AsosiySUG'DIYONA

​“O`g`limning sevganini boshqaga uzatishmoqchi...”

'​“O`g`limning sevganini boshqaga uzatishmoqchi...”'ning rasmi

— O`g`lim maktab davridan bir qizni yaxshi ko`rgan. Deyarli 8 yildan beri gaplasharkan. Ikki yil avval sovchilikka ammalarini yubordim, qiz tomon kollejni bitirib olsin, deyishdi. Yaqinda esa rozilik berolmasliklarini aytishdi. Bunga bosh sababchi — qizning otasi. U rahbar odam, uyida ham rahbarligini qilayotgan ekan. Qizini bir do`stining o`g`liga bermoqchi. Bundan o`g`limning siqilyapti. Uni ko`rib, mening yuragim ezilyapti. Xasta bo`lsamg`da, sovchilikka o`zim ham bordim. Lekin otasi meni eshitmay eshigidan haydab soldi. Jahlim chiqib, qizning onasiga qo`ng`iroq qildim, o`g`limni boshqa bezovta qilmasliklarini so`radim. O`g`lim bundan xabar topib, “nega qo`ng`iroq qilasiz”, deb meni koyidi. Men unga otaning roziligisiz hech nima qilolmasligini tushuntira olmayapman. Hozir juda asabiy, tajang bo`lib qolgan, gapirsam do`q-po`pisa bilan javob qaytaryapti. Bu vaziyatda o`g`limga qanday munosabatda bo`lay?

Fotima, 48 yosh. Farg`ona

Savolga psixolog Shahnoza Xalilova javob berdi:

— O`zingizni ayblamang. O`g`lingiz bunday holatda siqilishi, jizzaki bo`lib qolishi tabiiy. Chunki bunga sabab bor. Albatta, xavotirlaringiz o`rinli, biroq bu bilan o`g`lingizga yordam berolmaysiz. Ona xavotirlar bilan esam, balki kuchli ishonch bilan farzandini kuchli qila oladi. Shuningdek, bo`layotgan vaziyatni hadeb tahlil qilaverib, savollarni ko`paytirish kerak emas, bu bilan ochiq yaraga tuz sepgan bo`lasiz. Vaziyatni o`nglash sizning qo`lingizda bo`lmagandan keyin, uni o`z holiga tashlab qo`yish, vaqt berish, sabr qilish ma`qul bo`ladi. Hayot past-balandliklardan iborat-ku, kimning hayoti bir tekis? O`zingizning misolingizda ham aytish mumkin, ana shu hayotning past-balandliklaridan o`tib kelyapsiz, sinovlariga bardosh qilyapsiz... Bu bilan inson pishadi, chiniqadi, yanada kuchli bo`ladi, shunday emasmi? Erkak kishilar, odatda, o`z muammolarini yolg`iz o`ylaydi, echim topish uchun ham yolg`iz bo`lishni istaydi. O`g`lingizni ham, o`zingizni ham aybdorlik hissi bilan qiynamang. Muhabbat ham sinov. O`g`lingizga mana shu jihatlarni ayting va ko`proq o`z holiga qo`ying.

Munisa ALIEVA tayyorladi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar