Kinematografiyani rivojlantirish markazi ko`magida suratga olingan O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat instituti talabasi Muxlisa Azizova rejissyorligidagi “U” (“Ona”) nomli qisqa metrajli film taqdimoti bo`lib o`tdi. Taqdimotda bosh rol ijrochisi, “Brigada” filmi orqali tanilgan rossiyalik mashhur kino va teatr aktyori, kinorejissyor Dmitriy DYuJEV ham ishtirok etdi va "Darakchi" gazetasiga eksklyuziv intervyu berdi...
Toshkentga bo`lgan bir kunlik tashrifi doirasida aktyor O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat instituti talabalariga mahorat darslarini o`tdi va O`zbekiston akademik rus drama teatrida Dyujev ishtirokidagi “Evgeniy Onegin” monospektakli ham namoyish etildi.
— Toshkentga xush kelibsiz! Yurtimizga taklif qilishganida nimalarni his qildingiz?
— Rahmat! So`z bilan ta`riflash qiyin. Bilasizmi, Toshkentda bo`lish judayam yoqimli, tashrifimdan mamnunman. Shahar ozoda, atrof ko`m-ko`k, odamlariga qarab ko`zing quvnaydi. Ilk bor Toshkentga "Vatan kutadi" (“Rodina jdyot”) filmining suratga olish jarayonida qatnashish uchun o`n besh yil avval kelgandim. Shu o`n besh yil ichida shahar yanada ko`rkamlashganiga guvoh bo`lib turibman. Fursatdan foydalanib, 9 may — Xotira va Qadrlash kuni bilan butun o`zbek xalqini chin yurakdan tabriklayman va og`ir damlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining oilalarini bag`riga olib, oxirgi noni bilan bo`lishgan, boshpana bergani uchun benihoya minnatdorligimni bildiraman.
— Kinematografiyani rivojlantirish markazining faoliyati bilan tanishdingiz. Bu boradagi fikrlaringiz qiziq!
— Bilasizmi, Rossiya xususiy filmlari haqida gapirsam, tomoshabin didiga javob bermaydi. Bir kinokartinadan mablag` yig`ib, galdagi filmiga sarflaydi, bu zanjir ularning hayot tarziga aylangan. Falsafiy fikrlar, keng dunyoqarash bilan film ishlab, professionalizmga o`tish haqida o`ylashga vaqtlari yo`q. “Yomon seriallar, kadrlar...ni suratga olishni bas qilinglar!” deydigan birorta mas`ul xodim topilmayapti chog`i. To`g`ri, hech kim birdaniga o`z ishining ustasi bo`lib qolmaydi. Lekin doim yaxshi natija uchun harakat qilish kerak. Toshkentda Kinematografiyani rivojlantirish markazi ochilganidan xursand bo`ldim. Ijodkor o`z ustida ishlab-ishlab, albatta, yuqori marralarni zabt eta oladi. Mazkur markazning oldiga qo`ygan maqsadlari katta, oldinda kinosevarlarni yangiliklar kutayotgani aniq. Aslida uyqudan ko`z ochib, “Kimgadir yaxshilik qila olay-da!” deya maqsad bilan ostona hatlashimiz kerak. Va har birimiz kun yakunida “Bugungi kunim zoe ketmadimi?” degan savolga munosib javob bera olaylik.
— O`zbek aktyorlarini bilasizmi?
— Rejissyor Maksim Panfilovning “Hisor gilami” (“Gissarskiy kovyor”) filmida o`zbekistonlik professional aktyor Bobur Yo`ldoshev bilan birga ishlagandik. Suratga olish jarayonida o`zbek aktyorining sahnada “yashashi”ni kuzatish qiziq bo`lgan. Boisi, sizlar an`analari boy, o`ziga xos mentalitetga ega xalqsiz. O`shanda Bobur biz uchun o`zbek o`g`loni sifatida o`rnak vazifasini o`tagan. Bobur o`zbek aktyori sifatida rossiyalik ssenariy muallifi yozgan ssenariydagi qahramonning har bir so`zi, xatti-harakatiga rashk bilan munosabatda bo`lgan. Kezi kelsa, Bobur “O`zbeklar bunday yo`l tutmaydi!” deya rostgo`ylik bilan ishiga nisbatan talabchanlik qilgan. Uning bu xislati tahsinga sazovor.
— 2011 yil rejissyorlik ishingizni yarim soatlik “BRATiYa” filmidan boshlaganingiz uchun ham o`zbekistonlik talaba qizning qisqa metrajli filmida ishtirok etishdan bosh tortmadingizmi? Taklifga rozilik berishga asosiy sabab nima bo`ldi?
— Dramaturgiyasi uchun rozi bo`ldim. Aslida o`z ishining ustasi bo`lmaganlar bilan ishlamayman, boisi san`at bu — katta mas`uliyat! “U” (“Ona”) filmi rejissyori Muxlisa Azizovaning talaba ekanini bilmaganimda, uni professional rejissyor sifatida qabul qilardim. Yosh rejissyor qiz bilan ishlash qiziq tajriba bo`ldi, professional darajada ishlar ekan. Muxlisa rejissyorlar suratga olishga qo`rqadigan mavzu — o`limni ekranlashtirishga qo`l urgan. Bu ko`ngilochar mavzu emas-da, aksincha tomoshabinni beixtiyor bosh qahramon dardiga sherik bo`lishga undaydi. “U” (“Ona”) filmini san`at asari sifatida qabul qildim. Suratga olish jarayonida qarshimda kamera borligini unutib, o`zimni o`z hayotimni yashab o`tayotgandek his etdim. Agar besh yillik o`qish davomida ustozlar o`lim sahnasini mashq qilishni o`rgatishmagan bo`lsa va ijoding mobaynida bunday rollarni ijro etmasang, aktyor uchun bu — yo`qotish. O`lim sahnasini ijro etishni ham mashqlar orqali tomoshabinni ishontiradigan darajada his etishni o`rganish kerak. “U” (“Ona”) kabi filmlar aktyorni bu borada charxlab boradi. Turli qirralarini ochish maqsadida bo`lgan aktyor bunday taklifni butun umr kutadi. “U” (“Ona”) filmi qisqa metrajli bo`lsa-da, ijodkor sifatida men uchun baxtli voqea bo`ldi.
— Tayyor filmni ko`rgach, taassurotlar qanday bo`ldi, ko`nglingiz to`ldimi?
— Tomoshabin sifatida go`zal tasvir, obrazli tafakkurni ko`rib hayratga tushdim. Filmda qil ustidagi o`n bir daqiqalik taqdirni ko`rasiz. Va tomoshabin bosh qahramon hayot yo`lining so`nggi oniga sherik bo`ladi. “Uning baxtli yashashiga nima to`sqinlik qiladi?” “Uni nima o`ldirdi?” degan savollar o`ylantira boshlaydi. “Gohida o`zimiz hayotimizni chigallashtirib qo`yamiz”, degan xulosa paydo bo`ladi. Atrofga qarang, hayot go`zal, uning har lahzasidan bahra oling! Bilasizmi, filmga “Uyg`oning!” deya slogan qo`ygan bo`lardim. Hayotimizda shu kamlik qiladi, “uyg`onib” mavjud voqeaga real qarashni istamaymiz. Bu film, undagi voqealar bo`lmasligi ham mumkin edi. Biroq, bu bizga “maktab” vazifasini o`taydi. Mazkur falsafiy fikrlar hamma narsaga yuqoridan qarash imkonini beradi. Aslida ham nimadir yangilik qila olishga ko`zi etsagina film suratga olish kerak, yo`qsa tomoshabinni qorong`u zalga yig`ib, vaqtini olishdan nima naf?!
— Filmda o`zbek kinosining professional aktyorlari Karim Mirhodiev va Ra`no Shodieva bilan birga ishladingiz. Jarayon qanday kechdi?
— Judayam maroqli o`tdi. Aktyorlar bilan ishlash oson kechdi. Ra`no ochiqko`ngil ekan. U garchi tragik rolni ijro etgan bo`lsa-da, ekranda paydo bo`lishi bilan tomoshabinni ayollik nazokati, latofati bilan sehrlab oladi. Karim Mirhodiev bilan “maktab”imiz bir, aktyor sifatida bir “til”da gaplashamiz. Bu ikki ijodkor bilan ishlash judayam qiziq tajriba bo`ldi.
— Filmdagi qahramoningiz va sizning o`rtangizda umumiylik bormi?
— Yo`q! Aslida ham aktyor sifatida menga notanish taqdirlarni o`ynagim keladi. Boshqaning hayotida “yashash” esa doim qiziq bo`lgan. Muxlisa filmni impressionizm orqali ochib bera olgan. Shu orqali tomoshabinni fikrlashga, xulosalar chiqarishga undaydi. Rejissyorning yutug`i ham shunda.
— Rejissyor sifatida o`zbek aktyorlari bilan film ishlarmidingiz?
— Albatta! Agar noodatiy mavzu bo`lsa, o`zbek aktyorlari bilan ishlash qiziq bo`lardi. Boisi, sizlarning ichki tabiatingiz boy, go`zal. Ayollaringizdagi sirlilik, nafosat kishini o`ziga jalb qiladi.
— O`zingiz bilan nima olib ketishni istardingiz?
— (Samimiy kulib) Toshkentga kelganimda yoshu qarining barida bir xil jihatni ko`raman. Tasavvur qilib bo`lmaydigan darajada mehribon, bag`rikeng, sabrli, donosizlar. Moskvada ayni shu xislatlar, mehrni sog`inaman, biznikilar undaymas-da... Shu cheksiz muhabbat uchun yana va yana ortga — Toshkentga qaytgim kelaveradi.
“U” (“Ona”) qisqa metrajli filmi Fransiyada kecha 17 maydan boshlangan va 28 maygacha davom etadigan 70-Xalqaro Kann kinofestivalining qisqa metrajli filmlar burchagida (Short Film Corner) professional rejissyorlarning asarlari qatorida namoyish qilinadi.
"Rafiqam Tatyana bilan bir-birimizni sevamiz, qadrlaymiz! Oilaviy rishtamiz bir umrlik ekaniga ishonamiz. Shu bois tortishmaymiz, ovozimizni balandlatmaymiz. Farzandlarni ota-onasi alohida-alohida emas, bir oila bo`lib yaxshi ko`rib, voyaga etkazishi va er-xotin bir-birini avaylab, sevishi kerak. Bu bizning oilaviy haqiqatimiz!"
"Bordi-yu, kayfiyatim yomon bo`lsa, bu ahvolda uyga bormayman. Moskvani aylanib, do`stlarim bilan uchrashib, sport bilan shug`ullanaman. Va uyga yaxshi kayfiyatda kirib boraman. Yo`qsa, avzoim buzuqligini yashirishning imkoni bo`lmaydi-da. Farzandlarimiz ota-onasining bir-biriga bo`lgan hurmat va mehrini ko`rib ulg`ayishlarini istayman"
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV