AsosiyShou-biznes

​ASAL ShODIEVA ILK GONORARI, UNI YIG`LATGAN FILM VA HAYoTIDAGI ENG AHMOQONA IShI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

'​ASAL ShODIEVA ILK GONORARI, UNI YIG`LATGAN FILM VA HAYoTIDAGI ENG AHMOQONA IShI HAQIDA(EKSKLYuZIV) 'ning rasmi

O`g`il bolalar bilan teppa-teng olishadigan, biror kim singlisini xafa qilgudek bo`lsa, boplab ta`zirini berib qo`yishni eplagan qizaloq 13 yoshida bolalar o`rtasida o`tkazilgan musiqa ko`rik tanlovida ishtirok etdi-yu, o`zgardi. Vazminlik paydo bo`ldi unda. 7 yoshida «Muhabbat sinovlari» filmida epizod rol ijro qilgan suhbatdoshimiz o`n to`rtga to`lgach, «Jannat qaydadir?» kartinasida suratga tushdi va kino olamining asirasiga aylandi. Shu-shu Asal ShODIEVA aktrisa! Salqin yoz oqshomida suhbatdoshim bilan dildan gurunglashdik.

– Bilishimcha, s`yomkadan qaytayapsiz?

– Ha, bugun kichik bir ko`rsatuvning tasvirga olish ishlari bilan band bo`ldim.

– Shohruxxon bilan birgalikda klipda suratga tushayapsiz, deb eshitdik? Narimon Sultonxo`jaev rejissyorlik qilayotgan ekan...

– Yo`q, bu klip emas. Yangi loyiha ham deb bo`lmaydi. Hozircha sir bo`la qolsin.

– Sizni “kamgap aktrisa” deyishadi. Nahot shu rost bo`lsa?

– (kulib) Chindanam kamgapman. Intervyularda biroz qiynalaman. Qarshimda kamera turganini ko`rsam, hayajonim yanada ortadi.

– Haligacha hammi?

– Ha…

– Qiziq, u holda ekrandagi shaddod Asal kim bo`ldi?

– Suratga olish maydonchasida shu qadar erkinmanki, go`yo qanot yozib uchaman. Hech kimdan uyalmayman, berilgan rolni bemalol ijro qilolaman. Ammo katta davralarga tushib qolsam, teleko`rsatuvlar yoki suhbatlarga chaqirishsa, hayajonlana boshlayman. Menga berilgan savolga o`ylab, fikrlab, kimnidir ranjitib qo`ymaydigan tarzda javob berishim ancha vaqtni talab qiladi. Men bilan bo`ladigan intervyular zerikarli, nazarimda. Shu taraflarini o`ylab, ko`pincha suhbatlarni rad etaman.

– Gap bu yoqda deng?

– Ha!

– Yosh xonanda va aktyor Jahongir To`lqunov bilan partnyorlikda «Qaysar oshiqlar» filmida suratga tushdingiz. Ko`nglingiz to`ldimi?

– Mening bir odatim bor, qahramonimning dialoglarini o`zimga moslab o`zgartiraman. «Qaysar oshiqlar»da ham rolimdan kelib chiqib, shunday qildim. Bu filmni yanada boyitdi, fikrimcha. Partnyorim — Jahongir To`lqunov debyutant aktyor. O`z fikr-mulohazalarim bilan o`rtoqlashib, kartinaning yanada mazmunli chiqishiga hissa qo`sha oldim, deb o`ylayman.

– Ssenariy g`oyasida biror yangilikni ko`rmadim?

– ...bu masalada film rejissyorlariga murojaat qilganingiz ma`qul. Rolim menga ma`qul keldi, ssenariy ham chakki emasdi, chamamda.

– Men sayoz deyotganim yo`q, shunchaki real hayotdan salgina uzoqroq?

– Rostini aytsam, o`lim mavzusi ko`tarilgan filmlarni unchalik yoqtirmayman. Lekin aksariyat kartinalarda aynan shu holatga urg`u berishadi. «Qaysar oshiqlar» aktyor Sherzod Binning birinchi rejissyorlik ishi. Yosh ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash kerak-ku axir, keling, kartinadagi xato va kamchiliklarni kechira qolaylik.

– Yaxshi. Filmga taklif qilishganida aynan qaysi holatlarni hisobga olasiz?

– Birinchi o`rinda film ssenariysi va undagi g`oya bilan tanishaman. Albatta, ijodiy jamoa ham muhim. Bilasizmi, ba`zan taniqli rejissyorlar suratga olgan kartinalar kutilgan natijani bermaydi. Aksincha debyutant ijodkorlar tomonidan ishlanganlari kutilmaganda ommalashadi. Menimcha, asarning omadli chiqishi ko`proq ijodiy guruh ishiga bog`liq.

– Seriallarda ham suratga tushayapsiz?..

– Hozircha faqat bitta serialda ishtirok etdim: «Saodat».

– Mazkur serialda jurnalist qiz obrazini gavdalantirgansiz. «Majnun»da ham ommaviy axborot vositalari xodimi rolida ko`rdik sizni. Ehtimol televidenie sohasida sinab ko`rarsiz o`zingizni?

– (kulib) Yo`-o`-q, mendan jurnalist chiqmaydi. Suhbatdoshimning ishonchiga kirib, so`ng undagi yashirin qobiliyat bo`ladimi yoki dardimi, uni ochib bera olishim... yo`q, qiynalib ketsam kerak. Ayrim jurnalistlar gap bilan ayamay «savalashadi», men bunday qilolmayman. Menga ko`proq «Majnun»dagi vijdon amriga bo`ysunadigan jurnalist yaqinroq. U bir paytlari afsonaviy futbolchi deya nom taratgan sportchining ichki olamiga kira oldi, ammo unga inson sifatida yondashdi. Shov-shuv ob`ektidek emas. Qolaversa, biz san`atkorlar juda ta`sirchanmiz, kezi kelganida qattiqroq so`zlash talab qilinsa, uddalay olmasligimiz aniq. Shunga ham televidenie sohasini xayol qilmayman.

– Dilozorlikdan juda qo`rqar ekansiz, to`g`ri topdimmi?

– Ha! Kimnidir ranjitsangiz, diliga ozor bersangiz, erta bir kun bu ishingiz o`zingizga qaytadi. Agar sizni chetlab o`tsa, yaqinlaringiz, farzandlaringiz jabr ko`rishlari mumkin. Hech bir narsa javobsiz qolmaydi. «Bumerang» qonuni bu!


– Sizni ranjitsalar-chi, kechirishingiz osonmi?

– Bugun muhim tuyulgan voqealar ertaga dolzarbligini yo`qotishi mumkin. Kimdandir xafa bo`lasiz, kayfiyatingiz buziladi, ammo vaqt o`tishi bilan tushunasizki, bu siz uchun u qadar ahamiyatli emas. Hayot davom etadi!

– Muxlislaringiz to`ydan so`ng ijodiy tanaffus qilganingizni aytishayapti?..

– Bu tabiiy hol. Ayollar meni yaxshi tushunishadi, kelin bo`lib tushgan xonadoningizga ko`nikish, shu barobarida o`zingizni yo`qotib qo`ymaslik oson emas. To`yimiz bo`lganiga bir yil bo`lib qoldi, kelinlik vazifalariga moslashib, mana endi, yana kinoga qaytayapman.

– Qaynonangiz Zebo Navro`zovani rejissyor sifatida yaxshi bilamiz. Yaqinda serial suratga oldilar-a?

– Sitkom edi.

– Siz ham ishtirok etdingizmi sitkomda?

– Turmush o`rtog`im bilan qatnashishimiz kerak edi, asli, ammo o`sha paytlari vaqt salgina muammo bo`lib, s`yomkaga ulgura olmadik. Nasib qilsa, keyingilarida qatnashamiz.

– Yaqinda bo`lib o`tgan «Barkamol avlod» festivalida qo`shiq kuylab chiqdingiz. Xonandalikka qaytayapsizmi?

– Hozircha bu haqida o`ylamayapman. Bor diqqat-e`tiborim kinoga qaratilgan. Agar har ikkisini baravar olib boraman desam, uddalay olmasligim mumkin. Bir tarafda oilamga ham vaqt ajratishim kerak.

– Kinoaktyor-aktrisalarining ayrimlari bugun teatrda ijod qilishayapti. Sizga ham taklif bo`ldimi?

– To`y arafasida aytishgandi, teatrga kelib ko`ring deb, ammo u paytlari tayyorgarlik ishlari bilan bandligim, qolaversa, keyinchalik barchasini baravar olib borishga qiynalishim mumkinligini o`ylab rad etdim. Balki kelgusida teatrda ijod qilarman.

– Asal, teatr sahnasida ko`ra oladimi o`zini?

– Ha! Men rol ajratmayman, ijobiy qahramonlar qatorida, salbiylari, masalan, yalmog`iz kampirni berishsa ham ijro qilaveraman. «O`tkan kunlar» spektaklida Zaynabni o`ynayotganimni tasavvur qilaman ko`pincha. Bu qahramonning ichki kechinmalarini ifodalash mushkul. Alamzadalik, nafrat, norozilik, yoshgina qiz boshiga tushgan tashvishlar, albatta, uni esankiratib qo`yadi va u bilmay xatoga qo`l uradi. Lekin uni tushunish kerak, baribir. «Anna Karenina»da ham shunday, u o`z-o`zi bilan kurashadi.

– Bir qancha rejissyorlar bilan ishladingiz, sanab berolasizmi qay biridan nimani o`rganganingizni?

– Operator Rustam Murodov suratga olingan lavhani tomosha qilish kerak emasligini o`rgatdi. Ko`pincha «Ko`rsam maylimi» derdim-da, keyin albatta, biror nimasi ma`qul kelmasdi. Mirmaqsud Oxunov «Tasavvur qil, hozir mana bu holatdasan, uni his qil», deb tushuntirardi. Jahongir Ahmedov nigohlarimni erga qaratmasligim kerakligini uqtirgan. Aytishicha, ko`zlarimni kameradan olib qochar ekanman. Ravil Batirovdan esa yaxshi filmlar tomosha qilishni o`rgatgani, menda kinomatografiyaga mehr uyg`ota olgani uchun minnatdorman. Kimdandir tartibni o`rgandim, kimdir hissiyotlar bilan ishlashni anglatdi. Umuman, har doim o`zim uchun nimadir olishga harakat qilaman.

– Jahonga mashhur rejissyorlar orasida bormi siz ishlashni istaganlaringiz?

– Vinsant Kassel, Martiz Korsez filmlariga havas qilaman. Bizning o`zbek filmlarimiz Kann xalqaro kino festivalida qatnashsa, deyman.

– Biz ham siz uchun niyat qilib qolamiz, keyingi uchrashuvimiz xorijlik rejissyorlar taklifi asosida suratga olinayotgan film bahonasida bo`lib o`tsin!

– Aytganingiz kelsin!


Blis:

– Eng ahmoqona ishingiz?

– (kulib) Bunaqa holatlar ko`p bo`ladi, biror nima qilaman-da, keyin nega shunday qildim-a, deb qolaman.

– Eng birinchi gonoraringizni nimaga sarflagansiz?

– «Jannat qaydadir» filmidagi ishtirokim uchun 400 000 so`m gonorar berishgan va men uni onamga topshirganman.

– Eng sodiq muxlisangiz u kim?

– Rostini aytsam, bundayini uchratganim yo`q hali.

– Intervyumizdan so`ng muxlisangizning o`zi sizni izlab topib, mana men borman deydi, ko`rasiz.

– Balkim.

– Irimchimisiz?

– Salgina.

– Sizni yig`latgan film?

– Shohruxxon ishtirokidagi «Fanat» filmi bo`ldi. Turmush o`rtog`im bilan kartina oxirini tomosha qilib, g`alati holatga tushib qoldik. Juda ta`sirli.

– Tasavvur qiling, sehrli ruchkangiz bor, ammo uning yordamida faqat bitta so`zni yoza olasiz?..

– Hayot! Oilam, onajonim, yaqinlarim, ijodim — barchasi jam bo`lgan so`z bu!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar