​“IKKI YIL IShLADIM, DIPLOMIMNI OLIShIM MUMKINMI?”

Savol-javob 21.07.2017, 16:33
​“IKKI YIL IShLADIM, DIPLOMIMNI OLIShIM MUMKINMI?”

2011-2015 yillarda Nukus Davlat pedagogika institutida grand asosida tahsil olganman. O`qishni tugatib, Beruniy tumanidagi 45-sonli maktabga boshlang`ich sinfga o`qituvchi bo`lib ishga qabul qilindim. Ish stajimga 2 yil to`ldi. Shu yilning yoz oyida qozog`istonlik yigitga turmushga chiqib, Qozog`istonga ketmoqchi edim. Grand asosida o`qiganim uchun menga diplomimni 3 yil ishlaganimdan keyin berishlarini aytishyapti. Men 2 yil ishlaganim uchun diplomimni olsam bo`ladimi? Avval kollej diplomi bilan ham to`rt yil maktabda ishlaganman, bu hisobga kirmaydimi?

Gulxan Raxmonova, Qoraqolpog`iston Respublikasi, Beruniy tumani 45-maktabning boshlang`inch sinf o`qituvchisi.

B.Rajabov, Kadrlar tayyorlash va oliy ta`lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta`minlash bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari:

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005 yil 8 iyuldagi 58-son, 154-1-son, 19-son, 02/2658-sonli qarorlari bilan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to`g`risida Nizom” tasdiqlangan. Nizom O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2005 yil 6 avgustda 1506-son bilan ro`yxatdan o`tkazilib, 2005 yil 16 avgustdan kuchga kirgan.

Mazkur Nizomga muvofiq oliy ta`lim muassasalarini davlat granti asosida bitirganlar ta`lim muassasasi, korxona yoki tashkilotlarga kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi va yo`llanadi.

Bitiruvchi mazkur Nizom talablari asosida taqsimot bo`yicha uch yil ishlab bergandan keyin unga oliy ta`lim muassasasi tomonidan bir hafta muddatda mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi beriladi.

Bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo`lgan yillarga quyidagi muddatlar ham kiradi:

  • ta`lim muassasasi, korxona yoki tashkilotda turli lavozimlarda ishlagan muddat;
  • ta`lim muassasasi, korxona yoki tashkilot mansub bo`lgan tizimdagi (vazirlik, idora yoki boshqa xo`jalik boshqaruvi organi) boshqa ta`lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda ish beruvchining roziligiga ko`ra ishlagan muddat;
  • mehnat ta`tilida, shu jumladan ijtimoiy ta`tillarda bo`lgan muddat;
  • muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi harbiy xizmat o`talgan muddat.

Fuqaro G.Raxmanovaning masalasi Xalq ta`limi vazirligida ko`rib chiqilishi lozim. Buning uchun G.Raxmanova Nukus davlat pedagogika institutining Marketing bo`limiga murojaat etib, tegishli hujjatlarini taqdim etishlari lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1