AsosiyJamiyat

Byudjet mablag`idan noqonuniy foydalanganlar aniqlandi

Joriy yilning to`qqiz oyida Hisob palatasi va Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi respublika hamda mahalliy byudjetlardan mablag` bilan ta`minlanadigan bir yuz etmishdan ortiq ob`ektni birgalikda rejali tekshiruvdan o`tkazdi. 

O`n to`rtta olimpiya zaxiralari kollejida o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida xarid qilinadigan iste`mol tovarlari narxi oshirib ko`rsatilgani, ish haqi asossiz to`langani va boshqa moliyaviy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.  Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini berish bo`yicha belgilangan normalarga rioya etmaslik oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun 238,3 million so`m, Urganch olimpiya zaxiralari kollejida esa 129,8 million so`m ortiqcha sarflanishiga yo`l qo`yilgan, deya xabar beradi O`zA. O`n to`rtta olimpiya zaxiralari kollejida o`tkazilgan jami tekshiruvlar bo`yicha davlat byudjetiga 2,2 milliard so`m zarar etkazilgani aniqlandi va bugungi kunda etkazilgan zarar to`liq hajmda undirildi. Namangan va Surxondaryo viloyatlari mahalliy byudjeti ijrosi bo`yicha o`tkazilgan nazorat-tahlil ishlari natijalariga ko`ra, qiymati 0,9 milliard so`mlik soliq va boshqa majburiy to`lovlar qo`shimcha hisoblangan. Bundan tashqari, ushbu viloyatlarda amalga oshirilgan nazorat-tahlil ishlari natijasida ijtimoiy ob`ektlar qurishda 514,0 million so`m, infratuzilma ob`ektlarini barpo etishda 669,0 million so`m va qurilishda 3,3 milliard so`m noqonuniy o`zlashtirilgan holatlar aniqlandi. Masalan, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida «Maxsus qurilish ta`min butlash» mas`uliyati cheklangan jamiyati pudrat tashkiloti tomonidan 360 o`quvchiga mo`ljallangan va 150 o`rinli yotoqxonaga ega xizmat sohasi kasb-hunar kollejini qurishda ishlar hajmi 67,7 million so`mga oshirib ko`rsatilgan. Shu bilan birga, «Janubgazmaxsusmontaj» unitar korxonasi pudrat tashkiloti Namangan viloyati Kosonsoy tumanida «Obod» suv chiqarish inshootini qurishda qurilish materiallari narxi, mexanizmlar va quruvchilarning bir soatlik ish qiymati oshirib ko`rsatilgani sababli 244,4 million so`m ortiqcha olingan. Namangan viloyati Pop, Chust va Chortoq tumanlarining qishloq joylarida uy-joy qurishda ishlar hajmi 155,6 million so`mga va sifatsiz bajarilgan ishlar hajmi 14,6 million so`mga   oshirib yozilgani aniqlandi. Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi tizimini tekshirish davomida qurilish ishlari hajmi, shuningdek, materiallar va ishlatilgan elektr energiyasi narxi oshirib ko`rsatilgani ma`lum bo`ldi. Misol uchun, «Farg`ona shahridagi Marg`ilonsoy kanalini rekonstruksiya qilish» ob`ektida bir kvadrat metr metall to`siq narxi 28,4 ming so`mga asossiz ravishda oshirib ko`rsatilgani oqibatida ob`ektning boshlang`ich qiymati 527,5 million so`mga ko`paygan. Toshkent shahridagi Anhor kanalini rekonstruksiya qilishda narxlar oshirilishi natijasida «Parkentsuvqurilish» ochiq aksiyadorlik jamiyati pudrat tashkiloti tomonidan 77,2 million so`m ortiqcha olingan. Bugungi kunda qonunbuzarlardan 1,8 milliard so`mdan ortiq mablag` undirildi. Byudjet mablag`laridan noqonuniy foydalanish va ularni o`zlashtirish bilan bog`liq aniqlangan barcha holatlar bo`yicha tekshiruv materiallari qonunchilikka muvofiq chora ko`rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.  Byudjetdan mablag` bilan ta`minlanadigan korxona, tashkilot va idoralar rahbarlari hamda moliya xodimlari byudjet mablag`laridan noto`g`ri va maqsadsiz foydalanilgan har bir holat uchun qonunga muvofiq javob berishga to`g`ri kelishini esdan chiqarmasligi darkor.

    Boshqa yangiliklar