AsosiySUG'DIYONA

ISTE`MOL SODASINING 9 FOYDASI

'ISTE`MOL SODASINING 9 FOYDASI'ning rasmi

Har qanday bekaning oshxona javonidan topish mumkin bo`lgan iste`mol sodasi nafaqat pishir-kuydir uchun, balki boshqa bir qator yumushlarimizni engillatishda ham foydalidir. Uning ro`zg`ordagi turli maqsadlarda qo`llanilishi haqida quyida ma`lumot beramiz.

Oltin sochlar siri

Kutilmaganda yakshanba kuni ertalabdan bir joyga borishingizga to`g`ri kelib qoldi. Biroq singlingiz shampunni oxirgi tomchisigacha ishlatib qo`yibdi. Nima qilay, deya boshni qashlamasdan, darrov oshxonaga yuguring. Iste`mol sodasini suv bilan aralashtirib, shampun quyuqligiga keltiring va sochlaringizga surting. Bu aralashma har qanday shampunning o`rnini bosadi. Ammo uni har doim qo`llash mumkin emas. Faqat yangi sotib olingan shampunga biroz iste`mol sodasi qo`shib ishlatsangiz, sochlaringiz oltindek tovlana boshlaydi. Shuningdek, bu aralashma sochga sepiladigan lak, gelyu va muslarni oson ketkazishga yordam beradi.

Yuz uchun skrab

Yuzingiz mayin va yumshoq bo`lishini istasangiz, iste`mol sodasidan tayyorlangan skrabdan foydalaning. Buning uchun iste`mol sodasini 3:1 miqdorda qaynatib sovitilgan suv bilan aralashtiring. Skrabni yuz tersiga surtib, 3-5 daqiqa davomida engilgina uqalang. So`ngra iliq suv bilan yuvib, yumshatuvchi krem surting.

Ari, chivin, burga yoki boshqa hasharot «g`azab»iga uchraganda oz miqdorda iste`mol sodasini suv bilan aralashtirib, hasharot chaqqan joyga surtish foydali. Bu surtma qichishish, achishish va yallig`lanishdan xalos etadi. Shuningdek, kesib olingan barmoq yoki qo`lda yiring yig`ilsa, iste`mol sodasini issiq suvda eritib, o`n besh daqiqa shu aralashmaga solib turish kerak. Faqat bu usulni bir necha bor takrorlash kerak.

Noxush hiddan qutulish uchun

Ba`zan bakteriyalarning «samarali» faoliyati tufayli og`izda tish emalini emiruvchi kislotalar paydo bo`la boshlaydi. Natijada og`izdan noxush hid anqiydi. 1 stakan qaynab sovigan suvga 1 osh qoshiq iste`mol sodasi solib, aralashtiriladi. Bu aralashma bilan og`iz bo`shlig`ini har kuni chayib turish lozim.

Iste`mol sodasidan tayyorlangan vannalar oyoq terlashidan ham xalos qiladi.

Oshxonada ko`makchi

  • Agar xarid qilgan go`shtingiz qattiq bo`lsa, unga istemol sodasini surtib, uch soatga muzxonaga qo`ying. So`ng go`shtni yuvib, taomga ishlatishingiz mumkin.
  • 1 litr suvga 2 osh qoshiq iste`mol sodasi soling. Keyin baliq go`shtini ushbu suvga solib, 1-2 soat muzlatkichda qo`ying. So`ng yuvib, egulik tayyorlashingiz mumkin. Bu yo`l bilan noxush hid oshxonaningizni zabt etishining oldini olasiz.

Eslatma

Homilador ayollar yoki sog`lom turmush tarzini afzal ko`ruvchilarga uy ishlarida turli kimyoviy vositalar o`rniga iste`mol sodasidan foydalanishni tavsiya etiladi.

Ortiqcha vazndan xalos etadimi?

Ishtahani bo`g`ish va yog` parchalanishi yomonlashtirish uchun oshqozon kislotasi miqdorini iste`mol sodasi yordamida o`zgartirishga urinish salomatlik uchun xavfli! Yodingizda bo`lsin, uni davomli ravishda ko`p miqdorda iste`mol qilish hazm tizimi shilliq pardasiga shikast etkazadi, qizilo`ngach va oshqozonda yaralar paydo bo`lishiga olib keladi.

Pardoz anjomlarini tozalaydi

Iste`mol sodasini suvda eritib, pardoz anjomlarini kosmetika qoldiqlaridan tozalashda foydalanish mumkin. Sovunbilan yuvilgandan keyin mo`yqalam uchlari qotib, qurishganini sezgadirsiz, ammo sodali eritmada tozalangan mo`yqalamlar bir-biriga yopishib qolmaydi, aksincha yanayam momiqlashadi. Taroqlarni ham shunday eritmada ivitib qo`ysangiz, ular yangidek bo`ladi.

Ehtiyot bo`ling!

Iste`mol sodasi kukuni teri yuzasiga uzoq vaqt davomida surtib qo`yilsa, teri shikastlanishiga, ko`z va nafas olish tizimiga tushganda esa a`zolarning kuyishga olib kelishi mumkin.

Noto`g`ri faktlar

Odamlar orasida iste`mol sodasili eritma jig`ildon qaynaganda foyda beradi, degan qarash bor. Shifokorlar bu qarashni inkor qiladi. Chunki iste`mol sodasi qorin dam bo`lishi va oshqozonda yanada ko`proq kislota ishlab chiqarilishiga sababchiligi aniqlangan.

Saodat tayyorladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar