Ko`pchilik ayollar ozish ilinjida bo`lgan bir paytda semirolmayotgan odamlarning muammosi ko`pchilikka erish tuyuladi. Axir bu baxtlilarning qaddi-qomati xuddi siz istagandek. Ammo ozg`inlik ham bir muammo-da: yoqtirgan kiyimni kiyolmaysiz, boz ustiga ozg`inlik ortidan bukchayib yurish (skolioz va osteoxondroz) xastaliklari yuzaga keladi. Bugungi maqolamizda oriqlikda nimalarga e`tibor berish kerakligi va bu muammoni qanday hal qilish mumkinligi bilan tanishamiz. Bu ishda bizga shifokor-dietolog Ilhom OTAJONOV yordam beradi.
–Juda ozg`inman. Vaznim 39 kg. Aslo semirolmayman. Qilmagan amalim qolmadi. Іar xil qimmat dorilar ham ichdim. Bir tanishim O`zbekistonda ishlab chiqarilgan giyohlardan tayyorlangan eleksir kollagen turini uch oy ichilsa, semirish mumkin, degandi. Bu preparat ta`sir qiladimi? Umuman qanday yo`l bilan semirishim mumkin?
Zarifa, Toshkent shahri
Avval ko`rikdan o`ting!
Bu vaziyatda birinchi bo`lib, ikkita shifokor ko`rigidan o`tiladi: shifokor-gastroenterolog bilan suhbatlashib, oshqozon-ichak kasalliklari va gijja bor-yo`qligini tekshirtirish. So`ng endokrinolog tekshiruvidan o`tib, buqoq va shunga o`xshash gormonal buzilish bilan bog`liq kasalliklar bor-yo`qligini aniqlash shart. Agar tekshiruv natijalari ijobiy chiqsa, unda hamma gap sizning turmush tarzingizda. Kun davomida aniq tartibga rioya qiling: vaqtida turib, kechki soat 21 dayoq yotishga odatlaning. Uyqu 9-10 soatdan kam bo`lmasligi kerak. Asablarni qo`zg`ovchi stressli vaziyatlardan ham o`zingizni asrang. Asabiylik uyqusizlik va oshqozon kasalliklariga sabab bo`lishi, bu esa o`z navbatida ozg`inlikka olib kelishi tayin. Oqsil va uglevodlarga boy mahsulotlarni ko`proq eng. Ayniqsa, xilma-xil go`shtlar (faqat yog`siz) – qo`y, kurka, tovuq va baliq go`shti, xamirli taomlar, muzqaymoq va shokolad, sut-qaymoq, pishloq, sut choy, ovqat oldidan ichilgan mevali quyuq (nektar) sharbatlar tezroq vazn yig`ishingizga yordam beradi.
Bilasizmi:
Nonushtaga suli bo`tqasiga mayiz, yong`oqni mo`lgina solib eyish, choyga limon, asal solib ichish odamni semirtiradi.
Ikkinchi nonushtaga sariyog`li non yoki 2 dona suvda pishgan tuxum, 2 ta meva (shirin ta`mli nok yoki olma) eyilsa, yanada yaxshi.
Shaftoli, anjir, kivi, olxo`ri va banan ham odamning semirishiga yordam beradi.
Tushlikka grechixa yoki guruch solingan suyuq taom ustiga mayda pishloqni to`g`rab iste`mol qilish, va albatta, kurka yoki tovuq go`shti, pishgan loviya solingan sabzavotli salat eyishingiz kerak. o`tar choyga quritilgan mevalar va pishiriq yoki shokolad eyiladi.
Kechki ovqat sergo`sht ammo bug`da yoki qaynatib pishirilgan bo`lishi maqsadga muvofiq.
Mushtariymizning murojaatidagi «Kollagen eleksiri» haqida, to`g`risi, aniq ma`lumotga ega emasmiz. Agar u tibbiy va sanitar standartlardan o`tgan bo`lsa va ma`lum sertifikatga ega bo`lib, shifokorlar tomonidan tavsiya qilinsa, qabul qilish mumkin. Ammo maslahatimiz, har xil biologik faol qo`shimchalar yordamiga tayanmay, avvalo tekshiruvlardan o`ting. Muammoning asl sababini aniq topgandagina ozg`inlikni bartaraf qilish mumkin. Uy sharoitida quyidagi vaznni ko`paytiruvchi oqsilli kokteyl tayyorlab ichishingiz mumkin: bir piyola smetana, bir piyola tvorog, 1 dona meva ko`pirtirib aralashtirib, kun davomida 2-3 piyoladan ovqatdan oldin yoki taomlar orasida ichiladi.
Bilasizmi:
Bo`tako`z, zirk giyohlaridan damlama tayyorlab, ovqat oldidan ichsangiz, ishtahangiz ochilib tez vazn orttirasiz.
Semirmaslik naslga bog`liqmi?
Albatta. Ota-onangiz tug`ma ozg`in bo`lishsa, farzandining ham ularga o`xshashi kuzatiladi. Va eng yomoni, ota-onani shu holatga olib kelgan yondosh kasalliklar – oshqozon osti bezining yallig`lanishi, gormonal buzilishlarning ham nasldan o`tish xavf bor. Odam haddan ziyod ozg`in bo`lsa, bukchayib yurishga odatlanib qoladi. Bu ham yaxshi odat emas – chunki qomat buzilsa, ovqat bilan borgan foydali mahsulotlar hazm bo`lmaydi. Fast-fud taomlaridan voz keching – ular ichaklarni og`ritib odamni yanada ozdiradi.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi