1

PARKINSON KASALLIGI YoSh TANLAMAYDI

Salomatlik 14.09.2017, 18:02
PARKINSON KASALLIGI  YoSh TANLAMAYDI

-Turmush o`rtog`im 63 yoshda. Unga shifokorlar parkinsonizm tashxisini qo`yishdi. Avval ham qo`l-oyoqlari titrab, xuruj qilib turardi. Hozir esa butun badani qaltirab qoladi, boshi aylanadi, shovqin-suronga asabi dosh bermaydi, tezda madorsizlanadi. Sizlardan iltimos, bu xastalik haqida tushuntirish bersangiz, uni davolash mumkinmi? Bemorning taomnomasi qanday bo`lgani ma`qul?

Tastibay JARIMBETOV, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Karauzyak tumani

Mutaxassis: oliy toifali shifokor, nevropatolog, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza MIRZAAHMEDOVA

“Titroqli falaj”

Inson miyasida tana harakatlanishini rag`batlantiruvchi, dofamin moddasini ishlab chiqaruvchi asab hujayralari (neyronlar)ning halok bo`lishi oqibatida Parkinson xastaligi yuzaga keladi. Bu kasallik haqida ilk bor 1817 yilda Djeyms Parkinson o`zining «Titroqli falaj haqidagi esse»sida yozib o`tgan.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, parkinsonizm bilan 60 yoshdan oshgan har yuz kishidan bittasi xastalanadi. Biroq kasallik yoshlarda uchramaydi, degan fikr noto`g`ri, tushkunlik hamda qo`rquv parkinsonizm sindromini keltirib chiqarishi hech gap emas. Bemorlar orasida ayollarga qaraganda erkaklar ko`proq ekanligini ham alohida ta`kidlash lozim.

Parkinson kasalligi bilan og`rigan mashhur insonlar safida boksyor Muhammad Ali, aktyor Maykl Foks va bir qancha siyosatchilar bor. Hozirgi kunda butun dunyoda taxminan 4 mln.ga yaqin kishiga parkinsonizm tashxisi qo`yilgan. Insonning o`rtacha umr ko`rish yoshi uzayib borgani sari xastalikka chalinishi mumkin bo`lganlar soni ham ortib boradi, degan taxminlar mavjud. Kasallikning o`zi o`limga sabab bo`lmasa-da, bemorning salomatligidagi har qanday salbiy o`zgarish o`z ta`sirini ko`rsatishini inobatga olish zarur.

Sababi – zaharlanish!?

Odatda kasallikning rivojlanishiga bosh miya po`stlog`i osti markazining zararlanishi (hujayralarning noma`lum sabablarga ko`ra asta-sekin nobud bo`lishi natijasida), miya yalig`lanishi (ensofalit), miya tomirlari aterosklerozi, is gazi yoki marganes moddasi bilan zaharlanish, rezerpin yoki boshqa kimyoviy vositalarni iste`mol qilish sabab bo`ladi. Bu xastalikka nisbatan moyillik nasldan naslga o`tishi ham mumkin.

Xastalikning kechishi

Parkinsonizm kasalligi kechishi jihatidan ikki turga bo`linadi: muntazam titroqning namoyon bo`lishi va umuman harkatsizlik. Xastalikda mushaklar taranglashadi. Yuz harakatsiz bo`lib, qotib qoladi. Bunda bemor mayda qadam tashlab yuradi, gapirish va ovqatlanishda muammolar yuzaga keladi. Uning harakatlari cheklanadi, hatto kiyinish, kiyim tugmalarini qadashga qiynaladi. Titrash parkinsonizmning asosiy belgisi bo`lib, u ko`proq qo`l kaftidan boshlanadi (bemor go`yo barmoqlari bilan sharchalar yasayotgandek yoki tangalarni qimirlatayotgandek harakat qiladi). Bunda kasallangan kishining boshi va qo`liga qo`shilib, oyoqlari ham titraydi. Bemor qimirlamay turganida yoki juda hayajonlanganida, odatda, titroq kuchayib, harakatlanganida esa kamayadi va uxlagan payti tinchlanadi.

Nevropatologga uchrang

Har qaysi kasallik kabi parkinsonizmda erta tashxis qo`yish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli 40 yoshdan oshgan insonning harakatlanishida sababsiz qiyinchilik, qo`l-oyoqning titrashi yuzaga kelsa, nevropatolog shifokor ko`rigidan o`tish tavsiya etiladi. Birinchi navbatda titroqning sababini aniqlash va mushak xastaliklarini inkor etish uchun MRT tekshiruvi buyuriladi. Miya faoliyatidagi o`zgarishlarni o`rganish uchun esa elektroensefalografiya o`tkaziladi. Tashxis qo`yishda asosiy e`tibor bemorda yuz berayotgan tashqi belgilarga qaratiladi.

Davosi bor!

Tibbiyotda Parkinson kasalligini ellikka yaqin dori-darmonlar bilan davolash mumkin. Bu dorilarning tarkibida organizmda dofamin ishlab chiqarilishini rag`batlantiradigan va mushaklar tonusini oshirib, harakatlanishni osonlashtiradigan kimyoviy moddalar mavjud. Aynan qaysi doridan foydalanishni esa shifokor hal etadi. Ammo bu bemorning to`liq sog`ayib ketishiga ko`mak bermaydi. Unga qo`shimcha ravishda mashqlar buyuriladi. So`nggi vaqtlarda Parkinson kasalligi bilan og`rigan bemorlarga dofamin ishlab chiqaruvchi hujayralarni jarrohlik yo`li bilan o`tkazish amaliyoti ham bajarilayapti.

Taomnoma: Semirishni oldini olamiz!

Bemorda qabziyatning yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo`lgani bois imkon qadar kletchatkaga boy meva va sabzavotlarni iste`mol qilish lozim. Biroq mahsulotlarning po`stini artmay hamda danaklarini tozalamay bera ko`rmang. Egulikni chaynash va yutishda muammolar kuzatilmasligi uchun esa qaynatilgan va dimlangan taomlar tavsiya etiladi. Xasta kishining kundalik taomnomasidan jigar, tuxum, sariyog`, smetana, muzqaymoq, yogurt, qatiq, bo`tqalar (guruch va suli yormalisi), boshoqli mahsulotlar, baliq, jo`xori, lavlagi, sabzi, olma, olxo`ri, turshak, qulupnay, sarimsoqpiyoz hamda ko`katlar kabi mahsulotlar o`rin olishi darkor. Shuningdek, kuniga 6 stakandan kam bo`lmagan miqdorda suyuqlik ham buyuriladi.

Vazn ortishiga sabab bo`ladigan barcha mahsulotlardan tiyilgan ma`qul. Shirin va tuzli eguliklarni nazorat qilishga to`g`ri keladi. Muntazam dori qabul qilingani bois spirtli ichimliklar ham ta`qiqlanadi.

Shifokor tavsiya etadi...

Parkinsonizmga uchragan bemorlarga tinch sharoitda qo`l, oyoq, undan tashqari tanani mashq qildirish uchun engil gimnastika bilan shug`ullanish, suratli boshqotirmalarni yig`ish, bolalar kubiklarini terish foydalidir. Imkon qadar jismoniy harakatga keltiruvchi mayda ishlar bilan shug`ullantirish bemorga ijobiy ta`sir ko`rsatadi, lekin aqliy mehnat qilish mushaklarning titrashi va qotib qolishi kuchayishiga sabab bo`ladi. Mutlaqo ishlamaslik bemorning ahvolini sezilarli darajada og`irlashtirishi mumkin. Oltin o`rtalikni topishda engil bajariladigan mehnat turiga diqqat qiling. Kundalik yangiliklardan xabardor bo`lish, kitob o`qish, madaniy hordiq olish bemorlar uchun juda muximdir.

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1