AsosiySUG'DIYONA

​YaNGI KELINLARGA 10 MASLAHAT

'​YaNGI KELINLARGA 10 MASLAHAT'ning rasmi

Yangi kelinning qo`rquvlari ko`p: «Xato qilib qo`ymasmikanman? Eplab keta olarmikanman?Meni tushunisharmikan?» va hokazo. Lekin ko`p narsa kelinlarimizning o`ziga bog`liq. Quyidagi maslahatlar ana shu o`zingizga bog`liq jihatlarni ko`rsatish maqsadida keltirilmoqda.

Tilingizni shirin qiling

Bu har qanday kelinning oltin qoidasi. Chunki tilimizning bir tomiri suhbatdoshimizning yuragiga bog`liq bo`ladi. Til orqali bizning dilimiz, kafiyatimiz, yashirin hislarimiz yuzaga chiqadi. Yaxshi gap esa hech kimga ziyon keltirmagan. Shirintil kelin nima degani? Tili shirin kelin bu faqat yaxshi so`zlarni gapiradigan kelin emas. Balki shu yaxshi so`zlarni ochiq chehra bilan gapiradigan kelin. Yangi ro`zg`or, hali atrofdagilar bilan yaqin emassiz, ularning fe`lini, odatlarini bilmaysiz. Lekin chehrangiz ochiq va tilingiz shirin bo`lsa, oiladagilar sizdan yaxshilik kuta boshlaydilar. Tabassum insonlarni bir-biriga ilitadigan vosita. «Xo`p bo`ladi» va «Kechiring» siz uchun odatiy so`zlarga aylansiz. Albatta, har ikki gapning birida shu so`zlarni qaytaravering demaymiz. Har so`zning o`z o`rni bor. Lekin o`rnini topib aytilgan so`z ko`p muammolarni hal qiladi. Shirin so`z kelinlar uchun sehrli tayoqchadir. Biron ishingiz eringiz yoki qaynonangiz ko`ngliga o`tirmasa, tabassum bilan muloyim gapirib ularning ko`nglini eritishingiz mumkin.

Chegarangizni biling va unga yaqinlashmang

Chegara – bu siz etib borishingiz mumkin bo`lgan chiziq, had, undan narisiga o`tish mumkin emas. Lekin yangi kelinlar ana shu chegaraning o`zida yoki unga juda yaqin yurishlari ham ma`qul emas. Masalan, sizga shim kiyishga ruxsat berishdi, ammo «shortik» kiyishga ruxsat yo`q. Lekin siz «shortik» kiymasam bo`ldi ekan-da deb, o`qishga yoki ishga tor jinsi shimda ketishingiz to`g`ri bo`lmaydi. Avvalo, klassik uslubdagi shimli kostyumlar kiyish yoki torroq shimlarni uzun tunikalar bilan uyg`unlashtirish tavsiya etiladi. Bu bir misol, har bir oilada bunday chegaralar o`ziga xos bo`ladi. Ayrim onalarimiz, yangalarimiz «Avval boshdanoq o`z hududingni belgilab ol, boshidan o`z erkingni berib qo`yma» deb o`rgatishadi. Lekin biz bunday inqilobiy taktikani yoqlamaymiz. Birovning uyiga o`z qoidalari bilan kirib borib hech kim baraka topgan emas. Hudud ham, haq ham asta-asta, vaziyatga qarab, ma`lum narsani qurbon qilish evaziga olinadi. «Men moshxo`rdaga sabzi solaman, endi shunday moshxo`rda ichasizlar» deb bo`larmidi? Deganingiz bilan, nega siz emas, ular, ya`ni ko`pchilik, odatlarini o`zgartirishi kerak. «Ayollik» «ayyorlik»ka yaqin so`z, yaxshi ma`noda ayyorlik qilish, ya`ni egiluvchanroq bo`lish kerak. Siz odatlangan narsalarga bu uyda ruxsat yo`qmi, demak yo u odatingizdan vaqtincha (balki butunlay) voz kechasiz, yo sizni shu odatingiz bilan ham qabul qilishadigan darajaga ko`tarilasiz, ya`ni shu qadar qadrli va sevimli bo`lishni eplaysiz.

Me`yorni unutmang

Ha, har narsada – erkalikda ham, tabassumda ham, hatto sevgini namoyon etishda ham me`yor kerak. Haddan ortiq kamgap bo`lsangiz, oiladagilar bilan munosabat rishtalaringiz bog`lanishi uzoq kechadi, haddan tashqari sergaplik bilan hammani o`zingizdan to`ydirasiz. O`qishdan (ishdan) vaqtida qayting, erta qaytsangiz, nega erta kelganingiz, kech qolsangiz, nima sababdan ushlanib qolayotganingizni ma`lum qilib qo`ying. Lekin «Oilam birinchi o`rinda» deb o`qishni tashlab yuborish yoki «Ishim muhimroq» deb ishxonada qosh qorayguncha qolib ketish yaxshi emas. Ish ham, oila ham o`z o`rnida, me`yorida bo`lishi kerak.

Yaxshi gumonda bo`ling

Qizlarimiz turmushga chiqqunlaricha balki o`z uylarida, balki tanishlari, dugonalari hayotida oilaviy turmush, er-xotin, qaynona-kelin orasidagi munosabatlarni ko`rganlar va ma`lum xulosalarga egalar. Lekin bu xulosalaringiz sizning butun ongingizni egallab, noto`g`ri amallar qilishingizga sabab bo`lmasin. Hech qachon kelinlar yuz foiz haq bo`lmaganlaridek, qaynonalar ham yuz foiz nohaq chiqmaydilar. Keyin opangizning qaynonasi – bu opangizning qaynonasi, sizniki tamoman boshqa odam. «Shu ayol meni tanlab o`g`liga olib berdi (yoki o`g`lining tanloviga ko`ndi), oilasiga olib kirdi, u ham men kabi oilasining tinchini istaydi, menga qattiqqo`llik qilsa-da mehr ham ko`rsatadi» deb o`ylang. Ya`ni qaynonangizga, eringizga va boshqa oila a`zolaringizga ishoning, ularga mehr qarz bering. Siz boshlang mehrni, oqibatni.

«Birinchi xato» imkoniyatidan foydalaning

Ha, har qanday holatda ham birinchi xato kechiriladi. Kelinlarimiz ko`pincha uxlab qolishdan, qilgan ovqati o`xshamasligidan, yuvgan kiri qaynonasiga yoqmasligidan, xullas, shunday maishiy holatlardan qo`rqadilar. Bu esa aks ta`sir ko`rsatadi, qo`rqqanlaridan chindan ham xato qilib qo`yadilar. Ovqat qilyapsiz, “Sho`r qilib qo`ysam a, o`xshamasa-ya” degan xavotirlar miyangizga kelishi bilan darrov shu gapni eslang: «Bir marta sho`r ovqat qilsam, kechirishadi, muhimi, qo`rqib, hayajonlanib ovqatni buzib qo`ymasam bo`ldi». Ha, har ishda xotirjamlik va o`zingizga ishonch kerak. Shu sababli birinchi xatodan qo`rqmang. Lekin unutmang, xato birinchi marta qilinsa kechiriladi, takrorlanaversa, muammoga aylanadi. Ya`ni, masalan, har kuni peshingacha uxlash xato emas, odatdir.

Shoshmang, ammo ulguring

Shoshish – bu hovliqishdir. Hovliqqan odamning bilgan narsasi ham esdan chiqadi, ikir-chikirlarga e`tibor bermaydi, vaholanki, ular muhim ikir-chikirlar bo`lishi mumkin, xullas, ishi o`xshamaydi. Lekin chaqqon, tezkor bo`lish kelinlar uchun juda muhim. Ovqati tez pishmasa, hovlini 2 soat supursa, 5 daqiqalik yo`lni 25 daqiqada bosib o`tsa, hech qachon qilgan ishi yuzaga chiqmaydi. Chunki natijani uzoq kutgan oila a`zolari buni unutishmaydi va kechirishmaydi. Demak, uddaburon bo`lish kerak. Bo`sh qoldingizmi, chuchvara tuging, do`lma o`rang, lag`mon cho`zing, somsaga xamir qiling va muzxonaga tiqib qo`ying. Tezpishar mazali taomlardan ham alohida resept daftaringiz bo`lsin. Mayda qadam bilan tez-tez yuring, ko`chada tanishlarga salom berib o`tish kifoya, bir soat gaplashib turish shart emas. Axir, qo`shnilar bekorga siz bilan gap sotishmaydi, ularga ma`lumot kerak, o`zingiz, oilaviy sirlaringiz haqida. Nima qilasiz gap ko`paytirib. Hovliga gulu rayhonlar ekib qo`ysangiz, ham supuradigan joyingiz kamayadi, ham odamning bahri dili ochiladi. Xullas, vaqtni to`g`ri taqsimlash, qilinadigan ishlarni rejalab olish kerak. Ana shu chaqqonlikdir.

Uyingizga gap tashimang

Buni ortiqcha izohlab o`tirish shart emas. Yangi kelinsiz, siz shu uyning ichidagi gaplarni shu uyning ichida, ma`lum bir vaziyat va sharoitda ko`ryapsiz, boshdan kechiryapsiz. Uyingizga olib borganingizda esa tafsilotni sharoitdan ajratib olib, ya`ni bo`rttiribroq aytasiz. «Kecha qaynonamdan ishdan kech kelganim uchun gap eshitdim» deb onangizga chaqsangiz, u sho`rlik «Nima bo`pti bir marta kech qolsa» deb o`ylaydi, siqiladi. Vaholanki, qaynonangiz birinchi, ikkinchi, hatto beshinchi marta kech qolganingizda indamagan, endi tanbeh bergan bo`lishi mumkin. Siz bularni aytmaysiz-da. Keyin uyingizga qaytib qaynonangizdan bir shirin so`z eshitasiz-u, boyagi-boyagidek yashab ketaverasiz. Onangiz sho`rlikning esa tashvishi ortadi. Uni ayang.

Telefonda kamroq gaplashing

Hozirgi kunda oilalardagi nizolarning sabablaridan biri shu aloqa vositasi – telefon va internetdir. Siz to`g`ri ma`noda faqat do`stlaringiz va dugonalaringiz bilan gaplashsangiz ham, bu muammo tug`diradi. Chunki, birinchidan, oilangiz, yangi vazifalaringizdan chalg`iysiz. Qaynonangiz ko`ziga xuddi oila sirlarini aytayotgandek ko`rinasiz. Gaplashib ham ishimni bajaraveraman-ku, demang. Oilangizga faqat sizning qilgan ishingiz emas, o`zingiz ham keraksiz. Butun borlig`ingizni ularga bag`ishlaganingiz, do`stlaringiz, dugonalaringiz esa ulardan muhimroq emasligini ko`rsating. Uyga kelgach telefoningizning ovozini o`chirib qo`ying.

Ichingizda alam yig`mang

Sizga nisbatan nohaqlik qilsalar, noto`g`ri tushunsalar, xafa bo`lishingiz tayin. Bunga haqqingiz ham bor. Ammo xafalik shunday narsaki, ko`ngilga cho`ksa, boshqa xafaliklarni o`ziga chorlaydi, ko`payadi va ulkan alamga aylanadi. Siz yo unutib yuboring, yoki yo`lini qilib, buni muloyim ohangda ayting. Kim ko`nglingizni ranjitgan bo`lsa, gaplaringizni o`sha kishiga ayting. Hech qachon qaynonangizni eringizga, eringizni qaynonangizga yomonlamang. «Oyijon, kechagi ish uchun uzr, lekin aslida mana bundoq qilmoqchi edim, siz noto`g`ri tushundingiz» desangiz keyingi safar qaynonangiz ham sizga tanbeh berishdan avval sabablar bilan qiziqadi. «Qaynonam sababini surishtirmay urishaveradi» deya ko`ngilni cho`ktirib, o`ylab, siqilib yurgandan shu yaxshiroq emasmi?

Seving

Nafaqat eringizni, uning yaqinlariga mehr bering. Shunda ularni tushunnishingiz, yangi xonadonga ko`nikishingiz, oila a`zolaringizning ayrim sizga xush kelmagan jihatlariga ko`z yumishingiz oson kechadi. Yaxshi ko`rsangiz, ular ham javoban yaxshi ko`rishadi. Sevimli bo`lish kimga ham yoqmaydi deysiz?

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

    Boshqa yangiliklar