AsosiyJamiyat

​BOSh PROKURATURA GULNORA KARIMOVANING JINOIY IShLARI YuZASIDAN RASMIY XABAR BERDI

'​BOSh PROKURATURA GULNORA KARIMOVANING JINOIY IShLARI YuZASIDAN RASMIY XABAR BERDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari yuzasidan rasmiy xabar berdi.

2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MChJ, “Prime Media” MChJ, “Gamma Promotion” MChJ faoliyatida soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlash holatlari bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Karimova Gulnora Islamovna, 1972 yil 8 iyulda Farg`ona viloyatida tug`ilgan, millati o`zbek, ma`lumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ya.G`ulomov ko`chasi, 77“a”-uyda ro`yxatda turgan, 2001-2012 yillarda N.Sodikov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar R.Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko`maklashib kelganligi aniqlangan.

Jumladan, G.Karimovaning nazorati ostida va ko`magida uyushgan jinoiy guruh a`zolari 2001-2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:

- fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 mlrd. so`mlik pul mablag`lari, aksiyalari, ulushlari va mulkiy ob`ektlarini tovlamachilik yo`li bilan egallash (G.Gaibnazarovning “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ va “Angren-sement” MChJdagi 4,1 mlrd. so`mlik aksiyalari, 4 mln. AQSh dollari miqdoridagi pul mablag`lari, 17,3 mlrd. so`mlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, Sh.Axmedovning “KOLORPAK” va “NASHRIYOT UYI TASVIR” MChJdagi 1,9 mlrd. so`mlik ulushi va boshqalar);

- turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy ob`ektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd. so`mlik davlat mulkini o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish (“O`zdunrobita” QKdagi 131,9 mlrd. so`mlik (49%), “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD” MChJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd. so`mlik (67,1%), “Rubicon Wireless Communication” MChJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd. so`mlik (30%) davlat ulushi, 20,4 mlrd. so`mlik 50 ta ko`chmas mulk ob`ektlari va boshqalar);

- daromadlarni (1 trln. 570,3 mlrd. so`m), ko`rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd. so`m) kamaytirib ko`rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo`llash (266,2 mlrd. so`m), tekinga xizmat ko`rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo`llar bilan (994,3 mln. so`m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln. 91,4 mlrd. so`mliksoliqlarni to`lashdan bo`yin tovlash;

- jinoiy javobgarlikdan bo`yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog`liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast etkazish va ularni yashirish.

Ushbu epizodlar bo`yicha G.Karimovaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e`lon qilingan.

G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a`zolari N.Sodikov, R.Madumarov, Sh.Sabirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko`rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo`yicha to`plangan boshqa dalillar bilan o`z tasdig`ini topgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo`yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko`maklashish holatlari bo`yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:

- davlat organlari vakolatlarini asossiz o`zlashtirgan holda, radiochastota resurslari va er uchastkalarini noqonuniy realizasiya qilishda firibgarlik (595 mln. AQSh doll. yoki 866,7 mlrd. so`m), xizmatlarga haq to`lashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qo`shimcha to`lovlarni asossiz undirish (390 mlrd. so`m) yo`li bilan o`zganing 1 trln. 256,7 mlrd. so`mlik mol-mulkini egallash;

- turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo`naklar” olish (869,3 mln. AQSh doll. va 29 mln. evro), radiochastota va er uchastkalarini noqonuniy sotish (520 mln. AQSh doll.), ulushlarni sotish va dividendlarni to`lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 mln. AQSh doll.), naqd pul mablag`larini noqonuniy olib chiqib ketish (98 mln. AQSh doll.), naqd pul tushumlarini inkassasiya qilmaslik (11,2 mln. AQSh doll.), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 mln. AQSh doll.), tovarlarni sun`iy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSh doll. va 45,8 ming evro) yo`li bilan 1 mlrd. 942,8 mln. AQSh doll. va 29,1 mln. evromiqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;

- deklarasiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini to`liq ko`rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko`rsatish (386,3 mlrd. so`m), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 mln. AQSh doll. yoki 209,4 mlrd. so`m), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko`rsatish (11,9 mlrd. so`m) yo`li bilan jami 607,6 mlrd. so`mga bojxona qonunchiligini buzish;

- tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassasiya qilmaslik (294,9 mlrd. so`m), pul mablag`larini noqonuniy naqdlashtirish (278 mlrd. so`m) yo`li bilan jami 572,9 mlrd. so`mga savdo va xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish;

- hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;

- turar va noturar ob`ektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o`rtasida soxta kontraktlar bo`yicha pul o`tkazmalarini amalga oshirish yo`li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.

Ushbu holatlar bo`yicha G.Karimovaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e`lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

G.Karimovaga ayblov ish bo`yicha to`plangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh a`zolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko`rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida e`lon qilingan.

Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo`yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga etkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so`m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh doll., 26,1 mln. evro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so`m)ni tashkil etadi.

Tergov materiallari bo`yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSh doll., 63,5 mln. evro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablag`lari aniqlangan, shu jumladan:

Shveysariyada – 777,8 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag`lari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln. frank bo`lgan ko`chmas mulk (villa);

Shvesiyada – 30 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag`lari;

Buyuk Britaniyada – 4,2 mln. funt miqdorida pul mablag`lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln. funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;

Fransiyaning Parij shahrida – kvartiralar va “Shato de Grussi” qasri, Santrope shahrida – villa (umumiy narxi 52,5 mln. evro);

Latviyada – 16,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari va qimmatli qog`ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln. evro bo`lgan ko`ngilochar markaz;

Irlandiyada – 300 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari va qimmatli qog`ozlar;

Malta orolida – narxi 48,8 mln. AQSh doll. bo`lgan samolyot;

Germaniyada – 2 mln. evro miqdoridagi pul mablag`lari;

Ispaniyada – 82 ming AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari;

Rossiyada – 6 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari, umumiy narxi 2 mln. AQSh doll. bo`lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublevka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va er uchastkasi;

Gonkongda – 67 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari, “The Arch” osmono`par binosida narxi 15 mln. AQSh doll.bo`lgan “pentxaus”;

Birlashgan Arab Amirligida – 32 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag`lari, 31,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln. AQSh doll. bo`lgan “pentxaus”, 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.

Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to`g`risidagi qarorlari yuborilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O`zbekistonga qaytarish bo`yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar