Issiq kunlarda sochlarimiz ayniqsa yog`lanib qolayotgandek tuyulaveradi. Qishda bu kamchilikni yashirish imkoni bo`lsa, hozir noiloj har kuni yuvishga to`g`ri keladi. Lekin bundan ahvol yana ham yomonlashaveradi. Bosh terisi tez yog`lanishining oldini olish uchun nima qilish kerak? O`zi soch nima sababdan yog`lanadi? Bu haqda to`liq ma`lumotni shifokor-trixolog Sherzod MAHMUDOVdan olamiz.
Nega yog`lanadi?
Bosh terisi ostida yog` bezlari borligini va ular terini tashqi omillardan himoyalash maqsadida ma`lum miqdorda yog` ishlab chiqarishini bilasiz. Mana shu bezlar faoliyati buzilganida esa sochning yog`lanishi muammoga aylanadi. Aslida noxushlikning sabablari bisyor, shulardan keng tarqalganlarini sanab o`tamiz:
- ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar;
- gormonal o`zgarishlar;
- nosog`lom turmush tarzi;
- qahva, shokolad va yog`li taomlarni suiiste`mol qilish ham yog` bezlari faoliyatining buzilishiga olib keladi.
- Ko`p miqdorda ishlab chiqarilgan yog` esa sochning o`sish yo`liga tiqilib qoladi. O`sishga qiynalgan tolalar esa kuchsizlanib, to`kila boshlaydi.
Yuvganda ko`p to`kilayaptimi?
Ko`pgina ayollarimiz boshni yuvish chog`ida juda ko`p miqdorda soch to`kilishidan shikoyat qilishadi. Vahima qilishga hojat yo`q. Aslida tolalarning katta qismi bir necha kun davomida to`kilgan bo`lib, shunchaki yog`ga yopishib qoladi. Shuning uchun boshni tozalaganingizda tushgan tolalar ko`zingizga ko`pdek ko`rinadi. Bunda shampun yoki boshqa parvarish vositalarining aybi yo`q. Biroq to`kilgan sochlaringiz orasida endigina rivojlana boshlagan yoki kalta tolalarning ko`pligini sezsangiz, mutaxassisga murojaat qilish uchun asosingiz etarli hisoblanadi.
Chorasi bormi?
Birinchi navbatda parvarish vositalarini to`g`ri tanlash lozim. Bundan tashqari, haftada bir bora bosh terisini skrab yordamida tozalash talab etiladi. Buning uchun do`konga borib, maxsus vosita xarid qilishingiz shart emas. Har bir xonadonda topiladigan mayda tuzdan bir osh qoshiq olasiz-da, shuncha miqdordagi soch uchun niqob yoki balzamga aralashtirib, nam bosh terisiga surtasiz. Yaxshilab ishqalaganingizdan keyin iliq suv bilan chayib tashlaysiz. Oxirida boshni shampun bilan yuvsangiz ham bo`ldi.
Kamroq yuving
Bosh terisining tez yog`lanishidan aziyat chekayotgan kishilarga sochni imkon qadar kamroq yuvish tavsiya etiladi. Masalan, haftada ikki marta. Shunda organizmingiz yog` ishlab chiqarilishini me`yorda ushlashga o`rganadi. Lekin zamonaviy ayol uchun yog`li soch bilan tashqariga chiqish uyat hisoblanadi. Tashvishlanmang, bunda sizga tabiiy xina va basma yordam beradi. Yoki quruq shampun xarid qilsangiz ham bo`ladi.
Aytgancha, balzam va shampunlar tarkibidagi silikon moddasi atrofdagi chang va havodagi moddalarni o`ziga singdirib olib, sochning tez yog`lanishiga sabab bo`lishini ham inobatga oling. Shuning uchun imkon qadar qadog`ida «silikonsiz» degan yozuvi bor vositalarni tanlang. Ayniqsa dorixonalardan xarid qilinadigan vositalardan foydalangan maqsadga muvofiq. Faqat o`zboshimchalik bilan emas, mutaxassis tavsiyasiga ko`ra!
Qazg`oq joningizga tegdimi?
Qazg`oqdan xalos bo`lish uchun foydalanadigan shampuningizga ikki foizli sulsena surtmasidan qo`shsangiz bo`ladi. Xoh yog`li, xoh quruq terida qazqoq paydo bo`lishi ko`pincha rux moddasining etishmayotganini bildiradi. Shuning uchun dengiz mahsulotlari va yong`oqlardan imkon qadar ko`proq iste`mol qiling.
Xalq tabobatidan
Qizilpoycha yoki eman daraxti po`stidan tayyorlangan iliq damlama bilan boshni chayish yog` muammosini bartaraf etishga ko`maklashadi.
Salondagi muolajalar-chi?
Go`zallik salonlarida boshdagi yog` bezlari faoliyatini normallashtirish uchun vitaminli ukollar (mezoterapiya), piling va ozonoterapiya muolajalari taklif etiladi. Mazkur usullarni muammoning darajasiga qarab 5-8 marta amalga oshirish mumkin.
MAFTUNA tayyorladi.