1

EHTIYoT BO`LING, LARINGIT!

Salomatlik 11.09.2017, 15:53
EHTIYoT BO`LING, LARINGIT!

.So`nggi paytlarda tahririyatimizga qo`ng`iroq qilayotgan yosh onalarni ko`p qiziqtirayotgani uchun bugun laringit haqida ma`lumot berishga qaror qildik.

Bu qanday kasallik?

Laringit — hiqildoq shilliq pardasining o`tkir yallig`lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. Ko`pincha u o`tkir respirator xastaliklar, gripp bilan birga kechadi. Laringitning qoqshol va qizilcha xastaliklari bilan birga kechgani ham kuzatilgan. Aksariyat hollarda kasallik maktab yoshigacha bo`lgan bolalarda uchraydi va ayniqsa allergiyaga moyilligi borlarda og`irroq kechadi. Bu bolalar hiqildog`ining anatomik jihatdan tor tuzilganiga ham bog`liq. Katta yoshdagi insonlarda kasallik kechishida nafas olish yo`lining torayishi 19 foiz bo`lsa, bolalarda 75 foizgacha bo`g`ilish yuzaga kelishi mumkin. Aynan shu holat bolaning hayotiga xavf soladi.

Laringitning bir qancha ko`rinishlari mavjud: kataral, gipertrofik, atrofik. Bularning barchasi bir-biridan belgilari bilan ajralib turadi.

Kataral turi — laringit kasalligining engil formasi. Xirillash, tomoqning qichishib achishishi, damba-dam yo`tal bilan namoyon bo`ladi.

Gipertrofik laringitda xirillashning zo`rayishi, yo`tal va qichishish kabi alomatlar bor. Kataral laringitdan farqi shundaki, hiqildoqda to`g`nog`ichning boshidek keladigan kichik tugunchalar paydo bo`ladi. Aynan shu ovozning xirillashiga sabab bo`ladi.

Atrofik laringitda hiqildoq shilliq qavatining yupqalashgani kuzatiladi. Og`iz qurib, og`riqli yo`tal bezovta qiladi. Qattiq yo`talganida balg`am qon aralash ko`chishi ham mumkin. Laringitning bu turi bolalarda deyarli uchramaydi.

Kasallikning kelib chiqishiga…

  • …umumiy va mahalliy sovqotish,
  • tovush chiqarishdagi zo`riqish (baqirish, sovuqda uzoq gapirish),
  • muzdek ichimliklar va allergik holatga olib keluvchi eguliklar iste`moli sabab bo`lishi mumkin.

Alomatlariga bee`tibor bo`lmang!

Bolalarda kattalarga qaraganda bu kasallik turli darajadagi stenoz (nafas bo`g`ilishi) bilan kechadi. Xastalik to`satdan yarim tunda tana haroratining oshishi, yo`tal bilan boshlanadi. Nafas olishi shovqinli bo`lib, hansirash yuzaga keladi. Masofadan ham bolaning xirillab nafas olayotgani eshitiladi. Bola tomog`ining qurigani, achishganini, ba`zan hiqildog`idagi og`riqdan shikoyat qiladi. Ovoz xirillashi, qo`pollashishi yoki umuman yo`qolib qolishi mumkin. Nafas olishdagi qiynalish oqibatida yurak etishmovchiligi yuzaga kelish ehtimoli oshadi. Bu esa bola hayoti uchun xavfli. Bemor to`g`ri davolansa, kasallikning 3-4-kunlarida balg`am ajralishni boshlaydi. 7-10 kundan so`ng esa laringit alomatlari butunlay yo`qolishi mumkin. Kasallik boshlangan zahoti ota-onalar tomonidan ko`riladigan choralar sog`ayishning tezlashishiga yordam beradi. Laringitning birinchi belgilari paydo bo`lganda shifokorga murojaat etish zarur. Kasallik tunda xuruj qilganida esa «Tez yordam» chaqirish kerak.

«Tez yordam» etib kelgunicha

  • Bolani toza havodan nafas oldirish, ko`proq suyuqlik ichirish va yarim o`tirgan holatda ushlash kerak.
  • Uni chalg`itadigan muolajalar yordam berishi mumkin. Masalan, oyoq uchun issiq vanna tanada qon aylanishini yaxshilab, hiqildoqdagi shishlarni kamayishiga yordam beradi.
  • Ovoz paylarini zo`riqtirmaslik tavsiya etiladi, unga qulay sharoit yaratib, kamroq gapirtirish, yig`latmaslik kerak.
  • Nafas olishini kuzatish zarur. Og`zi emas, burni bilan nafas olsin. Og`zidan nafas olganida tomoq qurib, xirillash kuchayadi.
  • Tez-tez, oz-ozdan suyuklik ichirish kerak. Qanchalik ko`p suyuqlik ichsa, sog`ayish jarayoni ham tezlashadi. Buning uchun ilitilgan sut, gazsiz mineral suv, shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan damlama ayni muddao.
  • Tamaki tutuni, bo`yoq yoki boshka zararli narsalarning hididan nafas olmasligi kerak.

Davo choralari

Laringitni davolashning eng samarali usuli ingalyasiya hisoblanadi. Lekin ahamiyat berish kerakki, laringit bilan og`rigan bemorlarga sovuq ingalyasiya (maxsus ingalyator apparat orqali) qilinadi. Ingalyasiya vaqtida bola og`zi bilan nafas oladi, bu muolajani kun davomida 3-4 marta takrorlab turish lozim. Uy sharoitida esa ingalyasiya qilish mumkin emas. Bu ish faqatgina shifokor nazorati oastida amalga oshirilishi kerak.

Kasallikning birinchi kunlarida oyoq uchun 42-45 daraja issiq vannalar yaxshi yordam beradi. Bu muolaja uyquga yotishdan avval 20-30 daqiqa davomida bajarilgani ma`kul.

Laringitda tomoqdagi qichishish va shilliq qavatlar yallig`lanishini davolash uchun tarkibida giyohlar bo`lgan dorilar, to`qimalardagi shishlarni ketkazishga mo`ljallangan antigestamin (allergiyaga qarshi) dorilardan foydalaniladi.

Kichkintoyni laringitdan himoyalash uchun…

  • Go`daklarni imkon qadar ko`krak suti bilan boqish kerak. Bu bolani har qanday infeksion kasalliklardan himoyalashning eng samarali chorasi.
  • Kichkintoyning organizmini chiniqtirib borish lozim.
  • Allergiyaga moyil bolalarda parhez muhim ahamiyatga ega.

Parhez

Parhez ham davolashning muhim shartlardan biri hisoblanadi. Sovuq, juda issiq, achchiq, sho`r eguliklar, shirinliklar, gazli ichimliklar tavsiya etilmaydi. Sitrus mevalar, tuxum, shirinliklar, asal, yong`oq, mosh, no`xat, tovuq va qo`y go`shtidan tayyorlangan ovqatlar mumkin emas. Sut mahsulotlari va ulardan tayyorlangan eguliklar, qizil rangli meva-sabzavotlar, giyohlardan tayyorlangan damlama (shifokor tavsiyasiga ko`ra), mol go`shtidan qaynatib, bug`da dimlab pishirilgan taomlar berish mumkin.

Laringit bilan og`rigan bolani shifokor nazoratida ostida davolash kerakligini unutmang!

Oliy toifali shifokor-pediatr Qahhor RAShIDOV

tavsiyalari asosida

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1