AsosiySUG'DIYONA

«TURMUShGA ChIQIShNI ISTAMAYMAN...»

'«TURMUShGA ChIQIShNI ISTAMAYMAN...»'ning rasmi

Oppoq kelinlik libosini kiygan qo`g`irchoqni bag`riga bosib o`ynamagan, qo`shni kelinchakka havas-la boqib kelinsalom qilmagan, eng chiroyli kun — to`y oqshomini xayolida gavdalantirib entikmagan qiz bo`lmasa kerak. Negadir ayrim dugonajonlarimiz turmush qurish yoshiga etgach, katta hayotga qadam qo`yishdan cho`chib qolishadi? Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan birga ushbu savolga javob izlaymiz.

1-murojaat: «Ko`nglim yo`q»

Yoshim yigirma uchda. O`zim hali talabaman. Ikki yildan buyon do`stona munosabatda bo`lgan yigitimdan sovchilar keldi. Uydagilar rozi bo`lishdi, oqlik o`rashdi. Oyim harchand «To`ydan keyin ko`ngil qo`yib ketasan», desa ham, bunga ko`zim etmayapti. Yigitga doim «Do`st bo`lib qolaylik, oqlikni qaytaraylik», deb aytaman. Turmush qurgach ham unga munosabatim ilimasa-chi, deb ikkilanayapman...

Farangiz

2-murojaat: «O`tmishimdan xavotirdaman...»

— Yoshim yigirma birda. Maqtanishmas, maktabda ham, kollejda ham a`lo baholarga o`qidim. Ota-onam obro`-e`tiborli insonlar. Bizni hech kimdan kam qilmay o`stirishdi. Maktabni tugatgan yilimiz sinfdosh yigitim menda ko`ngli borligini aytdi. Men ham uni sevib qoldim, deb o`ylardim. Biz uchrashib turardik. Bora-bora u o`zini erkin tuta boshladi. Men esa uning harakatlariga qarshilik qilolmasdim, oxiri boshqa kollejga hujjat topshirib, undan uzoqlashdim. Ammo o`zimdan juda uyalardim. Yillar o`tsa ham, shu uyat, aybdorlik hissi meni tark etmadi. O`z bilmim bilan talabalik baxtiga erishdim. Kelasi o`qishni tugataman. Uch oy oldin uydagilar bir yigitning sovchilariga rozilik berishdi. U juda ham yaxshi inson. O`qimishli, bo`y-basti kelishgan. Men uchun hamma narsaga tayyor. O`zim ham u umr yo`ldoshim bo`lishini istayman. Biroq uning oldida vijdonim qiynaladi.

Oydin

3-murojaat: «Dugonam baxtsiz!»

— Tanlagan insonim bor. U meni juda ham yaxshi ko`rishini doim ta`kidlaydi. Tez orada to`y boshlash niyatida. Ammo yaqinda dugonam oilasidan ajrashdi. U ham sevib-sevilib turmushga chiqqandi. Afsus eri yosh kelinchakka qo`l ko`tardi, qaynonasi ham yoqtirmadi. Dugonamning hayotini ko`rib, menda ham shunday bo`lsa-chi, deya cho`chib qoldim.

Aziza

4-murojaat: «Sevganimni unuta olmayapman»

— Yaxshi ko`rgan insonim men bilanmas, boshqasi bilan umr rishtalarini bog`ladi. Yaqinda meni ham unashtirishdi. Yigitning opalari bilan munosabatimiz juda samimiy. Uning o`zini esa umuman xushlamayman. Tergashlari ham malol keladi. To`yni to`xtatsammikan?

Iroda

Muammo nimada?

Tahririyatga murojaat qilgan qizlarimizning yoshi yigirmadan oshgan, ayni oilaviy hayotini yo`lga qo`yadigan paytlari. Ularning muomalasi, o`z muammosini tushunib, unga echim izlayotganlari ham turmush masalasiga engil-elpi qaramasliklaridan dalolat. Biri oliy o`quv yurtda ta`lim olayotgan, yana biri o`z ishini topgan, xullas — o`z intilishlari, qiziqishlari bor dugonalarimiz nega turmush qurishni istashmayapti? Oila qo`rg`oniga qadam bosishdan qo`rqishayapti? Turli bahonalar topib, bu vaziyatdan qochishayapti? Qizlarimiz murojaatlarida sabablarni qisman keltirishgan bo`lsa-da, ularga chuqurroq nazar solib, tahlil qilishni lozim topdik. Shunda muammoning echimiga boradigan yo`l qisqaradi. To`yga rozilik berish esa bu shaxsiy masala. Bir qarorga kelishlari uchun avvalo qo`rquvlarini engishlari kerak.

Oila qurishdan nega qo`rqasiz?

Sabablar bilan tanishing!

  • Erkini yo`qotib qo`yishni istamaslik. Oilali bo`lgach, ko`p narsa o`zgaradi. Kun tartibidan tortib organizm faoliyatigacha. Erkakning izmiga bo`ysunish, qaynota-qaynonaning fikri bilan hisoblashish, qaysidir istaklarni chegaralash o`z mustaqilligini hamma narsadan ustun qo`yuvchi qizga dahshatli tuyulishi mumkin. Chunki u boshi ochiqligidan ikkilamchi foyda ko`rayapti. Atrofdagilarning niqtashlari, yoshining o`tib borayotganini «+»lar bosib ketayapti-da.
  • Yomon tajriba. Garchi siz o`zingiz hali turmush ostonasiga qadam qo`ymagan bo`lsangiz-da, sizda qaysidir ma`noda tajriba bor. Ya`ni yon-atrofdagilarning hayot tarzi natijasida orttirilgan tajriba. Ayrim onalar qizlariga eshittirib turmushidan nolishadi. «Sizga turmushga chiqmay, toq o`tganim yaxshi edi», deya turmush o`rtog`iga baralla aytadi. Qiz bolada esa onasiga achinish bilan birga turmushdan xavfsirash paydo bo`ladi. Yoxud ammasi, yoyinki xolasi, yo yaqin dugonasining baxtsizligiga qarab to`n bichadi.
  • Jinsiy hayotdan qo`rqish. Mana, eng katta sabablardan biri. Bu qo`rquv, albatta, o`z-o`zidan paydo bo`lmaydi. Er-xotin munosabatlari, birinchi nikoh kechasi, tug`ruq haqidagi qo`rqinchli ma`lumotlarning quloqqa quyilishi oqibatida yuzaga keladi. Yana bir uchi esa Oydinning murojaatiga borib taqaladi. Yigit qiz o`rtasidagi munosabatlarning chegaradan chiqishi oqibatida aybdorlik hissi va qo`rquv paydo bo`lib, bir nuqtada kesishgan. Oilali bo`lish xohishi bor, ammo uni kuchli qo`rquv so`ndirayapti. Bundan tashqari, qizlarda bunday qo`rquv ta`sirida himoya funksiyasi ishga tushib, jinsiy a`zolarda siqilish yuz beradi. Oqibatda esa ayollik organlarida og`riq, kasalliklar paydo bo`ladi.
  • Erkaklar bilan muomala qilolmaslik. Qiz bola tarbiyasida haddan ziyod qattiqqo`lik asorati sifatida qarama-qarshi jins vakillaridan o`zini olib qochish, ular bilan umuman muloqot qilolmaslik muammosi kelib chiqishi mumkin. Shu tufayli ham «To`ydan keyin ko`ngil qo`ya olmasam-chi?» kabi savollar o`ylantiradi. Ko`ngil qo`ya olasizmi, yo`qmi, buni hech kim bashorat qilolmaydi. Hammasi o`z qo`lingizda aslida.
  • Sobiq sevgilisini unutolmaslik. Ko`ngil qo`ygani undan yuz o`girsa-da yoki boshqa qiz bilan oila qursa-da, nega o`z baxtini topishi kerakligini tushunib turib ham ayrim qizlarimiz oldinga qadam tashlashmaydi. Chunki ular sobiq sevgilisini ideallashtirib olishgan. U bilan ko`zlagan maqsadga erishmadingiz, demak, uni ideal sanashingiz noto`g`ri. Axir sevgining ko`zi ko`r bo`ladi, oilali bo`lgach, insonning yangi qirralari ochiladi. Siz esa og`iz solganlar bilan nuqul uni solishtirasiz. Bitta kamchilik topdingizmi, darrov rad etasiz. Bunaqasi ketmaydi, azizam!

Echim. Oila qurish masalasini hadeb ortga surayotgan qizlar, qo`lingizga daftar va qalam oling-da, quyidagi savollarga javob yozing:

A. Yolg`izligingizdan qanday foyda ko`rayapsiz?

B. Oila qursangiz, nimalardan mahrum bo`lasiz?

V. Agar turmushga chiqmasangiz, nima qilish shart emas?

D. O`zingizga oilali ayol bo`lishga ruxsat bersangiz, hayotingizda qanday noxush hodisa yuz berishi mumkin?

Toki bu savollarga javob topilguncha ularni o`zingizga takror beravering. Shu bilangani turmush qurishgingizga nima to`siq bo`layotganini anglash imkoni bor. Keyin esa bu to`siqlarni qanday bartaraf etish yo`llarini izlaysiz.

Echim. Agar bu tajribaga ota-onangiz sabab bo`lsa, ularni ayblashdan to`xtang-da, tushunishga harakat qiling. Tushunish natijasidagina ota-onangizning xatosini takrorlamasligingiz kafolatlanadi. «Oila — g`urbat!» «Erkaklarning hammasi bir go`r» degan fikrlaringiz esa asossiz. Unutmang, odamlar baxtsizliklari haqida soatlab gapirishadi. Baxtli damlarida esa mum tishlab olishadi odatda.

Echim. Nafaqat ruhshunos bilan ishlash talab etiladi, albatta, ginekolog ko`rigi ham zarur. Balkim jismoniy og`riqlar sabab oila qurishni paysalga solayotgandirsiz? Xastalik davolangach, baxtingiz ham ochilib ketar.

Echim. Birinchi o`rinda, har bir uchrashuvga chiqqan yigit yoki tanishishni taklif qilgan shaxsga bo`lajak umr yo`ldosh sifatida qaramang. Shunchaki ular bilan gaplashib ko`ring. Bu sizga erkaklar olamini o`rganish imkonini beradi. Va eng muhimi, yigitlar bilan munosabatda sabrli bo`ling. Ular uchun darrov xulosa chiqarmang, qo`rquvlaringiz sabab ko`ksidan itarmang. U bilan ko`rishganda, gaplashganda nimalarni his qilayapsiz, shunga ahamiyat bering. Ana shunda qo`rquvingizga yuzma-yuz kelasiz va u bilan do`stlashasiz.

Echim. Hissiyotlar insonni tark etmasligi mumkin, ammo o`tgan kunlarni ortga qaytarib bo`lmaydi. Xotiralarni mahkam ushlab o`tirgandan naf yo`q. Bu hayotda hammasi o`tkinchi. Vaqt esa kutib turmaydi. Tasavvuringizdagi idealni sindirish uchun boshqa yigitlarga imkon bering. Ular bilan uchrashing, gaplashing. Talabingizga to`g`ri kelmaydigan tomoni uchun yuz burmang-da, yaxshi tomonlarini ko`rishga harakat qiling. Unutmang, biz ideal dunyoda yashamaymiz. Xato qilamiz, tuzatamiz.

Yana bir gap, hadeb kuyovlikka nomzodlarni o`tmishdagi muhabbatingiz bilan solishtiravermang. Har bir insonning o`ziga xos tomonlari bo`ladi. Qolaversa, sizning sevgingizni qadrlamagan, sizga uylanmagan yigitni bayroq qilib olishingiz ham mantiqqa zid. Uni yuragingizdan qo`yib yuboring. Shundoq ham hayotingizdan chiqib ketgan. Bu haqiqatni tan oling, og`riqli bo`lsa-da.

Balkim yuqoridagi sanagan sabablarimizning birortasi siznikiga o`xshamas. Axir inson psixolgiyasi bir-biridan tubdan farq qiladi. Muhimi, siz «Istamayman, qo`rqaman» deb o`tirmasdan, oilali bo`lishingizga nima to`sqinlik qilayapti, shu muammoni aniqlashga kirishasiz, degan umiddamiz.

Baxtingiz o`zingizdan-da chiroyli bo`lsin!

DUGONANGIZ

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar