26.11.2013 10:17
Pan Gi Mun Suriya bo`yicha tinchlik konferensiyasini chaqirmoqda
Bayonotda qayd etilishicha, Suriyadagi nizo boshlanganidan buyon birinchi marta o`tkazilayotgan ushbu uchrashuv muzokaralar stoli atrofiga Suriyaning rasmiy hukumati va muxolifot vakillarini to`playdi.
BMT bosh kotibi o`z bayonotida muzokaralar tashabbusi bilan chiqqan Rossiya Federasiyasi va AQSh hukumatlariga, BMTga a`zo davlatlarga, shuningdek BMT va Arab davlatlari ligasining Suriya bo`yicha maxsus vakili Laxdar Braximiyga chuqur minnatdorchilik bildiradi.
"Biz Jenevaga umid missiyasi bilan boramiz. Jeneva konferensiyasi nizoni hal etishning tinch yo`li hisoblanadi, u butun Suriya xalqining erkinlikka va o`z qadriga bo`lgan qonuniy intilishini qondiradi va Suriyadagi butun hamjamiyatlarga xavfsizlik va himoyani kafolatlaydi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, Pan Gi Mun Suriya muxolifoti Jenevaga anjuman maqsadlarini to`liq tushungan holda va 100 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo`lgan urushga nuqta qo`yish bo`yicha jiddiy niyat bilan kelishiga umid bildirdi.