“ Sizlarga bu smsni ming bir xijolat bo`lib jo`natayapman. Ikki haftadan keyin to`yim. Turmushga chiqayotgan yigitim yahshi inson, tushungan. Biroq mening ko`nglim o`zgada. U bilan uch yil avval ahd-paymon qilgandik. Ota-onam oilasi bizga mosmas, deya sovchilarini bir necha bor rad etishdi. Ular tanlagan yigit bilan qonuniy nikohdan ham o`tdim. Ko`ngil qo`yganimni esa unutolmayapman. Bu dard bilan oila qursam, baxtli bo`lmasligimni, to`ydan so`ng uni o`ylashim ham gunohligini bilaman... Lekin nima qilay, yuragimga buyruq berolmasam...”
Nasiba, Samarqand viloyati
Agar yurakka buyruq berib bo`lganida, er yuzidagi hech bir inson sevgi nashidasini totmasdi. Hammasi biz istagandek bo`lganida esa hayotning ham, eng muqaddas tuyg`ularning ham qadri yo`qolardi.
Anglaganingizdek, bugun «kundaligimiz»da muhabbati armonga aylangan qizlar bilan dardlashamiz.
To`y oldi stress
Turmushga chiqayotgan qizlarning deyarli barchasini «Shu inson bilan taqdirimni bog`lab, to`g`ri qilayapmanmi?» degan savol o`ylantirishi shubhasiz. Muhabbati armonga aylanganlarniku inchinun. Ikkilanishlarga nuqta qo`yish ham osonmas. Tushunamiz, sizni hozir «Nega bizning muhabbatimiz bunday yakun topti?» degan savol qiynayapti. To`g`ri, ota-onangizning talabi va tanlovini ro`kach qilib ko`rsatasiz. Ammo aslida hammasi o`z qo`llaringizda edi. Sevgan yigitingiz bilan oxirigacha kurashsangizlar, balkim taqdirlaringiz qo`shilarmidi? Endi esa taqdiringizni tan olishdan boshqa chorangiz yo`q. Peshanangizga yozilganini qabul qiling, chunki ming qiynalmang, ming urinmang, hukm o`qildi. Ba`zida bizga istaganlarimiz emas, qismat ravo ko`rganlari baxt keltiradi.
Baxtingizni cho`chitmang!
Sizda qo`rquv, hadikdan ham ko`ra ko`proq norozilik kuchli. Shu sabab baxtli bo`lishimga ko`zim etmayapti, deya o`zingizni jabrdiydaga aylantirayapsiz. Bu kayfiyat, fikr, albatta, boshingizga qo`nayotgan baxt qushlarini uchirib yuboradi. Hayolingizdan bunday fikrlarning hammasini chiqarib tashlashga harakat qiling. O`tmishga qarab, kelajak haqida fol ochmang. Yangi hayot ostonasidasiz — ezgu niyatlar bilan u tomonga qadam tashlang. Bo`lajak kuyovni yaxshi inson deya ta`rifladingiz, u o`zining fazilatlari bilan qalbingizni zabt etishiga ishoning. Vaholanki, sevgi qissangizning yor-yorga ulanishi baxtli yashashingizga 100 foiz kafolat berolmasdi. Ko`pchilik bahtli juftliklar ta`kidlaganidek, muhabbat mehnat talab etadi, sinovlarda toblanadi.
Sobiq yigitni qayg`urib...
Ko`pchilik qizlar ahdlashganiga emas, o`zgaga turmushga chiqayotganida yigitiga achinib, unga bevafolik qilayotgani uchun ota-onasini ayblashadi. Avvalo, ko`ngil qo`yganingiz yanada jur`atli bo`lganida, barmog`ingizga boshqasi nikoh uzugini taqishiga yo`l qo`yib bermasdi. Axir yigitlarning qizlardan ko`ra bu borada imkoniyatlari ko`proq va kengroq ekanligini bilamizku! Qolaversa, ota-ona dilbandiga hech zamon yomonlik tilamaydi. Ularni ham, o`zingizni ham ayblashdan to`htang. Shunda ko`nglingizdagi bu muhabbatning cho`g`lari asta-sekin o`chadi. Buning uchun his-tuyg`ularni jilovlash, irodali bo`lish lozim. Hadeb ayriliqqa uchraganingiz haqida o`ylayvermang, iloji boricha bu mavzuda boshqalar (masalan sevgingizdan xabardor dugonangiz bilan) gaplashmang, sobiq yigitingiz bilan vidolashish haqida har xil romantik rejalardan yiroq bo`ling. Unga ich-ichingizdan baxt tilang. Unutmang, qachonki yuragingiz eski tuyg`ulardan bo`shaydi, keyin unga yangisi tashrif buyuradi.
Kecha radioda xonanda Ulug`bek Rahmatullaevning «Qirmizi olma» taronasini eshitib qoldim. «To`ygacha sevgi bir orzu-havas, haqiqiy sevgi keyin bo`larkan», degan jumlalar bor naqoratida. Siz ham eshitgansiz, hoynahoy. Oppoq kelinlik libosini kiyish arafasida turgan qizlar, qalbingizni to`y sadolari ostida haqiqiy muhabbat asir etishini tilab qolamiz.
DUGONANGIZ