AsosiyJamiyat

Davlatimiz rahbari OTB prezidenti bilan uchrashdi

21 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Takexiko Nakaoni qabul qildi.
 
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, OTB bilan mamlakatimiz o`rtasida mustahkam va ishonchli hamkorlik qaror topganini, ushbu bank O`zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo`llab-quvvatlab, tuzilmaviy o`zgarishlarni amalga oshirishga katta hissa qo`shayotganini ta`kidladi.
 
Hozirgi vaqtda O`zbekiston – OTB hamkorligi 14,5 milliard AQSh dollariga teng 40 loyihani o`z ichiga olgan. Bu loyihalar uchun OTBning umumiy qiymati 4,9 milliard dollardan ziyod resurslari jalb qilingan, deya xabar beradi O`zA. Hamkorlikda Tallimarjon IESida 900 MVt quvvatga ega bo`lgan ikkita bug`-gaz qurilmasi barpo etish, avtomobil yo`llari qurish va ularni rekonstruksiya qilish bo`yicha keng ko`lamli dastur, Surg`il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuini barpo etish, qishloq joylarda uy-joy qurish dasturi kabi strategik muhim investisiyaviy loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda.
 
Muzokarada tomonlar O`zbekiston bilan mamlakatimizning etakchi xalqaro moliyaviy sherigi bo`lgan Osiyo taraqqiyot banki o`rtasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etishi va uzoq muddatli asosga ega ekanini mamnuniyat bilan ta`kidladilar.
 
OTB prezidentining ushbu tashrifi doirasida “Samarqand shahrida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyasini barpo etish”, “Amu-Buxoro irrigasiya tizimini reabilitasiya qilish” hamda “Kichik va mikromoliyalashni rivojlantirish” loyihalari bo`yicha umumiy qiymati 380 million AQSh dollariga teng moliyaviy bitimlar imzolandi.
 
Uchrashuvda T.Nakao OTB tomonidan ko`p tomonlama hamkorlikda amalga oshirilayotgan, butun mintaqa uchun katta ahamiyatga ega bo`lgan loyihalarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun O`zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
 
Suhbat chog`ida uzoq muddatli va o`zaro manfaatdorlik asosida ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda birgalikdagi sa`y-harakatlarni kengaytirish va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
 
Ayni paytda tomonlar 2014-2016 yillarga mo`ljallangan Ikkitomonlama hamkorlik dasturini muhokama qilmoqda. Bu hujjatda neft-gaz sektori, elektr energetikasi, transport infratuzilmasi, suv ta`minoti, uy-joy qurilishi, kichik biznes, sog`liqni saqlash, ta`lim va kommunal soha kabi yo`nalishlarda ustuvor loyiha va dasturlarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.
 
Tomonlar mazkur Dastur o`zaro sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishiga, o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish uchun puxta zamin yaratishiga ishonch bildirdilar.
 
T.Nakao samimiy qabul va OTBning O`zbekistondagi faoliyatiga berilgan baho uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik bildirib, Osiyo quyosh energiyasi forumining 6-majlisi Toshkentda o`tkazilishi qo`llab-quvvatlangani va yuksak saviyada tashkil etilgani uchun minatdorchilik izhor etdi.

    Boshqa yangiliklar