Shunday aktyorlar borki, ularni ekranda ko`p ko`rmasak-da, ijro etgan rollari bilan yodimizda saqlanib qolishadi. Baxtiyor G`afurov. O`zbek tomoshabinlari uni ko`proq Boris G`afurov sifatida tanishadi. Spektakl, kino, klip va reklama roliklaridagi chiqishi bilan e`tiborimizni tortgan ijodkor bilan bugun uchrashdik. Suhbat davomida hayoti, ijodi va albatta bugungi o`zbek san`atiga bo`lgan munosabatini bilishga harakat qildik...
— Ijodkor insonlarni ta`sirlantirish yoki ko`nglini og`ritish juda oson. Keling, suhbatimizni Boris G`afurovning ichki olami bilan tanishuvdan boshlasak...
— Biroz qiyin savol bo`ldi-ku... Xo`sh, aslida qanday insonman, bir o`ylaychi... Haqiqatan, hissiyotlarga boy va ko`ngli nozikman, tez xafa bo`lib qolishim hech gapmas. Bilasizmi, uzoq yillik tajribam davomida bir narsaga amin bo`ldim. Teatrda ijobiy ma`nodagi “telba”largina ishlashi mumkin. Negaki, inson odatda hayoti davomida muammolardan qochishga harakat qilsa, teatrda ishlaydiganlar esa aksincha, muammolarga har kuni duch kelishi mumkin. Deyarli uzluksiz shu tarzda yashashga tayyor bo`lganimiz uchun ham o`zimga o`xshaganlarni “san`atdan telba bo`lganlar” deyman.
— Ta`rfilaganingizdek xarakterga ega inson bo`lib yashash qiyin emasmi?
— Men uchun bu zavqli jarayon, desam to`g`riroq bo`ladi.
— Bugun siz teatrning badiiy rahbari, rejissyor, aktyor va yoshlarga ustozsiz. Bularning barini bir paytda eplash, vaqt taqsimlash mushkul bo`lmayaptimi?
— Buning o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Masalan, g`oya, o`y, fikr bilan band bo`la boshlasam, boshqa yo`nalishdagi vazifalar xayolimni chalg`itayotganini sezaman. Birinchi muammoni hal qilib ulgurmasimdan, boshqalarining yuzaga kelishi ham odamni chalg`itadi. Lekin shunday bo`lsa ham jarayonni to`xtatmaslikka harkat qilyapman.
— Nodavlat va notijorat teatr hisoblangan “Ilhom”ni juda ko`plar yaxshi biladi va tan oladi. Aytingchi, xususiy teatrning 41 yillik tarixga ega bo`lishi va bunday uzoq faoliyat yuritishi siri nimada?
— Nazarimda, hammasi ishni to`g`ri g`oya bilan yo`naltirishga bog`liq. Teatrimizning asoschisi, ustozimiz Mark Vayl bu ijodiy muhitni shu darajada to`g`ri tashkil etgandiki, natijada biz shu vaqtgacha samarali ijod qilib kelayapmiz. Ustozimiz yonimizda yo`qligiga o`n yil bo`lgan bo`lsada, u ko`rsatgan yo`l-yo`riqlar bilan, erkinlik va tajribadan qo`rqmay, ijodiy ruhni sindirmasdan ishlayapmiz.
- Tajribali aktyor sifatida bugungi yosh ijodkoralarga qanday baho berasiz?
— Bu mavzuni ikki og`iz so`z bilan tushuntirib bo`lmaydi. Mening davrimdagi talabalar bilan bugunning yoshlari o`rtasida farq sezilarli darajada. Bugungi yoshlarga ko`proq erkinlik berilgan. Biroq bugun ularda tasavvur etish sustroq. Tan olish kerak, tasavvur olamining torayib borayotganiga zamonaviy texnika asri bilan ham bog`liq. Bolaligimizda o`yinchog`imiz bo`lmasa, biz uni yog`ochdan yasab olardik. Bugun esa bolalar nimaniki istayotgan bo`lsa, hammasi muhayyo. Hatto xayolga keltirib bo`lmaydigan narsalarni sotuvda ko`ramiz. Bu esa tayyor narsani qabul qilishga o`rgatib qo`ydi. Zamonaviy hayotning ana shunday o`ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor.
— Teatr sohasida qanday kamchiliklarni ko`ryapsiz?
— Afsuski, muammolar etarlicha. Ulardan biri, bugun o`zbek teatri vakum ichiga tushib qolgandek. Biz boshqa davlatning teatrlaridan uzilib qolganmiz. Dunyo teatrlarida nima bo`layotganini bilmaymiz, ulardan bexabarmiz. Bizga xalqaro festivallar etishmayapti.
— Bugunning mashhur aktyorlari Muhammadiso Abdulhayirov, Lola Eltoevalar bilan kursdosh bo`lgansiz. Oradan o`tgan yillarni bugun qanday xotiralaysiz? Uchrashib turasizlarmi?
— Siz aytgan mashhur kursdoshlarim bilan afsuski, ko`p ko`rishmaymiz. Bunga boshqa-boshqa jamoa va san`at yo`nalishlarni tanlaganimiz sabab bo`lsa kerak. Muhammadiso bilan biroz vaqt “Ilhom”da ishladik. Lekin keyinchalik u kinoni tanladi va bugun o`zbek kinosining yuziga aylangan. Lola haqida esa juda ko`p va xo`p gapirish mumkin. Eng yirik teatrlarimizning etakchi aktrisasi ekanidan xursandman. Umuman olganda, men bilan birga o`qigan, bugun o`z ishi va o`rniga ega do`stlarimni ko`rsam juda quvonaman, faxrlanaman.
— O`zbek filmlarida faol emassiz. Tomoshabin sifatida qaysi milliy filmlarimizni maroq bilan tomosha qildingiz?
— O`zim rol ijro etgan “Tog`a” kartinasidan keyin boshqa hech qaysi filmlarni ko`rishga imkon bo`lmadi. Bunga men emas, vaqt aybdor. Ishdan ortib, madaniy hordiqqa e`tibor berolmayapman. Lekin bugungi kunda o`zbek kinosida juda kuchli va professional rejissyorlar borligini ishonch bilan ayta olaman. Ulardan O`zbekiston xalq artisti, barchamizning ustozimiz Shuhrat Abbosovni alohida tilga olish lozim. Bu insonni tirik afsona deyman. Shuningdek, Yolqin To`ychiev, Ayub Shohobiddinovlarning ham ijodiga befarq emasman.Ular kabi mualliflik filmlari bilan lol qoldiradigan hamkasblari ko`payishini juda istardim.
— Bugungi kun tomoshabini haqida qanday fikrdasiz?
— Tomoshabinlar haqida tanqid fikrda emasman. Ular zallarni to`ldirib, ijodimizni kuzatib turishadi. Biroq ba`zi bir hamkasblarimning “Bugunning odamlari o`zgargan, teatrlarni unutib borishyapti” degan gaplarini eshitganimda jahlim chiqadi. Bugun ba`zi teatrlarda tomoshabin kamligiga odamlar emas, ijodkorning o`zi aybdor. Kechirasiz-u, agar teatr va ijodkorlar muammoni kelayotgan xalqdan emas, o`zlaridan qidirishganida edi, masalani echimi ham ko`rinardi. Professional ijodkorlar jamoasi xalq kutayotgan asarni taqdim etsa, odamlar kelib spektakl tomosha qilishiga yuz foiz ishonaman.
— Bugun teatr mavsumi yakunlangan bo`lsa-da, ishdasiz. Ijodkorlar ta`tilga chiqmaydi?
— Yuqorida ta`kidlab o`tganimdek, men teatrda faqatgina aktyor emasman. Spektakllar namoyishi to`xtatilib, yozgi ta`tilga chiqsakda, ijodni to`xtatganimiz yo`q. Teatrimiz o`tgan mavsumda 4 ta asarni sahnalashtirib xalqqa taqdim etdi. Bu biz uchun yaxshi natija. Kelayotgan mavsumda ham ana shunday shijoat bilan ishlamoqchimiz. Bundan tashqari avgust oyida AQShga borishga tayyorgarlik ko`ryapman. U erdagi professional aktyorlar ishtirokida yangi spektakl sahnalashtiramiz. Shunday ekan, ta`til men uchun sermahsul o`tadi.
— Ijodiy faoliyatingizga nazar tashlasak, 1997 yillarda Moskvada ijod qilishga urungan ekansiz...
— U erda oz bo`lsada, ishlagadim, mashhur rejissyor Timur Bekmambetovning bir qancha filmlarida rol ijro etdim, ikkinchi rejissyor sifatida ham ishlaganman. O`sha paytda ancha-muncha tajribaga ega bo`lgandim. Lekin Toshkentdan va o`zimizning teatrdan voz kechib, ishlashim oson bo`lmadi. Shundan so`ng, o`z ishimga qaytishga qaror qilganman.
— 10 yil davomida futbol bilan ham jiddiy shug`ulangan ekansiz. Sobiq futbolchi sifatida, bugungi kundagi o`zbek futboliga qanday baho berardingiz?
— Bu sport turiga bugun ham qiziqishim pasaymagan. Vaqtim bo`lganda albatta, to`p tepaman. O`zbek futboliga kelsak, bugun bu sohaga e`tibor etarlicha. Moddiy jihatdan futbolchilarni qo`llab-quvvatlashadi, tayyorgarlik ko`rishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Lekin ularning o`yinini tomosha qilganimda puxtalik, aniq harakat va biroz omad etishmayotganini ko`raman. Eng muhim o`yinlarda, doim nimadir to`sqinlik qilayotgani seziladi.
— Kech oila qurgan ekansiz. Umr yo`ldoshingizni uzoq vaqt izlashingizga nima sabab bo`lgan?
— Eng qizig`i, men hech qachon umr yo`ldosh izlamaganman. Men uchun ish, teatr muhimroq bo`lgan. To`g`ri, yigitchilik, hayotimda sevgi va muhabbat muhim o`rin tutardi. Lekin ko`proq vaqtim aynan ijod bilan bog`liq bo`lgan. Yoshim qirqqa etganda hayotimni bir umrga bog`lashimga ishongan qizni uchratib oila qurdik. U san`at olamidan emas. Biroq shunga qaramay sohamni chuqur tushuna olishi va ishlarimga to`g`ri baho berishini hurmat qilaman. Bugungi kunda birinchi tanqidchim aynan rafiqam.
— O`g`lingiz haqida ham gapirib bersangiz.
— O`g`lim 3 yoshda. Har bir ota-ona singari, men uchun ham bolamdan aziz va bebaho inson yo`q. Hali kichkina, shuning uchun kelajagi haqida biror narsa deyishim qiyin. Lekin qaysi kasbni tanlamasin, albatta unga tirgak bo`lib, qo`llab-quvvatlashim aniq.
Ota-onasi haqida...
— Onam, urush davrida Namanganga kelib qolganlar. Otam haydovchi. Onam oilaviy sharoit va notinch davr sabab atigi 4-sinfni bitirgan. Ana shunday oddiy va hokisor insonlarning farzandiman. Oilada 5 farzand bo`lganmiz. Ming afsuski, onamizdan juda erta ajralganmiz. O`shanda endigina 15 yoshga to`lgandim. Onamning vafotidan keyin otam bilan ham aloqalarimiz uzilgan. Ular bizni tashlab boshqa oila qurib ketganlar va meni katta opam o`z qaramog`iga olgan...
Toshkentga ilk qadam...
— Toshkentga kelganimda bu erda hech kimni tanimasdim. Ko`cha-kuyda yotib, kun ko`rgan paytlarim ham bo`lgan. Shunday kunlarning birida baxtli tasodif tufayli rejissyor Rinat Bektashevni uchratganman. U “O`zingni sinab ko`r, san`at institutiga hujjat topshir” degan va uning taklifiga ko`ra shunchaki urinib ko`rganman. Omadim chopib, o`qishga o`sha yilning o`zida qabul qilinganman. Shu tariqa bugungi kungacha san`at hayotimni butkul egallab olgan. Bilasizmi, hayotimda sodir bo`lgan voqealarni o`ylasam, insonning ismi uning taqdiriga ta`sir qiladi degan gapda jon bor ekan deb o`ylab qolaman. Chunki Baxtiyor ismim menga doim omad olib kelgan! Umrimni baxtiyor yashab o`tayapman...
Aliya Sulaymanova suhbatlashdi