1

​O`ZBEKISTONDA YO`LKIRA TO`LAShNING AVTOMATLAShTIRILGAN TIZIMI IShGA TUShADI

Hi-tech 30.08.2017, 15:02
​O`ZBEKISTONDA YO`LKIRA TO`LAShNING AVTOMATLAShTIRILGAN TIZIMI IShGA TUShADI

Toshkent shahrida yo`lkira to`lashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilish arafasida. Bu – jamoat transportlarida yo`l haqini naqdsiz shaklda to`lash usuli bo`lib, yo`lovchi tashish transporti taraqqiyotidagi navbatdagi bosqichdir, deb yozadi "Terabayt.uz".

Yo`lkirani naqdsiz shaklda to`lash iste`molchilar uchun qulaylik tug`diradi, yo`lovchilar harakatlanishining vaqtlari va yo`nalishlari haqidagi avtomatik tarzda to`planuvchi ma`lumotlar esa transport ishini tahlil etish va optimallashtirish imkonini beradi.

Ushbu tizim Singapurning Technobiz Transpay kompaniyasiga tegishli bo`lgan, ishlab chiqilishida o`zbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etgan platforma asosida joriy etiladi. Mazkur loyihaga ANOR nomi berilgan bo`lib, u bir qator afzalliklarga ega. Mazkur tizim joriy etilgach, nafaqat shahar ma`muriyati va transport kompaniyalariga, balki bevosita yo`lovchilarning o`zlariga ham buning foydasi katta bo`ladi. Jumladan, davlat byudjetiga moliyaviy yuk tushishi kamayadi, videokuzatuv hamda GPS-monitoring tufayli jamoat transportida xavfsizlik darajasi oshadi.

Yo`lovchilar esa yo`lkira to`lash uchun pul sanab yo qaytimini kutib vaqt yo`qotishmaydi, transportga chiqish-tushish vaqti tejaladi va umuman, transport xizmatlarining sifati oshadi.

«ANOR to`lov tizimining joriy etilishi jamoat transporti xizmatini ko`rsatuvchi tashkilotlar uchun yiliga kamida 35-40 milliard so`mni tejab qolish imkonini taqdim etadi, – deydi platformani ishlab chiquvchi kompaniya asoschisi Botir Orifjonov. – Joriy etiladigan videotahlil tizimi nafaqat jamoat transportining xavfsizligi darajasini oshirishga, balki yo`lovchilar harakatini tanish tizimi tufayli transport vositasiga chiqayotgan/tushayotganlarni avtomatik tarzda hisobga olishga ham imkon beradi. Shuningdek, haydovchilarga kunlik reja qo`yishdek kam samarali mexanizmlardan ham voz kechiladi. Barcha turdagi jamoat transportlarida validatorlar mavjudligi, shuningdek, barchaga tushunarli va sodda bo`lgan to`lov tizimi fuqarolarimiz uchun ham, xorijlik mehmonlar uchun ham juda qulay shart-sharoitlar tug`diradi. O`zbekiston sayyohlarni jalb etishga jiddiy e`tibor qaratayotgan bugungi kunda bu juda ham muhim».

Bulardan tashqari, ANOR to`lov tizimi oylik yo`l chiptalarini qalbakilashtirishga chek qo`yadi. Shuningdek, u yo`lovchilarni toifasiga, harakat yo`nalishiga, sutkaning vaqtiga ko`ra yanada aniq tarzda hisobga olishni ta`minlaydi.

Xabarda aytilishicha, yo`lovchilarga transport kartalarining ikki xil ko`rinishi taqdim etiladi: bir marta kodlashtiriluvchi qog`oz kartalar (bir martalik chiptalar) hamda ko`p marta to`ldiriluvchi, plastik karta ko`rinishidagi ko`p martalik chiptalar. Talabalar, o`quvchilar, pensionerlar va harbiylar uchun imtiyozli ko`p martalik kartalar tegishli o`qish, yashash va xizmat joylarida taklif etiladi.

Transport kartalarini Toshkent shahri bo`ylab jami ikki mingdan ortiq nuqtalarda savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Ular orasida metropoliten kassalari, «Toshshaharyo`lovchitrans» AJ chiptalar sotish nuqtalari, pochta bo`linmalari, matbuot do`konchalari hamda ANOR’ning o`z savdo nuqtalari tarmog`i mavjud.

ANOR loyihasining alohida bir bo`limini mobil NFC chiptani ishlab chiqish tashkil etadi, bu – yo`lovchining o`z uyali telefonidagi transport kartasi, demakdir. Maxsus mobil ilova yordamida transport kartasining hisobini masofadan turib to`ldirish, tovarlar va xizmatlar uchun to`lovlarni amalga oshirish, shaxsiy kabinetdan foydalanish imkonini beradi hamda kartaning xavfsiz saqlanishini kafolatlaydi.

Ayni damda ANOR loyihasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgan, loyihaning amalga joriy etilishi vaqti bo`yicha qarorlar qabul qilish esa ularga bog`liq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1