O`tgan asrda hayotimizga qo`l telefonu kompyuter va kondisionerlar qatorida G`arbning yirik ishlab chiqarish kompaniyalarining o`ziga xos “kashfiyoti” o`laroq, bolalar tagliklari ham ham kirib keldi. Garchi ular ma`lum jihatdan biz uchun qulayliklar yaratgan bo`lsa-da, bugungi kun olim va mutaxassislariga ularning inson salomatligi uchun zararli xususiyatlari ham ma`lum bo`lmoqda. Bugun biz aynan bolalar tagliklari xususida o`z mulohazalarimizni bildirib o`tsak.
Beshik bolasi - bek bola
Natijada bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan beshik, tuvak, sumaklar yosh onalar uchun begona bo`lib qoldi. “Beshik” so`zi dastlab Mahmud Qoshg`ariyning “Devonu lug`atit turk” asarida uchraydi. Dastlabki yozma yodgorliklardayoq beshikning tilga olinishi uning juda qadim tarixga ega ekanligini va Mahmud Qoshg`ariydan ancha ilgari ham bu muhim moslamaning mavjud bo`lganligini ko`rsatadi.
“Beshik bolasi – bek bolasi” deb bejiz aytilmagan. Beshikning juda ko`p afzalliklari bor. Beshikda yotgan bola tinch uxlaydi, chunki har soatda bolani uyg`otib, tagini quruqlab, yo`rgakni almashtirishning hojati yo`q. Beshikda yotgan bola kam shamollaydi, chunki bola ustining ochilib qolish xavfi yo`q. Qorin doim issiq turadi, ichak kasalliklari kam bo`ladi...
Beshikda ulg`aygan bola, barcha tartib qoidalargi rioya qilinganda, sog`lom va xushqomat bo`lib o`sadi. Beshikdagi bolaning tagi doimo quruq bo`ladi. Chunki tuvak va sumak hayotiy zarur xizmatlarni bekamu ko`st bajarishadi.
Tayyor tagliklarning “karomati”
Sun`iy materiallardan ishlanayotgan turli markadagi maxsus tagliklar ham bugungi kunda tuvakning ham sumakning vazifasini bajaradi. Ichkari tomondan namlikni o`ziga shimib oladigan mato chaqaloqning badaniga yopishib turadi. “Taglik”ning ichidagi namlikni shimadigan kimyoviy ashyo kalsiy gidrofosfat shuningdek “taglik”ka shimdirilgan xushbo`y kimyoviy preparat ham bolaning badaniga shimiladi. Bunisi hali holva, eng katta zarar maxsus taglik kiydirilgan chaqaloq urug`doni tanaga yopishib harorati ko`tariladi va undagi erkaklik urug`i qizib, yaroqsiz holatga kelishiehtimoli kuchli. Natijada bu turli kasalliklar kelib chiqishiga, ayniqsa bepushtlik, naslsizlikka zamin hozirlanadi.
Bu fikrimizni tan olmaydiganlarga biz shunday iddao keltiramiz: tabobatimizda ham, zamon tib ilmi adabiyotlarida ham urug`dondagi harorat tana haroratidan doimo past bo`lishi yozilgan. Inson tanasi harorati 37 oS daraja bo`lsa, urug`don harorati 34 oS darajadan oshmas ekan. Tana harorati 40 oS dan ko`tarilganda ham urug`don harorati doimo bir xil 34 oSda turadi.
Millat kelajagiga tahdid
Ana endi maxsus taglikning chaqaloq tanasiga yopishib, tanani va ayniqsa urug`donni qizdirishi natijasida yillar davomida kelib chiqadigan og`ir oqibatlar haqida o`ylab ham ko`rmaymiz.
Maxsus taglikni ilk bor ingliz xonimlari qo`llashgan. Oradan juda ko`p yillar o`tgandan keyin, XX asrning ikkinchi yarmida Angliya va Fransiyaning mustamlaka mamlakatlarida “taglik”siz o`sgan avlodning Evropaga kirib kelganidan keyingina evropaliklar maxsus taglikning naqadar zararli matoh ekanligini anglab etishgan. Evropa medisinasi ana o`shandagina tanadan alohida joylashgan – erkaklarning urug`donini qizdirib bo`lmasligiga o`z e`tiborini qaratdi.
Buyuk bobokalonimiz – tabib Abu Ali Ibn Sinoning ming yil avval yozib qoldirgan “Erkaklik urug`donini qizdirish naslsizlikka olib keladi” degan gaplariga amal qilgan xalqimizning beshikda o`sgan bolalari uchun naslsizlik begona ekanligi haqida gapirmasa ham bo`ladi.
Muhammadjon Hamroev,
O`zbekiston xalq tabobati akademiyasi