Negadir aksariyat odamlar mashhurlikka erishgan yulduzlarning hech qanday muammosi bo`lmaydi, ularga yashash oson, deb o`ylaydi, deb xabar berdi Adme.ru nashri.
Ammo ular ham inson, bizda qanchalar muammo ko`p bo`lsa, ularning muammosi ham biznikidan kam emas. Sog`liqqa oid muammolar ularni ham chetlab o`tmaydi. Axir xalqimiz bekorga issiq jonning isitmasi bor, demagan. Kasallikdan hech kim kafolatlanmagan. Quyida nomlari keltirilgan mashhur yulduzlar esa inson hayoti uchun xavfli bo`lgan kasalliklarni engdi, shu bilan birga mazkur masalada boshqalarga ham yordam berib kelmoqda.
Sheron Stoun
Gollivudning eng mashhur yulduzlaridan biri bo`lgan Sheron Stoun miyaga qon quyulishi oqibatida klinik o`limni boshdan kechirdi. Operasiyadan keyin gapirishga qiynalganiga qaramay, u “Asosiy instinkt-2” filmida suratga tushdi. Kasallik tufayli boshiga tushgan qiyinchiliklarini enggan aktrisa mazkur kasalliklarga chalingan bemorlarni qo`llab-quvvatlab, kelmoqda. Xayriya ishlariga qo`shgan hissasi uchun Sheron Stoun 2013 yilda Nobel mukofoti laureati bo`lgan.
Maykl Jey Foks
Mashhur aktyorga 1991 yilda Parkinson kasalligi tashxisi qo`yildi. Shunga qaramay, u 5 marotaba “Emmi” mukofotini va boshqa oliy mukofotlarni qo`lga kiritdi. Aktyor mazkur kasallik bilan kurashishni hayotining asosiy maqsadiga aylantirdi. U Parkinson kasalligini davolaydigan dori-darmonni yaratish ishlari bilan shug`ullanuvchi jamg`arma tashkil qilib, unga 450 million dollar mablag` ajratdi.
Juliya Roberts
Aktrisa Juliya Roberts bir necha yillardan beri Verlgof kasalligidan aziyat chekadi. Mazkur kasallikka chalingan bemorning terisi ozgina kesilsa, qon to`xtamaydi. Shunga qaramay, u filmlarda suratga tushishdan to`xtamadi, turli xil yuksak mukofotlarni qo`lga kiritdi va uch farzandni dunyoga keltirib, ularni tarbiyalayapti. Inson hayoti uchun xavfli bo`lgan kasallik bilan kurashish qanchalik ma`naviy va moddiy kuch talab qilishini aktrisa yaxshi biladi. Juliya Roberts bedavo kasallikka chalingan bemorlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida, YuNISEFning ko`ngilli elchisiga aylandi.
Ben Stiller
Mashhur komik aktyor Ben Stiller saraton o`simtasini olib tashlash bo`yicha operasiyani, odamning tinka-madorini quritadigan kimyoterapiyani boshdan kechirdi. Aktyorning aytishicha, u kasallikka chalingach, avval vahimaga tushgan, ammo keyinchalik unda saraton kasalligining hali endi birinchi bosqichi boshlanganini bilgach, xursand bo`lgan. Oddiy hayotga qaytgan Ben Stiller saratonga chalingan boshqa bemorlarga yordam berishni ko`ngliga tugdi. U yordam ko`rsatayotgan 25 ta tashkilot ichida saraton kasalliklarini o`rganish instituti va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni qo`llab-quvvatlovchi jamg`arma ham bor.
Toni Brekston
Mashhur xonanda, besh marotaba nufuzli “Emmi” mukofotini qo`lga kiritgan Toni Brekston teri siliga chalingan. Mazkur kasallikda odamning immun tizimi o`z organizmidagi hujayralarga hujum qiladi. O`zida mazkur kasallik aniqlangach, Toni Brekston aynan shu kasallikdan aziyat chekadigan odamlarga yordam bera boshladi. U bemorlarga moddiy yordam berish bilan birga, ularning ruhini ko`taradi. O`zi ham shu kallikka chalingan bo`lsa-da, hamon tinglovchilarini yaxshi qo`shiqlar bilan xushnud etib, ularga namuna bo`ladi.
Deniel Redkliff
Barchaning sevimli qahramoni bo`lgan “Garri Potter” dipraksiya — asab faoliyatining buzilishi kasalligiga chalingan. Mazkur kasallikka chalingan odam oddiy harakatlarni ham mustaqil bajara olmaydi. Ammo aktyorlik sohasiga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan kasallikka chalinganiga qaramay, Deniel kinematografiya sohasida ulkan yutuqlarga erishdi.
Kasallikka qarshi natijasida to`plagan tajribalarini Deniel aynan shu darddan aziyat chekayotgan odamlar bilan o`rtoqlashadi, ularni taslim bo`lmaslikka, umid qilishga undaydi va bunda o`zini misol qilib ko`rsatadi.
Ledi Gaga
Zamonaviy qo`shiqlar ijrochisi bo`lgan Ledi Gaga bedavo teri kasalligiga chalingan. Kasallik xuruj qilgan paytlari u davolash choralari bo`lgan muz solingan vanna, folgali ko`rpa va boshqa murakkab davolash jarayonlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda uzundan-uzoq post yozib qoldirdi.
Inson hayoti davomida boshiga tushadigan ko`rguliklar, qiyinchiliklardan yaxshi xabardor bo`lgan xonanda muntazam ravishda bedavo kasallikka chalingan odamlarga nafaqat moddiy, balki ma`naviy yordam berib keladi.
Maykl Karlayl Xoll
Mashhur aktyor 2010 yilda limfoma (limfa to`qimalarining saratoni)ga chalinganini bildi. U juda ko`p azoblarni boshdan kechirdi va mazkur kasallikdan qutulish uchun hammaning imkoni yo`qligidan afsuslandi. U limfoma kasalligiga chalingan odamlarni qo`llab-quvatlash maqsadida leykemiya va limfoma jamiyatining rasmiy vakiliga aylandi. Mazkur jamiyat saraton kasalligini o`rganish va saratonga chalingan bemorlarga yordam berish ishlari bilan shug`ullanadi.
Kayli Minoug
Avstraliyalik xonanda, qo`shiqlar muallifi va dunyoning go`zal ayollaridan biri bo`lgan Kayli Minoug 2005 yilda ko`krak saratoniga chalinganini bildi. Kasallik bilan kechgan og`ir kurashdan keyin xonanda saratonni ilk davrlarida aniqlash zarurligi haqida odamlarni ogohlantirishga bel bog`ladi va bunga juda ko`p mablag` sarfladi.
Kayli Minoug hodisasi ko`krak saratoniga qarshi kurashda eng muhim belgilardan biriga aylandi. Uning sa`y-harakatlari tufayli millionlab ayollar muntazam ravishda tibbiy ko`rikdan o`ta boshladi. Kayli Minoug saraton kasalligiga qarshi kurash borasida qo`shgan hissasi uchun faxriy tibbiyot fanlari doktori unvoniga sazovor bo`ldi.
Xyu Jekman
2013 yilda aktyor Xyu Jekmanda teri saratoni aniqlandi va shundan beri u 6 operasiyani boshdan kechirdi. Bunday sinovlardan keyin har qanday odam tanaffus qilishga majbur bo`ladi. Ammo Xyu Jekman bir nafas bo`lsa-da, mehnat qilishdan to`xtamadi. O`zi bedavo dardga chalingan aktyor, bemorlarni qo`llab-quvvatlash, ularga yordam berish qanchalik muhim ekanligini tushundi. U ayni paytda saraton kasalligini aniqlash va dolzarb muammolar bilan shug`ullanuvchi 27 ta tashkilotga homiylik qilmoqda.