Veterinariya sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, epizootik barqarorlik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta`minlash, veterinariya servis xizmatlari sifatini oshirish va davlat veterinariya xizmatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni hal qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni hamda “O`zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo`mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.
Davlat veterinariya qo`mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari hamda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari, shuningdek, hayvonlarni identifikasiya qilish va ro`yxatga olishning takomillashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
Veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqotlar hajmi, ko`lami va sifatini oshirish maqsadida mazkur farmonga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi huzuridagi O`zbekiston Qishloq xo`jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti Davlat veterinariya qo`mitasi tizimiga o`tkazildi.
Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning o`ta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari bo`yicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi.
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo`shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo`shimchalari sifati va muomalasi nazorati bo`yicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi.