AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTONDA NODAVLAT NOTARIUSLAR FAOLIYaTI YO`LGA QO`YILADI

'​O`ZBEKISTONDA NODAVLAT NOTARIUSLAR FAOLIYaTI YO`LGA QO`YILADI'ning rasmi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan joriy yilning 12-17 iyun kunlari keng jamoatchilik o`rtasida ijtimoiy so`rov o`tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 1 ming 104 fuqaro ishtirok etdi, deb xabar beradi O`zA.

Poytaxtimizda mazkur jamoatchilik fikri so`rovi yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari, notariuslar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Jamoatchilik so`rovi aholi o`rtasida notarial xizmatlarga bo`lgan talab yuqori ekanini ko`rsatdi. So`rov ishtirokchilarining har uchinchisi so`nggi bir oyda notariuslarga murojaat qilgani, har to`rtinchi respondent oxirgi uch oyda mazkur turdagi davlat xizmatidan foydalangani shundan dalolat bermoqda.

So`rovda ishtirok etganlar notarial idoralardagi ortiqcha vaqt va mablag` yo`qotishlar, xodimlar sonining kamligi, notariuslarning muomala madaniyati va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish malakasi pastligini tizimdagi asosiy muammolar sifatida ko`rsatgan.

Tahlillar aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ishlarni takomillashtirish zarurligini ko`rsatmoqda. Bugungi kunda notarial idoralar axborot burchaklarida ko`rsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan davlat bojlari miqdori aniq ko`rsatilganiga qaramay, so`rovda fuqarolarning uchtadan bittasi notarial idoralar tomonidan xizmat ko`rsatish tartib-taomillarini, notarial xizmatlar uchun olinadigan davlat boji miqdorlarini bilmasligi ma`lum bo`lgan.

Anjumanda notariuslar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida ma`lumot berildi. Jumladan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat notariuslar faoliyatini yo`lga qo`yish ko`zda tutilmoqda. Amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning qariyb yarmi turli hujjatlarni tasdiqlash bilan bog`liqligi inobatga olinib, majburiy tasdiqdan o`tkazilishi lozim bo`lgan hujjatlar sonini qisqartirish bo`yicha ish olib borilmoqda.

Sohaga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy qilish yuridik xizmatlar sifati va tezligini oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bu borada birgina ko`chmas mulk bilan bog`liq amaliyotlarni amalga oshirish chog`ida taqiqlarni tekshirish bo`yicha elektron bazaning shakllantirilgani fuqarolarga, tadbirkorlik sub`ektlariga, qolaversa, notariuslar uchun ham qulaylik yaratmoqda.

Fuqarolarning notariuslar qabuliga elektron tartibda yozilishini yo`lga qo`yish ustida ish olib borilmoqda. Tizim ishga tushishi natijasida murojaat etuvchilarning notarial idoralar oldida navbat kutishiga barham beriladi.

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tizimdagi nopok xodimlarni aniqlash bo`yicha ham izchil chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida o`tkazilgan reydlar natijasida 67 xodimga turli huquqiy ta`sir choralari qo`llanilgan. Jumladan, notarial idoralarning 5 xodimi ishdan bo`shatilgan, 27 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.

    Boshqa yangiliklar