«SUG‘DIYONA» nima deydi?: — Aziz muxlis, qo`ying, bu yolg`on savdoda ishtirok etmang! Yigit qanchalik yaxshi ko`rinmasin, haqiqat shuki, u sizni aldadi. Keling, holatingizni har tomonlama tahlil qilamiz. Siz bu yigit bilan aloqani davom ettirib nimalarga erishasiz va nimalarni yo`qotasiz?
Sizni hech kim oqlamaydi, qo`llab-quvvatlamaydi ham.
Hamma aybni o`zingizni to`nkashadi. Oilali erkakligini boshida bilmaganingizni hech kimga isbotlab berolmaysiz.
Istalgan payt xotini kelib, mahalla, ishxonangiz oldida to`polon qilib, bo`lmagan ishlar uchun sharmandangizni chiqarishi mumkin.
Oilali erkak bilan faqat «SMS»lashib yurganingizga birov ishonmaydi, chunki odamlar tasavvurida ularni muzqaymoq yalab yurishga toqati yo`q. Demak, sha`ningiz, nomusingiz to`la xavfda qoladi.
O`ylamang, hech qanday munosabat, hatto, sevgi ota-onaning farzandiga bo`lgan muhabbatidan ustun bo`la olmaydi. Bobur bolasi uchun yashab yurganini aytdimi, demak, siz ham aynan mana shu bola uchun yolg`onchi tuyg`ularingizdan voz keching!
Nahotki, sizni to`laqonli baxt qiziqtirmasa? Nahotki kimdandir qolgan ko`ylakdan boshqasini topa olmaysiz? Mayli, u Boburning imkoniyatlariga, yutuqlariga ega bo`lmasin, ammo turmushga chiqadigan yigitingizning o`tmishi ham, kelajagi ham siz bilan boshlansin!
«Yigitni boshqara olaman, istasam, u bilan o`zim oila yarataman», deb xomtama bo`lmang. U istalgan payt yana ortiga qaytib ketishi mumkin, chunki boradigan joyi — birinchi oilasi bor.
Uylangan oshiqlardan ogoh bo`ling!
To`g`ri, ular qiz bolaning ko`nglini olishni, unga qachon, qaerda qanday muomala qilishni yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham qizlar bundaylarning qarmog`iga tezda ilinadi.
Boshqalardan ajralib turadi, chunki sevishimni aytsammi-aytmasammi deb ikkilanadigan bo`z yigit emas-da! Ular allaqachon pul topadi, oila boqadi, ortganini qizlarga sarflashni istab qolgan betiyiq romantiklar, xolos.
Eng katta ogohlantiruvchi belgi bu, uning yoshidir. Uylangan-u, ammo oilasidan ko`ngli to`lsa-to`lmasa, yana o`ziga ko`chadan «yor» izlash davriga etib kelguncha yigitning yoshi 30 ga yaqinlashib, ba`zan oshib qoladi.
Agar siz unga istagan payt qo`ng`iroq qila olmasangiz, u ham ko`pincha siz bilan yashirincha gaplashsa, bilingki, to`y ko`rmagan yigit emas, kimningdir eri bo`lishi mumkin.
«Oilamdan ajrashib, senga uylanaman. Biz bir-birimizni kech topdik», degan diydiyolarga ishonmang! Hatto so`zining ustidan chiqqan taqdirda ham bunday hayotdan baxt topib yashash amrimahol. Ko`zingizni oching, qizlar!
Aziza QURBONOVA
Manba: "SUG‘DIYONA" gazetasi