Harakatlanish uchun qulay va ixcham bo`lgan shim kiyishni istaysizu, ammo qomatingizga mosini tanlashda qiynalasizmi? Tashvishlanmang, biz sizga yordam beramiz. Buning uchun esa ko`zgu qarshisiga turingda, qomatingiz qanday shaklda ekanligini aniqlashtiring. So`ngra tavsiyalarimizni sinab ko`rishingiz mumkin. Xo`sh, rozimisiz?
NOVChADAN KELGANMAN DEYSIZMI?
«Istalgan ko`rinishdagi shimni kiyolaman» degan xayolni unuting. Bordiyu tanlagan shimingiz tor bichimda bo`lsa, oyoq va bo`y mutanosibligi buziladi. Sizning qomatingizga bo`ksa qismi torroq, tizzadan xiyol kengaygan bichimdagilari mos keladi. Yubka-shimlarga ham diqqat qiling.
(-) Bo`ksadan kengayib, siyohdon ko`rinishini eslatuvchi shimlar qomatingizga mos tushmaydi.
BO`YINGIZ PAST BO`LSA
Shimning old qismiga uzuna bo`ylab tushirilgan chiziq oyoqlarni uzunroq ko`rsatadi. Demakki, bo`y o`lchami past bo`lganlar uchun bu eng maqbul taklifdir. Tor bichimda tikilgan klassik uslubdagi shimlar ham bo`yi past ayollarga tavsiya etiladi.
(-) Past bo`yli ayollarga dizaynerlar keng bichimli, old qismida katta tasmasi yohud matosida turli bezak va gullari bo`lgan shimlarga chalg`imaslikni tavsiya etishadi.
«NOK» QOMATLI AYoLLAR UChUN
Ahamiyat bergan bo`lsangiz, bo`ksa qismi keng ayollar shimning bir o`lcham kattasini tanlashadi. Go`yo shu yo`l bilan shimning beldan tizzagacha bo`lgan uzunligi qomatdagi kamchiliklarni yashiradiganday. Eh, qaniydi shunday bo`lsa! Bo`ksangiz ajralib qolmasligini istasangiz, to`g`ri bichimdagi xiyol torroq shim nusxalariga e`tibor bering. Streych va jinsi matosidan tikilganlari ham ayni muddao.
(-) Oyoqqa yopishib turadigan lasina sifat shimlar hamda bel qismi rezina tasmasiga tikilganlarini tanlamang.
TO`LAChA XONIMLAR-ChI?
Asosiy e`tibor shimdan tashqari koftaga ham qaratilishi lozim. Masalan, oyoqqa yopshib turadigan streych matoli shim tanladingiz. Agar ustki qismiga bo`ksadan tushib turuvchi kofta yoki tunika bo`lmasa, qomatingizdagi kamchiliklarni fosh qilasiz, xolos. Bahorgi pidjaklar bilan shim kiyishni ixtiyor etsangiz, marhamat, klassik uslubdagilariga diqqat qiling.
(-) Keng bichimli shimlar yordamida vazn muammosini yashirishga urinmang. Aksincha bu qomatingizni to`rtburchak ko`rinishga keltiradi.
«SEMIRTIRADIGAN» XILIDAN
Qomatingiz havas qilguday bo`lsa ham noto`g`ri tanlangan shim rangi besh-olti santimetrlarni hadya qilishi mumkin. Bunday bo`lmasligi uchun quyidagi shartlarni eslab qoling:
- yorqin rangli, qizil, yashil, sariq shimlar;
- yo`l-yo`l chiziqli;
- yirik shakl, surat va katta bezak toshlilari oyoqlarni to`laroq ko`rsatadi.
OZDIRADIRADIGANI hAM BOR!
- Qora, to`q jigarrang, shokolad va siyohrang matodan tikilgan;
- tikka chiziqli;
- mayda bezakli shimlar oyoqlarni ixchamroq ko`rsatadi.
BUNI BILIShINGIZ ZARUR!
To`g`ri bichimli shimlar – asosan batnik, erkakcha uslubdagi ko`ylak va pidjak bilan mos tushadi.
Jinsi – istalgan turdagi kofta va tunikalar bilan moslashtirish mumkin. Qomatingizdan ko`nglingiz to`lsa, bahor-yoz mavsumi uchun jinsi shimlarning ochroq rangini tanlayvering. Aksincha bo`lsa, mato rangi to`qrog`i durust.
Kalta shimlar – uzun bo`yli xonimlar uchun tavsiya etiladi. Ular bo`y o`lchamini qisqartirish hususiyatiga ega.
Bel qismi yuqori bo`lganlari – qorin va bel sohasidagi kamchiliklarni yashirish uchun ayni muddao. Bu turdagi shimni kiyganda tizzadan pastki qismi salgina yig`ilib turishi kerak.
Samira tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi