AsosiyShou-biznes

Terim mavsumida qatnashgan 30 nafar xonanda 3 oylik imtiyozli lisenziyaga ega bo`ldi

Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida estrada xonandalari va yosh shoirlar bilan “Sozimda Vatan vasfi” deb nomlangan ijodiy muloqot o`tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi, yosh iqtidorli shoirlarni qo`llab-quvvatlash va qo`shiq tayyorlash uchun yangi she`r topishda muammoga duch kelayotgan xonandalarga amaliy yordam ko`rsatish maqsadida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda chop etilgan “Sozimda Vatan vasfi” deb nomlangan kitobning taqdimotini o`tkazishdan iborat bo`ldi. Bu to`plamdan 35 nafar yosh qalamkashlarning ijod namunalari jamlangan bo`lib, 3000 nusxada chop etilgan. Mazkur kitobning 50 donasi O`zbekiston Milliy kutubxonasi fondiga topshiriladi. 100 donasi esa ijodiy muloqot ishtirokchilariga esdalik sifatida berildi.

Shuningdek, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan davlat va jamoat tadbirlarida faol ishtirok etib kelayotgan san`atkorlar rag`batlantirilib, ular doimo qo`llab-quvvatlanib kelinmoqda. Avvalgi tadbirlarda Mustaqillik bayrami va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etgan san`atkorlar taqdirlangan, iqtidorli yoshlarga Birlashmaning stipendiyalari berilgan bo`lsa, mazkur ijodiy muloqot doirasida 2013 yilgi paxta yig`im-terimi mavsumida hasharchilarga madaniy xizmat ko`rsatishda faol ishtirok etgan 30 nafar taniqli va yosh estrada xonandalariga 3 oylik imtiyozli lisenziyalar berish haqidagi Birlashma buyrug`i o`qib eshittirildi.

Bundan tashqari, Milliy kutubxona rahbariyati bilan hamkorlikda 2014 yildan boshlab har chorakda 1-2 martadan san`atkorlar bilan ijodiy uchrashuv o`tkazib turish borasida kelishib olindi hamda bu tadbirda ishtirok etgan har bir estrada xonandalariga mazkur ziyo maskaniga kirish, kitoblar bilan tanishish hamda o`z bilim va tafakkurini oshirish imkoniyatini yaratib berish maqsadida Birlashma tomonidan maxsus ID kartalar tayyorlatib berildi.

Ba`zida gazeta-jurnallarda va boshqa OAVlarida estrada xonandalarini kitob o`qimaydi deb aytishadi. O`ylaymizki, bu kabi tadbirlar bunday gaplar tarqalishini oldini olishga xizmat qiladi!

    Boshqa yangiliklar