AsosiySUG'DIYONA

Mashhurlar ozish sirlarini oshkor etishdi! Endi ularning usuli bilan ozamiz

'Mashhurlar ozish sirlarini oshkor etishdi! Endi ularning usuli bilan ozamiz'ning rasmi

Oynai jahonda, sahnada mashhurlarning tashqi ko`rinishini kuzatib borishga odatlanganmiz. Har gal o`zgarib boruvchi qaddu qommatni ko`rib «Bular bir deganda xipchabel bo`lib olishadiya. Qanday ozishar ekan?» deya izoh beradiganlar ham bor. Chetdan qaraganda bir zumda paydo bo`lgan chiroyli qomat ortidagi mashaqqatlar esa shu kungacha sizga sir edi. Ammo sahifamiz orqali san`atkorlarning sirlarini fosh qilamiz.

«SALATLAR – MENING DO`STIM»

Ulug`bek QODIROV, aktyor: — O`zingiz yaxshi bilasiz, bizning kasbda avvalo tashqi ko`rinishga e`tibor qaratiladi. Agar taklif qilingan rolga jismonan to`g`ri kelmasak, o`z ustimizda ishlashimiz kerak. Jahongir Ahmedov «Majnun» kartinasiga taklif qilganida ozish uchun astoydil harakatni boshlaganman. Yosh oshiq yigit obraziga mos kelishim uchun qomatim ham shunga mos kelishi kerak edi-da. Shunda faqat sabzavot va mevalar bilan chegaralanganman. Bodiring va pomidorlardan tayyorlangan salatlar esa eng yaqin «do`stim»ga aylanib qolgandi. Hatto, do`stlar bilan choyxonada yig`ilganimizda ular dimlama, kabob, palov singari turli tansiq taomlarni buyurtirishsa, men salatlar bilan chegaralanardim. Ammo faqat parhez bilan yaxshi natijaga erishib bo`lmaydi. Organizmni tozalash bilan birgalikda, albatta, jismoniy harakat ham zarur. Men ham har kuni 4-5 soat vaqtimni sport zalning yugurish yo`lakchasida o`tkazganman.

«SAHARLIKKA GAZSIZ SUV»

Halima IBRAGIMOVA, qiziqchi: — Garchi kasbim uchun to`laligim qo`l kelsa-da, salomatligim yuzasidan biroz bo`lsa ham vazn tashlashga qaror qilganman. Bunda esa oddiy usullardan biriga murojaat etganman. Har kuni saharlikda, gazsiz suv ichardim. Kimlardir 200 ml.dan ichsa bo`ladi deydi. Ammo men bu borada biroz o`zgartirish kiritganman. Suvni o`zim icha olganimcha ichardim. Bu esa ichak tizimini tozalashga yordam beradi. Shu bilan birga imkon qadar engilroq, yog`siz taomlarga murojaat eta boshladim. Shunday qilib, bir yil ichida 15 kg. vazn bilan asta-sekinlik hayrlasha boshladim.

«SEMIZ DEYIShGANDI...»

UMIDAXON, xonanda: — Ijodimni endi boshlagan paytlarim kastingga borgandim. Hay`at a`zolariga ovozim, vokal imkoniyatim ma`qul kelgan-u, «Biroz ozishingiz kerak» deyishgan. O`shanda rosa xafa bo`lgandim. «Bahona qilishdi, ularga to`g`ri kelmas ekanman» deb o`ylagandim. Ammo miyamda «Agar ozg`in bo`lganimda, balki kastingdan o`tardim» degan xayol aylanavergan. Shu voqea ta`sirida 2-3 yilda tanib bo`lmas darajada ozib ketganman. Ammo qat`iy parhez qilganman, sport bilan shug`ulanganman deb ham aytolmayman. Balki stress shunday ta`sir qilgandir... Ozganimdan keyin yana o`sha markazining kastingida ishtirok etganman. Bu safar qabul qilishgan. O`shanda san`atkor uchun qomat va tashqi ko`rinish muhim ekanini tushungandim. Ahir ekranning o`zi insonni 7 kg.ga semiz ko`rsatadi, degan gap ham bor-ku...

«ISTE`MOL SODASI VA MAXSUS ChOY»

Nilufar USMONOVA, xonanda: — Qishloqda buvimning tarbiyasini olib ulg`ayganim uchun yoshligimda durkun qiz edim. To`g`risi, bu menga sira halaqit bermasdi. Ammo uchinchi o`g`limni dunyoga keltirganimdan keyin taroziga ko`zimning qirini tashlasam, 73 kg.ni ko`rsatib turibdi. Ana o`shanda «Tamom, ozaman!» dedim. Bilasizmi nima uchun? Atrofimdagilarga, muxlislarimga, va hatto, turmush o`rtog`imga yoqish uchun emas, aksincha o`zimni qulay his etishim, ko`zguga qaraganimda ko`nglim ko`zim quvonishi uchun. 4 oy davomida och qoldiradigan parhez tutib natijaga erisholmadim. Keyin mashg`ulotlar zaliga bora boshladim. Natija ko`ringani sari qiziqishim ortib boraverdi. Yana har uch kunda bir marta issiq suvga 750 gramm iste`mol sodasi va 500 gramm osh tuzini aralashtirib, 40 daqiqa davomida vanna qabul qildim. Vannadan chiqiboq zanjabil, limon va asal qo`shib damlangan choy ichdim. Menimcha, ortiqcha santimetrlardan xalos bo`lishda eng muhimi – shoshmaslik. Bir haftada yoki bir oyda erishiladigan narsa emas bu. Sabr va maqsad. Mana shu mening strategiyam. Roppa rosa bir yil o`tib, yana taroziga turdim. 49 kg!

«YIL O`N IKKI OY NONSIZ YaShAGANMAN»

Jamila G`OFUROVA, aktrisa: — Kinodagi birinchi rolim uchun qattiq harakat qilishimga to`g`ri kelgan. «Dilhiroj» filmida bosh qahramonning dugonasini o`ynagandim o`shanda. Rejissyor agar bosh rollarni ijro etishni istasam, tashqi ko`rinishimni tartibga keltirishim kerakligini aytgach, o`zimga o`zim «Men, albatta, ozaman!» deb maqsad qo`yib, bir yil davomida non mahsulotlarini emaganman. Ertalablari bir necha kilometr yugurib, tinimsiz sport bilan shug`ulanganman. Ana shunda 10 kg.dan ortiq vazndan xalos bo`lib, ko`zlagan maqsadimga erishganman. Ammo uni bugungi kunda ushlab turish uchun ham ozmuncha mehnat qilayotganim yo`q! Doim taomnomamni nazoratda ushlab turishim shart.

«FAQAT TUShLIKDA OVQATLANAMIZ»

Madina MUMTOZ, aktrisa: — Kasbing uchun nimalar qilmas ekansan kishi. Rollar uchun ko`pchilik ozishga harakat qilgan bo`lsa, men «O`zimdan-o`zimgacha» filmi uchun 5 kg.ga semirishimga to`g`ri kelgan. Bu qarorni qabul qilish qanchalik og`ir bo`lmasin, o`zimni majburlaganman. Semirishni istamaydigan qiz va ayollar meni yaxshi tushunishadi. Lekin bir narsani aniq: ishonch bilan aytishim mumkin-ki, semirishdan ko`ra ozish a-a-ancha qiyin ekan. Rol uchun qancha tez semirgan bo`lsam, shuncha sekin avvalgi vaznimga qaytganman. Ya`ni santimetrlarni to`plash uchun kam harakat qilib, katta-katta egan bo`lsam, ozishga kelganda bir kunda bir martagina tanovul qilganman. Faqat tushliklikda, shunda ham yog`siz toamlar bilan o`zimni mehmon qilardim. Qolgan paytlari faqat sabzavotlar va meva erdim.

«PARHEZGA ETTI KUNGINA ChIDAGANMAN!»


OYBEK, xonanda:
— Bugungi kunda ozish dardida yurganlar juda ko`p. Bundan bir necha yil ilgari menda ham shu narsa bilan yuzlashganman. Mutahassislarning maslahatiga ko`ra, parhez qilgandim. Unga ko`ra, nonushta qilinmaydi. Faqat tushlik va ba`zi ba`zida kechki ovqatga ruxsat bor. Ya`ni jami etti kunlik parhezning birinchi kunida tushlikda ikkita qaynatilgan tuhum, kechki ovqat mumkin emas. Ikkinchi kuni esa tushlikka 150 gr. tuzsiz qaynatilgan mol go`shti, kechga esa 200 gr. «doktorskiy» kolbasa va bir stakan qattiq... Xullas, har bir kun jadvalga qarab maxsus eguliklar va sabzavotlar bilan to`ldirilgan. Ochig`ini aytsam, faqatgina bir hafta chidolganman. Ammo shu vaqt ichida 3 kg. ozgandim. Bu parhez deganlari meni qiynab yuborganidan keyin sportdan yaxshisa yo`q ekan, degan xulosaga kelgandim (kuladi). Shunday qilib, bugungacha muntazam sport zaliga qatnayman.

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar