—«Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni 28-moddasiga asosan ayrim toifadagi fuqarolar uchun pensiyalarga ustamalar belgilangan bo`lib, uning miqdori eng kam ish haqining 30%dan 150%gacha miqdorlarda belgilanadi. BundaII guruh nogironlari uchun agar ular yolg`iz bo`lsalargina, eng kam ish haqining 50% miqdorida ustama belgilangan» degan ma`lumotni o`qib qoldim. Men ham II guruh nogironiman. Parvarishga muhtoj kishilar uchun beriladigan oziq-ovqat va gigiena vositalarini olib kelaman. Ammo pensiyaga qo`shiladigan ustama haqini olmaganman. Agar buning uchun pensiya jamg`armasiga murojaat qilsam, ustama haqi qay muddatdan boshlab beriladi? Ariza berilgan kundanmi yoki undan avvalgilarini ham ololamanmi? Farzandlarim bor, ammo yolg`iz yashayman, boquvchim yo`q.
Shahodat Yunusbekova, Toshkent viloyati
— Qonun hujjatlarida yolg`iz yashaydigan fuqarolar va yolg`iz fuqarolar degan tushuncha farqlanadi hamda huquqni qo`llash amaliyotida alohida-alohida qo`llaniladi. II guruh nogironlarining pensiyasiga ustamalar belgilashda faqat yolg`iz fuqarolar tushunchasi qo`llaniladi. Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida Nizomning 25-bandiga asosanishlamaydigan II guruh nogironining yolg`iz yashaydigan pensionerga tegishliligi holati fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organi tomonidan berilgan, ariza beruvchining yashash joyi bo`yicha bir o`zi yashashi (ro`yxatdan o`tkazilganligi) to`g`risidagi ma`lumotnoma, shuningdek, Pensiya jamg`armasi bo`limi va fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish tegishli organi vakillari ishtirokida tuzilgan ariza beruvchining yaqin qarindoshlari (ota-onasi, eri yoki xotini va bolalari) yo`qligini tasdiqlaydigan hujjat asosida belgilanadi. Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, farzandlari bo`lgan II guruh nogironlari yolg`iz pensionerlar toifasiga kiritilmaydilar va ularning pensiyalariga ustamalar belgilash uchun huquqiy asos mavjud emas. O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 109-moddasiga asosan voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o`z ota-onasiga ta`minot berishlari va ular to`g`risida g`amxo`rlik qilishlari shart.






