1

​«OTA QIZIGA SEP BERIShI ShARTMI?»

Hidoyat sari 05.09.2017, 10:14
​«OTA QIZIGA SEP BERIShI ShARTMI?»

Nikoh to`yi o`tkazish haqida ko`rsatmalar bersangiz. To`yda nimalar joizu nimalar nojoiz? Hozirda diyorimizda, jumladan, poytaxtdagi to`ylardagi holatlar, qiz tarafga ma`lum narsalarning yuklanishi, «challar»i qilish, kuyovnavkar va boshqa holatlarning hukmi qanday?

Savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob berdi.

— Ota o`z qiziga sep qilishi aslida shariatda bor. Ali (roziyalohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Fotima (roziyallohu anho)ga bir choyshab, bir mesh va bir dona yostiqni sep qilib berganlar. (Nasoiy rivoyati). Lekin bu ishda g`uluv ketib, kundan-kunga yangi narsalar chiqaravermaslik, kelin tomon sep qilishi va kelin bo`lib tushadigan uyini jihozlashi mumkin ekan deb, nuqul qimmatbaho narsalarga yopishavermaslik kerak. Chunki, bu narsalar tezda urfga aylanib, boshqalarni qiynab qo`yishi bor. Va mumkin ish, odamlar nazdida, lozim ishga aylanib qolishi bor.

Jumhur fuqaholar nazdida, muslima ayol kelin bo`lib tushadigan xonadondagi ma`lum uyni o`z mahridan yoki boshqa mulki hisobidan jihozlashga majbur emas. Xotinni manzil bilan ta`minlash erning zimmasida! Shunday ekan, kelinning sepiga ko`z tikish imoni bor mo`min bandalarga yarashmaydi. Har bir erkak o`zi va oilasi uchun turar-joy hozirlashi, uni o`zi istaganidek jihozlashi kerak. Xohlasa, chet elnikini, xohlasa, o`zimizda ishlab chiqarilgan jihozlarni olsin, ixtiyor o`zida. Ammo quda tarafga «Uni olib keling, buni olib keling», deb buyurtma berish yuzdan hayo pardasi ko`tarilgani alomatidir. Agar uyni kelin yoki uning yaqinlari jihozlashsa, bu faqat kelinga tegishli mol-mulk hisoblanadi.

Shariatda nikohni e`lon qilishga targ`ib etilgan. Jumladan, duf deb ataladigan childirmaga o`xshash narsa bilan nikohni odamlarga bildirish joiz sanaladi. Me`yorni bilgan holda ba`zi muboh qo`shiqlarni aytib, ko`ngil yozishga ruxsat berilgan. Insonning ma`naviyatini oshiradigan, estetik zavq bag`ishlaydigan, tarbiyaviy ahamiyatga ega xalq qo`shiqlari, mumtoz san`at namunalaridan eshitib, bahramand bo`lish yaxshi. Ammo to`y qilishda g`arb madaniyatiga ko`r-ko`rona ergashib, insonning hirsini qo`zg`atib, shahvatini junbushga keltiradigan, jazavaga tushirib, sakratadigan kuchli musiqa, shovqin va zarb bilan amalga oshiriladigan olomoncha madaniyatga mansub musiqa uslublaridan foydalanish zarar keltirishi mumkin. Evropadagilarning dinu diyonati, urf-odati umuman boshqa. Unutmaylik, biz musulmonmiz! Tubanlikka tortadigan, behayo «san`at» bizning xalqimizga to`g`ri kelmaydi. Shuningdek, to`ylarimizda g`arbona urf-odatlarga ergashishimiz kelajak avlod tarbiyasiga salbiy ta`sir qiladi. Har bir xalqning to`ylari o`ziga xos tarzda o`tadi. Bunday narsalar, odatda, urfga qarab bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1