1

2014 yildan Jizzaxda lift ishlab chiqariladi

Jamiyat 28.11.2013, 10:32
2014 yildan Jizzaxda lift ishlab chiqariladi
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 27 noyabr kuni O`zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi. 
 
Tadbirda O`zbekiston va Xitoyning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, mashinasozlik, aviasozlik, yuqori texnologiyalar, to`qimachilik va engil sanoat, aviatashuv, energetika, neft va gaz, eksport-import, qurilish mahsulotlari hamda vagon ishlab chiqarish, farmasevtika, qadoqlash, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikasiyalari, elektr texnikasi, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va telekommunikasiyalar, dasturiy ta`minot,  mebelsozlik, konchilik, sayyohlik va logistika kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
 
Xitoy O`zbekistonning savdo-iqtisodiy hamkorlari orasida etakchi o`rinni egallaydi. Mamlakatlarimiz o`rtasida ikki tomonlama hamkorlikni keng ko`lamda qamrab olgan bir yuz etmishdan ortiq xalqaro-huquqiy hujjat imzolangan.
 
Har yili mamlakatimizda 3 milliard dollardan ko`proq, asosan, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar o`zlashtirilmoqda. Bu esa chet ellik sarmoyadorlarning, xususan, xitoylik ishbilarmonlarning mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligi, uni rivojlantirish istiqbollariga qiziqishi hamda ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir.
 
O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida iqtisodiy sohada eng ko`p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. O`zaro savdo aylanmasi barqaror o`sib borayotir. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2012 yilda 3,4 milliard AQSh dollariga etdi. 2013 yilning to`qqiz oyi yakunlariga ko`ra, mazkur ko`rsatkich 3,5 milliard dollardan oshdi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 60,8 foiz ko`pdir.

O`zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 488 qo`shma korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Xitoyning etmishdan ziyod kompaniyasi vakolatxonasi ishlab turibdi.
 
Xitoy kompaniyalari yurtimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etayotir. Jumladan, Xitoy Milliy neft-gaz korporasiyasi (CNPC) nafaqat istiqbolli uglevodorod konlarini qidirish va ishga tushirish, balki Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash loyihasini amalga oshirishda ham qatnashmoqda.
 
“Jizzax” maxsus industrial zonasida Xitoy ishbilarmonlari bilan hamkorlikda mobil telefonlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
 
O`zbekistonda xorijiy tadbirkorlarning biznes yuritishi uchun  qulay imkoniyatlar, istiqbolli sarmoyaviy muhit yaratilgan – dedi Xitoyning “Yangzhou Sanxin Mining Equipments” kompaniyasi bosh direktori Jin Chjou O`zA muxbiriga bergan intervyusida. –  Shu bois turli yo`nalishlarda o`zaro manfaatli qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda. O`zbekistonda va butun Markaziy Osiyo mintaqasida liftga katta talab mavjud. Shularni hisobga olib, 2014 yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida yuqori sifatli liftlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish niyatidamiz.
 
Tadbirda Xitoyning etakchi firma va kompaniyalaridan ko`plab  ishbilarmonlarning ishtirok etgani ularning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan hamkorlikda qo`shma loyihalarni amalga oshirish, sarmoya kiritish va   uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qiziqishi yuqori ekanidan dalolatdir.
 
Biznes-forum yakunida turli sohalardagi o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga
qaratilgan qator sarmoyaviy bitimlar imzolandi.
 
 
 
 
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1