga bee`tibor bo`lmang!

'​Qon bosimi oshishiga bee`tibor bo`lmang!'ning rasmi

Qon bosimi hammada har xil bo`ladi. Kim uchundir 100/60 qon bosimi o`rtacha hisoblansa, boshqa biri uchun esa bu juda past sanaladi. Butunjahon Sog`liqni Saqlash Tashkilotining normalariga ko`ra, 120/80 dan 160/95 gacha bo`lgan qon bosimi normal hisoblanadi. Qon bosimi 140/90-160/95 chegarasida bo`lsa, bunday kishilarda gipertonik kasallikka chalinish xavfi yuqori.

Belgilari

Qon bosimi oshganda bemorda bosh og`rib, aylanadi. Og`riq asosan ensa sohasida bo`ladi, ba`zi hollarda ko`zlar qizarishi ham mumkin. Bemorning ko`ngli aynib, qon bosimi juda ko`tarilib ketganda qayt qiladi, yurak sohasida og`riq sezadi. Yurak tez urishi, qizib ketish, nafas etishmasligini ham kuzatish mumkin.

Xavf guruhiga kimlar kiradi?

Yosh o`tishi bilan ortiqcha vaznga ega bo`lgan, spirtli ichimliklar ichuvchilarda, chekuvchilarda, shuningdek, tuzlama shinavandalari va kamharakatli kishilarda qon bosimi oshish xavfi yuqori.

Bilib qo`ygan yaxshi!

Har besh kishining bittasida gipertoniya, ya`ni qon bosimi oshishi kuzatiladi. «Qon bosimini tushirsam bo`ldi, davolanish shart emas», degan yanglish fikr mavjud. Ammo «ko`za kunda emas, kunida sinadi...» Yuqori qon bosimi bilan yillab yashash mumkin, ammo uning oshishi oqibatida kichik arteriyalar shikastlanadi. Kasallik miya insulti, miokard infarkti, yurak va buyrak faoliyati etishmovchiligi, ko`z pardasi ko`chishi va hatto ko`rlikka ham olib kelishi mumkin. Gipertoniyani tamoman davolab bo`lmagani sababli uni doimiy ravishda muolaja qilib yurish zarur.

Qon bosimingiz oshsa...

Har bir kishining qon bosimi jismoniy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o`zgarib turadi. Jismoniy mehnat, stress, hayotiy tashvishlar paytida u ko`tarilsa, uyqu va dam olish chog`ida aksincha, tushadi.

Ba`zi-ba`zida oshib turadigan qon bosimi xavfli bo`lib, to`qimalar birdaniga tushgan bu og`irlikni «ko`tara» olmasligi mumkin. O`z normal qon bosimingizni bilish uchun vaqti-vaqti bilan uni o`lchab turing.

Nima eyish mumkin?

1. 40 yoshdan oshganlar hech bo`lmaganda oyda bir marta qon bosimini o`lchab turishlari shart.

2. Ortiqcha vazn evaziga organizm zo`riqib ishlaydi. Bu esa yurak va qon tomirlarini ham zo`riqtiradi, qon bosimi oshadi. Vazn o`rtacha holga kelganda, qon bosimi ham o`z normal holatini tiklaydi.

3. Qon bosimingiz yuqori bo`lsa, tuz iste`molini kamaytiring. Turli tuzlama va dudlangan mahsulotlarni esa umuman emagan ma`qul. Tuz tanada suyuqlik yig`ilib qolishiga va tanada shish paydo bo`lishiga olib keladi.

4. Yurak mushaklarini mustahkamlash uchun magniy va kaliyga boy mahsulotlar iste`mol qiling. Masalan, quritilgan mevalar, grechka, dukkakli o`simliklar…

5. Shuningdek, turli hayvonot yog`lari iste`molini kamaytirib, ular o`rniga o`simlik yog`lari ishlating. Ayniqsa, zig`ir yog`i foydali.

6. Jismonan faol bo`ling, doimiy ravishda jismoniy mashqlar bilan shug`ullaning. Ammo bu mashg`ulotlar og`irlik (tosh, gantel) ko`tarishdan iborat bo`lmasin.

7. Suyuqlik iste`molini nazorat qiling. Tana vaznining 1 kilosiga 30 gr. suyuqlik to`g`ri keladi. Masalan, vazningiz 70 kilo bo`lsa, sutka davomida 2 litr suv ichishingiz mumkin. Lekin uyquga yotishdan 2 soat avval suyuqlik ichmang.

Yodingizda bo`lsin!

Ko`p asabiylashadigan odamlarda qon bosimi oshishi ko`p kuzatiladi. Salomatligingiz uchun muhimi: to`laqonli uyqu. O`zingizni ko`p toliqtirmang va asablaringizni asrang.

Shuningdek, ba`zi dori vositalari ham (masalan, oral kontraseptivlar) qon bosimi oshishiga olib kelishi mumkin. Kasallikni davolamaslik umringizni qisqartiradi.

Uy sharoitida…

  • Qon bosimingiz ko`tarilganda eng avvalo yarim yotgan holda o`tiring, boshingiz tanaga nisbatan balandroqda bo`lsin.
  • Shifokor tavsiya qilgan dorini iching va yarim soat mobaynida o`rningizdan turmang.
  • Gipotenziv dorilar uzoq muddatga uzluksiz qabul qilish uchun buyuriladi. Shu sababli dorini qabul qilishni o`zboshimchalik bilan to`xtatmang.
  • Kiyik o`ti, achchiq ko`k choy damlab iching.
  • Qon bosimingizni o`lchab turing. Agar u ikki soat mobaynida tushmasa, zudlik bilan «Tez yordam» chaqiring.
  • Kichik maslahat

    Bir oy davomida ertalab va kechqurun qon bosimingizni o`lchang. Shunda o`rtacha qon bosimingizni bilib olasiz. Bu ma`lumot shifokor sizga dori buyurishida qo`l keladi.

    Umumiy amaliyot shifokori Behzod RAHIMQULOV bilan hamkorlikda tayyorlandi.

    Kavsar ASHOBOVA

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar