AsosiySUG'DIYONA

QIZLAR UChUN: NAFOSATNING 5 QOIDASI

'QIZLAR UChUN: NAFOSATNING 5 QOIDASI'ning rasmi

Bizning qizlar, odatda, yigit kishining e`tiborini qozonish borasida biroz tortinchoqlik qilishadi. Bunga, albatta, hayo, ibo, sharqona tarbiya yo`l qo`ymaydi. Aslida-ku, shunday bo`lgani ham yaxshi. Aks holda qizlarning o`zgalar e`tiborini tortishga bo`lgan urinishlari engiltak xatti-harakatlarga aylanib ketishi hech gap emas. Ammo buni hayot, deydilar. Har kim o`z baxti uchun kurashishi, kezi kelganida o`zining nimalarga qodir ekanini ko`rsata bilishi ham kerak. Shu bois, “qizposhsha”larimizga ayrim foydali maslahatlarni ilinmoqchimiz.

Ilk harakat: poshnalar sehri!

Ayol kishining qomati ideal bo`lishi, atir-upa yordamida qiyofasini mukammal san`at asariga aylantirishi, malikalardek kiyinishi mumkin, biroq oyog`iga qo`pol poyabzal ilib olgan bo`lsa, kimningdir havasini keltirishidargumon! Poshnali tuflilar qaddimizni tik tutishga, o`zimizga ishonch hissi uyg`onishiga, nafis harakatlar bilan olg`a qadam tashlashga undaydi. Demak, poshnalar sehriga ishoning, u shahzodalarning tosh yuragini eritishga qodir!

Ikkinchi urinish: yorqin rangda kiyining!

Nega endi qora, kulrang singari zerikarli, xira ranglarga qorishib yurishingiz kerak? Bozorga tushing, atrofingizga bir nazar soling, o`ziga ishongan qizlar barcha rangdagi ko`ylaklarni yarashtirib kiya oladi. Qoramag`izdan kelganingiz, bo`yingiz past yo to`laroq ekaningiz qoraga burkanib olish uchun bahona bo`la olmaydi. Kamchilik bormi, uni tuzatish kerak. Mabodo, yorqin libosda kiyinmagan bo`lsangiz, hech bo`lmasa yuz rangiga mos yorqinroq lab bo`yog`i surtishga uyalmang. Agar u yoki bu uslubga mahkam yopishib olganlar safida tursangiz, har kuni kiyadigan libosingiz qomatingizga mos bo`lsin, ro`dapolikdan qoching. Bel chizig`i, oyoq shakli kiyim ortidan ham bilinar-bilinmas sezilib turishi kerak.

Uchinchi usul: tabassum qiling, ta-bas-sum!

Sovuqqon modellar obrazi ayollar uchun mo`ljallangan jurnal muqovasigagina yarashadi. Zero, erkak zotiga shundoq ham ish bilan bog`liq muammoyu tashvishlarga to`la kun tartibi etib ortadi. Ular har doim yoqimtoy, samimiy va xushchaqchaq ayolni ko`rishni istashadi. Shu bois jozibali, go`zal ko`rinishni istasangiz, nimtabassum bilan muloqot boshlashni o`rganing. Odatda, ko`pchiligimiz “shu qizdan nima topibdiykin, chiroyli bo`lmasa?..”, deb hammaning havasini keltiradigan barno yigitlar tanlovidan ajablanamiz. Bilmaymizki, husni o`rtamiyona bo`lgani bilan o`sha qiz atrofdagilarga iliqlik, chiroyli tabassum ulasha oladi va bu “uslub”ni o`z o`rnida qo`llaydi!

To`rtinchi qadam: nafislikka urg`u bering!

Maymoq ayiqdek qadam tashlaydigan yoki o`rdakdek lapanglaydigan, yoki bo`lmasa, “bir narsadan quruq qolganday bukchayvolib” (“Ishqdagi ishq” filmi qahramoni Veraning gapi) yuradigan ishchan ayol obrazi hech qachon erkak kishining e`tiborini torta olmaydi. Bunday qizlarga faqat yo`l bo`shatib, ehtirom ko`rsatishgina mumkin. Shunday ekan, qadamni engil tashlab, boshni baland ko`tarish, ba`zan esa xiyol egilib jilmayib qo`yishni yoddan chiqarmang. Kursiga o`tirayotganda shartta o`zingizni tashlamang yoki nihoyatda qimtinib, ohistagina o`tirish ham u qadar to`g`ri emas. Zero, ishonch va qat`iyat bilan joy egallab, suhbatga kirishishda gap ko`p. Oyoqlarni qaerga, qanday joylashtirish masalasida ham anchagina bosh qotirishga to`g`ri keladi. Eng yaxshisi, malikalarga o`rgatiladigan odat — ikki oyoqni juftlagan holda bir tomonga qiyalatib o`tirishdir.

Beshinchi yo`l: hislaringizni ichingizga yutmang!

Ammo soxta ko`z suzishlar, engiltaklik bilan qosh qoqishlar hech qaysi qoidaga to`g`ri kelmasligini unutmang! Hislaringiz, deganda, biz, hayotdan zavq olish va yon-atrofda sodir bo`layotgan voqea-hodisalargamunosabatingizni bildirishni nazarda tutayapmiz. “Muzqaymoq bunchayam shirin ekan?”, “Musaffo havodan to`yib nafas olgim kelayapti!”, “Qanday ajoyib bayram bo`layapti, sizga ham yoqdimi?”... Bu gaplarda ortiqcha o`ynoqilik, xushomad yo`q va bu bilan siz hayo chegarasidan chiqqan hisoblanmaysiz. Erkakmi, ayolmi, kim bo`lishidan qat`i nazar, unga suhbatdoshining ochiqko`ngilligi, beg`uborligi yoqadi. Sof tuyg`ularingizni sodda va samimiyifodalashga uyalmang!

Aziz dugonajonlar, bu chaqiriqlar orqali mehringizni qozongan yigitni o`zingizga jalb qila olmasangiz, xafa bo`lmang. Shunchaki siz hali YaGONA shahzodangizni uchratmadingiz. Chunki u ham ayni dam o`z malikasini boshqa erlardan qidirib yuribdi.

Aziza QURBONOVA tayyorladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar