Shahdam va ishonch bilan bosilgan qadam har qanday kishining e`tiborini o`ziga jalb etadi. Ayniqsa, bu qadamlar ayol kishiga xos bo`lsa… Ayolning qadam tashlashiga qarab, uning ruhiyati xamda fe`lini bilishingiz mumkin.
- Bo`shashing. O`zingizga tashqaridan qiyo boqing. Har doim kiyadigan poyafzalingizni kiyib, oynaning qarshisida turing. O`zingizga yoqishga harakat qilib emas, balki doim qanday qadam tashlasangiz shunday yuring. Qadamingizning katta-kichikligi, qomatni tutish, oyoq qo`yishingiz va hatto ko`z qarashingizga ham ahamiyat bering. Qadam tashlashingizdan qoniqdingizmi? Endi esa boshqa qoidaga ko`ra yurib ko`ring. Avval bo`shashing, rostlaning, elkalaringiz va boshingizni ko`taring. Ayolligingizni his qiling. Siz barcha baxtga loyiq bo`lgan Ayolsiz! Endi esa qadam tashlang. Ayolning qadam kengligi uning oyoq hajmi bilan bir xil bo`lishi kerak. Albatta, ilk onlarda o`zingizni erkin his qila olmaysiz. Tana bunday yurishga ko`nikishi lozim. Agar mashq qilishdan erinmasangiz 2-3 haftada tana mushaklari bunday yurishga ko`nikadi va siz erkin qadam tashlay boshlaysiz.
- Buksalarni o`ynatmang! Podiumda yurib ketayotgan model qizlarga o`xshab yurishga harakat qilmang. Ayolning buksalari biroz tebranmog`i kerak. Mana shu tebranish ayolning qadam tashlashiga o`zgacha joziba beradi. Baland poshna kiyganda ayolning buksalari engil harakatlanadi. Elkalar harakatsiz, qo`llar ham erkin holda bo`ladi.
- Boshingizni ko`taring! Bunday yurishga ko`nikish uchun boshingizga kitob qo`yib u yoqdan-bu yoqqa yurish ham mumkin. Doimo yodingizda bo`lsin: kishining boshi doim mag`rur turishi, nazari esa dadil, ishonchli va oldinga qaratilgan bo`lishi kerak. Engak bilan bo`yin burchagi 90 darajadan kam bo`lmasin. Biror joyda qoqilib ketmaslik uchun esa, yurayotgan yo`lingizga nazar tashlashingizning o`zi kifoya.
- Shoshilmang! Baland poshnada yurishni o`rganmaguningizga qadar bunday poyafzal kiymang.
- Qo`llarning harakati ham qadam tashlashga o`zgacha bir joziba beradi. Yurayotgan paytda qo`llar tanadan biroz oldinda bo`lsa, bu harakatlarda go`zallik o`z aksini topadi. Agar qo`llar tanaga nisbatan ozgina orqada bo`lsa, qadam tashlashingiz nazokatli ko`rinadi. Faqat avval, bularni oynaning qarshisida mashq qiling.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






