HOVLINI VASIYaT QILGAN MA`QULMI YoKI HADYa?
Bobom menga o`z hovlisini qoldirmoqchilar, qaysi yo`l, ya`ni vasiyat orqali buni amalga oshirish afzalmi yoki hadya qilgan ma`qulmi? Ayting-chi, vasiyat bilan hadya o`rtasida qanday farq bor?
T.Usmonova, Farg`ona shahri
— Fuqaroning o`ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e`tirof qilinadi.
Meros qoldiruvchi (mol-mulk egasi) vasiyat qilayotgan paytida har qanday mol-mulk, hatto o`ziga tegishli bo`lmagan mol-mulk to`g`risidagi farmoyishni o`z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli (Fuqarolik kodeksining 1120-moddasi).
Ko`chmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat ro`yxatidan o`tkazilishi kerak.
Shu sababli hadya shartnomasi va vasiyat turli narsalar hisoblanadi. Ko`chmas mulk (masalan, kvartira) hadya qilinganda u shartnoma davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan keyin mulkka o`tadi. Bunda hadya qilingandan keyin hadya qiluvchining mazkur mol-mulkka nisbatan hech qanday daxli qolmaydi. Va agar kvartira hadya qilinsa, undan mahrum bo`lish xavfi mavjud. Mazkur holda hadya olayotgan shaxsning halolligiga ishonch hosil qilish kerak, xolos.
Vasiyatnoma rasmiylashtirilayotganda esa mol-mulk unda ko`rsatilgan shaxs mulkiga vasiyat qiluvchining vafoti va vorislik huquqlari rasmiylashtirilgandan keyingina o`tadi.
Hadya oluvchi hadyadan faqat u o`ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli (FKning 503-moddasi).
Qaysi biri yaxshi - hadyami yoki vasiyatmi, degan savolgan kelsak - buni mol-mulk egasining o`zi hal qilsin.