AsosiySUG'DIYONA

​To`ydagi kimo`zar o`yini yoki sarpo mashmashasi

'​To`ydagi kimo`zar o`yini yoki sarpo mashmashasi'ning rasmi

Qiz uzatayotgan va kelin tushirayotgan onalar diqqatiga!

Ota-onalarning yarim umri bolalari uchun sarpo-curuq yig`ish, uy-joy qurish, moddiy-texnik boyliklar jamg`arish orzusi va tashvishi bilan o`tadi. Nima uchun shundayligini yigit-qizlar yaxshi fahmlasharmikan? Qizini birovdan kam qilmay uzatish, o`g`liga imorat solib berishni har bir ota-ona o`z burchi deb biladi. Bu burchni ado etish asnosida ular farzandini qiyinchiliklardan ehtiyotlaydi, og`irliklarni o`z bo`yniga oladi, atak-chechakni boshlagan yosh oila oyoqqa turib olishi uchun qo`lidan kelgan bor imkoniyatni ishga soladi. Faqat shu imkonlarini ikki yosh baxtiga omil bo`la olmaydigan narsalarga sarflab yuborishi ba`zan kishini o`ylantirib qo`yadi.

Hammasi o`zimizdan boshlanadi!

Bunday gaplarning ming turlisini eshitgansiz: «mebelini qaytarib yuboribdi», «pardasidan ko`ngli to`lmabdi», «qudalarim juda tog`oraparast, molparast chiqdi», «olib kelgan mantisining tagi tushib yotgan ekan», «norin bergan tog`oramga 2 ta non solib qaytaribdi», «qo`ygan materiali buvimning zamonidan qolgan»… Ha, to`y qilishga kelishilgan kundan boshlaboq shu kabi gap-co`zlar, o`y-fikrlar tomonlar aro «borib-kelaveradi». Oddiygina «oq o`rar» marosimida avval kuyov tomon kelinga bitta oq mato yoki oq ro`mol qo`yib, oqlik taqdim etgan bo`lsa, hozir bosh-oyoq sarpo (tilla taqinchoq, co`nggi urfdagi oq libos, oq tufli, oq sumka…) qo`yishni urfga kiritgan bo`lajak qaynonalar bozorlarni kezib chiqishadi. Kelinni ko`rmay turib, aytilgan o`lcham bo`yicha, yoqish-yoqmasligini ham bilmay, o`z didiga ko`ra kiyim-boshlarni palon pulga xarid qiladi. Kattani kichraytirish, kichigini sotuvchi bilan talashib almashtirib kelish kabi muammolarning o`zi ikki tomonni ham to`y oldidan qancha vaqt va harajat sarflashga majbur qiladi. Faqat shu muammoni eslaboq, miyamda bir fikr aylanaveradi: nega hammasini chalkashtirib, murakkablashtirib yuborganmiz o`zi? O`zimiz to`y oldi xarajatlaridan noliymiz-u, yana boshqalardan ortda qolmaslik uchun tirishaveramiz. Ba`zi qudalar «Har kim o`zi uchun sarpo qilsin», degan to`xtamga kelmoqchi ham bo`lishadi. Lekin yana «el-yurt a`moli» ustunlik qiladi, «bir sidra qilmasam bo`lmaydi» deb, har ikki tomon bir-biridan xijolat bo`lib, yana o`sha mantiqsizlikka qaytishadi. Sarpo bilan bog`liq an`analarni ham qulaylashtirish kerakmasmikan?

Mantiqsiz bordi-keldilar

Qudachilikning eng katta bordi-keldisi fotiha to`yida sinovdan o`tadi. Qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug`lar oldida uyalib qolmaslik vajidan har birining qiymati 100 ming so`mdan oshadigan tugun-tog`oralar zanjirini sho`rlik onalar bo`yinlariga osishadi. «Nechta ayol bilan keladigan bo`ldingiz?» deb qudasidan so`rab olgan qizning onasi vakillarning har biriga patnis tayyorlaydi. Mana shu patnisga qo`yiladigan mahsulotlarni ko`rib, umrida kulmagan va kuymagan erkak bo`lmasa kerak. Qarang-a, kelgan ayollar tog`orani bekorga ko`tarib kelishmaydi, o`zlari bilan bir kiyimlik qimmatbaho mato, biror idish-tovoq, qora choy, ko`k choy, qahva, oq qand, ba`zan quyiltirilgan sut (!), konfetlar, shokoladning donali, kilogrammli turlaridan (hammasini eslash uchun ancha vaqt kerak) solinib, chiroyli qilib bezatilgan (maxsus qog`oz ham yaxshigina xarajat) patnisni ko`tarib ketishadi. Samarqandlik dugonam esa bir fotihada quda xotinlarga zamonaviy soyabon, qo`l fonusi (bu nimaga kerak, bilolmadik), yana bir safar har bir vakil xotinga xorijiy liboslar qo`shib berishganini ko`ribdi. Ba`zilar «erkaklar boradigan bo`lsa, ancha kamxarjroq bo`ladi», degan fikrda erkak qudalarni fotihaga jo`natadi. Hatto shunday bo`lsa ham harajatlar va harakatlar kamaymaydi, har biriga to`n kiydirilib, qo`llariga katta paket tutqaziladi. Vakillar ziyofat eb, suhbat qurib turgan bir chog`da tovoqxonada tapir-tupir avjida: tog`oralar zudlik bilan bo`shatilib, yuvilib, quritilib, boshqa taomlar joylashtiriladi. Ziyofatni to`yib eb olgan vakillarga tog`oralarni yana to`ldirib qaytarib berishadi. Agar aqlimiz uyg`oq bo`lganida mana bunday o`ylarmidik: o`sha taomlar hammaning o`z uyida qolsa bo`lmasmikan? Ba`zan nega shunday odatlar yuzaga kelgan ekan deb etnografiya, madaniyatshunoslik, tarix kitoblarini titkilab chiqaman, kattalardan, buva-buvilarimizdan so`rayman, javob topolmay xunob bo`lasan kishi.

Talab va imkon to`qnashuvi

Aslida bizda hammaning niyati jiddiy va xolis: qisqartirilgan, ammo orzu-havasli to`y. Bu orzusi tushmagur chegara bilmaganidan keyin ayollarimiz nima qilishsin? Qaysi viloyatda faqat birgina xonani mebel bilan ta`minlash joiz bo`lsa, boshqa viloyatda kelinga beriladigan har ikki (ba`zan, uch) xonani to`la-to`kis bezatish talab etiladi. Har qanday holatda ham to`y qilish oson emas. Yana shunisi ham aniqki, har ikki tomon (kelin va kuyov) ham to`y qilib, moddiy jihatdan yutmaydi. Ko`pincha «qiz tomonga qiyin», deyishadi, yo`q, ham qiz uzatib, ham o`g`il uylantirgandan so`rab ko`ring, natija: ikki o`n besh — bir o`ttiz. Bitta mebelining o`zi palon pulligidan qiz tomon og`rinsa, nikoh to`yi harajatlariyu mashmashasi, qalin pulini aytib, kuyov tomondagilar ham chakana xarajat qilmasliklarini ta`kidlashadi.

Hamkasbim guvoh bo`lgan holat: «...Yon qo`shnimnikida «mol yoyar» marosimi bo`ldi. Qo`yarda-qo`ymay, «yuring, kelinimning narsalarini ko`rasiz», deb olib chiqib ketdi. Qo`shnim o`zida yo`q xursand bo`lib, «mana, qarang, ho`l latta bilan ham artib ko`rdim, kelinimning bu mebelining rangi chiqmas ekan» deb qolsa bo`ladimi! Odamlar shunchalik ham bir-birini kavlashtiradimi? O`zimning ham qizim bor, uzatishga qo`rqib qoldim».

Qaynonaga kelinining sepi yoqmasa bormi, ko`nglini qudalari yuboradigan keyingi sovg`a-salomlar ham ilitolmasligi mumkin. Chunki g`isht qolipdan ko`chgan: hamma ko`radigan, hamma gapiradigan payt boy berildi». «O`g`lim (qizim) bir marta kuyov (kelin) bo`ladi, qo`ygan sarposi shumi?» deb oshkora xafa bo`ladigan onalar yoshlarning ham ko`ngil uyini buzib qo`yishadi. Kiyim topiladigan narsa, ammo yoshlarning bir-biriga, kattalarning munosabatiga qo`ygan dastlabki ixlosini qayta tiklash esa juda mushkul. Shu o`rinda qaynonalar ham bir narsani to`g`ri tushunishga harakat qilsalar bo`lardi: siz qanday oiladan kelin qilayotganingizni yaxshi tushunib turibsiz, ularning imkoniyatlarini baholay olasiz. Shuning uchun ham u tomondan shunga yarashasini kuting, iloji bo`lsa hech nima kutmang. Shunda «ortig`i bo`lsa bosh ustiga» deysiz, kamiga esa asabingizni buzmaysiz.

Bir tanishimiz qiz uzatganida «pardasining o`zi bor yiqqan-terganimni ko`kka sovurdi», degandi. Quda xola 5 xonali uyining hammasiga «yangi parda osinglar, pardani ko`rganlar bu uyga yangi kelin tushibdi, desin» kabi gaplar bilan oshxonadan tortib, balkongacha parda ostiribdi. Mana shunday talab va takliflar bilan chiqqan qaynonalar to`y oldidan oilasidagi moliyaviy qiyinchiliklar, ma`naviy asabbuzarliklarni ko`rib, eshitib, qo`rqib, kelgan kelini bilan til topishishda ham qiynaladi.

Sarpo-suruq klassifikasiyasi

Ikki tomon kelishmovchiligiga sabab bo`ladigan sarpo nimalardan iboratligi haqida fikr yuritsak. Latta-putta, tog`ora-tugundan tortib, kelin va kuyov uchun 4 faslga mo`ljallangan boshdan-oyoq kiyim-kechak, idish-tovoq, ko`rpa-to`shak, gilam-palos, mebellar (yotoqxona, mehmonxona mebeli, divan-kreslo majmui, stol-ctul…), texnik jihozlarning (televizor, kir yuvish mashinasi, kompyuter, mikroto`lqinli pech, muzlatgich, changyutkich...) hammasi kelin bolaning sepi doirasiga kiradigan bo`lib qoldi. Albatta, har bir viloyatda sarpo-curuq masalasiga o`ziga xos yondashiladi. Shunday bo`lsa-da, hamma erda kelinning molidan kamchilik topish, yoki sepni dabdabali qilib, oshirib-toshirish kuzatiladi.

FOTO: mebellar, gilamlar, kiyim-kechaklar

Kerakmaslarni chegirib, keraklilarni olish mumkin-ku!

To`ylar bilan bog`liq qanchadan-qancha isrofgarchiliklarga yo`l qo`yamiz. Masalan, 4 ta tog`ora o`rniga o`rtacha changyutkich sotib olish mumkin. Bir donasi palon so`m turadigan atirlar, 2 ta to`yga kiyilgach, urfdan qoladigan ko`ylaklar o`rniga kir yuvish mashinasi, yillar davomida ishlatiladigan idish-tovoq, nikoh oqshomiga kiyiladigan million so`mli oq ko`ylakdan chegirib yoki 3 ta ashula aytib jo`nab qoladigan 5-6 nafar fonogrammachi sonini kamaytirib, tor ko`chamizga sig`maydigan uzundan-uzun mashinalardan voz kechib, o`rniga og`irimizni engil qiladigan narsalarga ham imkon topish mumkin. Agar to`yga reja va iqtisod loyihasi sifatida yondashilsa, to`yonalarning o`zidan ham xomashyolar olib, to`y boshlash va risoladagidek o`tkazish mumkin. Buning uchun faqat ikkala quda o`zlariga mos va xos kelishuvni yo`lga qo`yishlari kerak. Ammo afsuski, oramizda bir-biri bilan til topisha olmaydigan, qudasi tomonidan aytilgan to`g`ri gapni-da faqat yomon tarafga oladigan qudalar ham uchraydi.

Kelishuv cepni ko`ngildagidek, to`yni orzudagidek qiladi!

O`zim guvohi bo`lgan holat: bo`lajak qaynona qudasiga «qizingiz yaltir-yultir kiyimlarni ko`p tiktirib tashlamasin, o`qishga boradi, o`ziga kerakli narsa olsin. Mana, qizimning kiyimlari ham qanday bo`lsa shundayligicha turibdi. Men ishlaydigan odamman, ko`p mehmonma-mehmon yurolmayman, kiyilmasligi mumkin. Mehmonxonani ham o`tgan yili ta`mirdan chiqarib, yangi zamonaviy parda osganman. Pardaga pul ketkazmang» desa, qizning onasi «qizimga material qo`ymoqchimas, qizining eski-tuskisini tutqazmoqchi. Hozircha shunday deydi, parda osmasam, hamma qatori o`zi ham gap qiladi» deb, o`zini ham qiynagan, qudasining ham gap bilan dilini og`ritgandi.

Ha, ota-onalarimiz o`zlari bilganicha, qurblari etganicha taxtni qurib beradilar-u, ammo baxtni qurib bera oladigan darajada qudratli emas. Afsuski, ko`pchilik oilalarning baxtsizligi, o`zaro tushunmovchilik va nizolariga o`sha qurilgan taxtning katta-kichikligi, tilla-kumushligi, bezakli-kamtarligi, dabdabali-haminqadar ekanligi sabab bo`ladigan holatlar ham bo`ladi... Yana odamlar «sep hech narsa qilib bera olmaydi, agar kelin epli bo`lmasa», deyishadi. «Boylik bilan baxtni sotib olib bo`lmaydi» degan fikrga ham ming yillar avval isbot topib bo`lingan. Bu gaplarni hamma yoddan bilar ekan, shuncha g`alva nima uchun?

Aziza QURBONOVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar