Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, er yuzidagi sakson foiz kishi gerpes virusining tashuvchisi hisoblanadi. Biroq ushbu virus hammada ham o`z ishini ko`rsatavermaydi. Agar “labdagi shamollash” alomati hisoblanmish gerpes yiliga 1-2 marta bezovta qilsa, buning xavotirlanarli jihati yo`q. Ammo bu holat surunkali davom etsa-chi? Agar uchuq sizning ham muammongiz bo`lsa, bu xususda ayrim tibbiy tavsiyalarni bilib qo`yganingiz ma`qul.
Gerpes nima?
Aksariyat hollarda gerpesning sakkiz turi qayd etiladi. Shular orasidan faqat birinchi turidagina labga toshma chiqishi kuzatiladi. Virusning ikkinchi turi tana a`zolarining shilliq qavati, shu jumladan, jinsiy a`zolarda ham yuzaga kelishi mumkin.
Kasallik omillari haqida
Gerpes virusining labdagi shakli unga qo`l bilan tegib, so`ng boshqalar bilan so`rashilganida (agar o`sha odamning yoo`l terisida biror turdagi ochiyo jarohat bo`lsa) , shaxsiy gigiena vositalaridan foydalanish, kamdan-kam hollarda esa havo tomchi yo`li bilan yuqishi mumkin. Shuningdek, sovuqqotish sabab, shamollash yuzaga kelganida, to`yib uxlamaslik, surunkali charchoq, stress holatlari tufayli organizmning immun tizimi sustlashib borsa ham gerpes toshmasi paydo bo`ladi.
Bu qanday yuz beradi?
Organizmga kirib olgan kasallik virusi asab hujayralari tomon harakatlanib, keyin esa bir muddat tinchlanadi. Organizm immunitet himoyasi susaysa, darhol faollashib, ko`paya boshlaydi. Shu tariqa virus “uyg`onishi” lab yoki tananing boshqa a`zolarida toshma toshishi bilan namoyon bo`ladi.
Sizda virus bor...mi?
Labning engil achishishi, qichishishi va shishib qolganday tuyulishi uchuq daragidir. Odatda, bunday belgilar bir necha soatdan sutkaga qadar davom etishi mumkin. Agar ayni pallada davolash choralari ko`rilsa, labdagi yallig`lanishning oldini olish mumkin. Aks holda esa lab terisi asta shishib, yallig`langan soha atrofida pufakchalar paydo bo`ladi. Pufakchalar bir necha kunda yoriladi. So`ng o`rni achishib, bezovta qiladi. Uchuq tuzalayotganida pufakcha atrofida qattiq teri qatlami paydo bo`lib, bir-ikki kunda ko`chib tushadi. Ana shunda lab terisini yumshatuvchi va oziqlantiruvchi antibakterial kremlardan foydalanish mumkin.
Shifokorga borish kerak
Odatda, labdagi uchuqni shunchaki shamollash, deb uy sharoitida davolashga kirishamiz. Vaholanki, uchuq toshishi tez-tez qaytalansa, demak, bu shunchaki shamollash emas, balki organizmdagi viruslar ta`siridir. Albatta, shifokor qabuliga borib, kerakli tavsiyalarni olish lozim. Shifokor labdagi toshmaning o`zidanoq virus ko`lamini taxmin qilib, zarur muolajalarni aytadi. Lozim topilsa, qondagi viruslar miqdoriga oid hamda toshmadan olingan surtma namunasiga ko`ra, tibbiy tekshiruv o`tkazilishi ham mumkin. Shu tariqa organizmdagi viruslarga qarshi muolaja hamda labdagi uchuqni davolash uchun maxsus surtmalar buyuriladi.
Aslo, mumkin emas!
- Labdagi uchuq pufakchalarini igna bilan yorish va unga spirt surtib qo`yish mumkin emas. Chunki pufakcha ichidagi suyuqlik lab atrofi yoki yuz, ko`z va tananing boshqa a`zolariga ham tarqab, infeksiya “ulashishi” mumkin. Labda achishish paydo bo`lganda toshma ustini tishlash yoki uni qo`lda ko`chirish qat`iyan ma`n etiladi.
Rostmi yoki yolg`on?
“Qattiq qo`rqsang, labingga uchuq toshadi!” * Bu tushunchaning ilmiy asosi mavjud emas. Ammo ruhiy holatdagi keskin o`zgarishlar, qattiq siqilish yoki stress holatlari organizmning immun tizimiga ta`sir qilib, uchuq toshishi kuzatiladi;
“Biror taomni yoqtirmay esang ham uchuq toshadi”
* Taomlarning uchuqqa aloqasi yo`q. Qachonki, noto`g`ri ovqatlanish tartibi muntazam davom etsa va organizmdagi boshqa holatlar asoratida labda toshma yuzaga keladi.
“Har kuni lab bo`yog`idan foydalansang, toshma chiqishi mumkin”
* Lab bo`yog`i o`zingizniki bo`lsa, undan faqat o`zingiz foydalanishingiz lozim. Shaxsiy gigiena vositalari umumiy foydalanilganida boshqalardan kasallik virusi yuqadi.
Oliy toifali dermato-venerolog shifokor Shuhrat Akbarov
tavsiyalari asosida
Samira tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






