AsosiySUG'DIYONA

BEDANA TUXUMI BARChA BEDAVO DARDLARGA MALHAM BO`LADI

'BEDANA TUXUMI BARChA BEDAVO DARDLARGA MALHAM BO`LADI'ning rasmi

Rang-barang tusli bu mitti tuxumchalar tovuqnikidan besh karra kichik bo`lsa-da, foydali xususiyatiga ko`ra, barcha parrandalarnikidan yuqori baholanadi. Og`irligi bor-yo`g`i 10-12 grammni tashkil etuvchi bedana tuxumi xalq tabobatida turli kasalliklarga davo sanalishi ham sir emas. Xo`sh, haqiqatan shundaymi?

Bedana tuxumi tarkibida asab tizimiga ijobiy ta`sir etuvchi V1 va V2 vitaminlari, immunitetni mustahkamlovchi, xastaliklarga qarshi chidamlilikni oshiruvchi A vitamini, qon aylanishini yaxshilovchi, moddalar almashinuvini faollashtiruvchi hamda organizmdagi xolesterin miqdorini kamaytiruvchi talay foydali vitaminlar, mikrounsur va aminokislotalar mavjud. Muhimi, bedana tuxumi tovuqnikiday allergiya chaqirmaydi. Shunda ham mahsulotlar, ayniqsa, tuxumdan allergiya qo`zg`ashiga moyillik bo`lsa, ehtiyotingizni qilganingiz durust.

Yangisiga etmaydi...

Bedana tuxumini xarid qilayotganda uning og`irligiga diqqat qiling. Agar tuxumchani qo`lga olganingizda vazni bilinsa, demak, u yangi! Juda engil, ichi bo`m-bo`shday tuyulsa, bilingki, bu tuxumning sotuvchi qo`liga kelganiga 2–3 kun bo`lgan.

Qanday foydalanish kerak?

Albatta, iliq suvda chayib, so`ng qaynatib oling. Biroz xomligicha iste`mol qilishni istasangiz, ikki-uch daqiqa qaynatish kifoya. Yaxshi pishishi uchun esa besh-sakkiz daqiqa baland olovda qaynatish kerak. O`n besh daqiqadan ortiq qaynatilgan bedana tuxumi barcha foydali xususiyatini yo`qotadi. Shu bois vaqt masalasiga bee`tibor bo`lmang.

Saqlash muddati muhim

Xona haroratida 30 kungacha saqlash mumkin bo`lsa, muzlatgichda 60 kungacha asrasa bo`ladi. Negaki, tuxum tarkibida turli zararli bakteriyalar urchishining oldini oluvchi lizosim va aminokislotalar mavjud. Yangi bedana tuxumi 7 kungacha parhezbop sanalib, davo sifatida ishlatiladi.

Kunlik miqdorga rioya qiling!

Foydali xususiyatlari talaygina bo`lsa-da, bedana tuxumiga ruju qo`yish ham yaramaydi. Kattalar kunora 4-6 tagacha bedana tuxumini eyishlari mumkin. Keksalar uchun esa 3-4 tasi kifoya. 1-3 yoshli bolalarga 1-2 dona, 4-10 yoshgacha bo`lganlar uchun 3 dona, o`smir yoshdagilar uchun esa 4 tagacha iste`mol qilish kunlik me`yor sanaladi. Bedana tuxumini xomligicha, qaynatilgan yoki qovurilgan holda eyish mumkin.

Xotirangiz pand bersa...

Yurak qon-tomir kasalliklari, qon bosimining tushishi yoki keskin ko`tarilishi, kuchli bosh og`rig`i, o`tkir bronxit, surunkali va o`tkir respirator xastaliklar, oshqozon yarasi, pankreatit, asab tizimi buzilishlari, qandli diabet, onkologik muammolar, immunitetning zaiflashuvi hamda parinshonxotirlikda bedana tuxumi foydali.

Kuygan jarohatlarga davo bo`ladi

Ikki-uchta bedana tuxumini qaynatib, oqini sarig`idan ajrating. Tuxum sariqchasini sanchqida ezg`ilab, qizdirilgan quruq tovada 20-30 daqiqa qovuring. Hosil bo`lgan tuxumli bo`tqani kuygan jarohatga surtib tursangiz, o`rni qolmaydi.

Osteoxondrozga qarshi surtma

Surtmani tayyorlash uchun 5 dona tuxumni xomligicha idishga chaqib, 2 osh qoshiq sirka bilan aralashtiring. So`ng ustini yopib, sovuqroq erda 2 kun saqlang. Aralashmaga 1-2 osh qoshiq sariyog` qo`shib, bo`tqa tayyorlaysiz. Ushbu aralashmani kuniga 2-3 martagacha surtish mumkin. Bo`g`imlardagi og`riq, osteoxondroz, pay cho`zilishlari va mushaklardagi og`riqlarda asqotadi.

Bo`y o`sishida-chi?

Bir dona bedana tuhumini yaxshilab atalagach, ustidan stakan to`lgunicha yangi sog`ilgan sut qo`shing va engil aralashtirib, iching. Mazkur usulni kunora, erta nahorda, och qoringa qo`llash lozim. Muolaja davomiyligi 1 oy. Xalqona tabobatda ayni muolaja bolalardagi bo`y o`sishidan ortda qolish holatlarini davolashda tavsiya etiladi.

Immunitetga “tez yordam”

Qish kunlari tez-tez shamollashga moyil bo`lganlar ertalab va kechki payt ovqatdan avval 3 tadan bedana tuxumini xomligicha iste`mol qilishlari lozim. Buning uchun tuxumni piyolada atalab, bir ko`tarishda sipqorib ichsa ham bo`ladi. Foydasi bo`lishi uchun tuxum ichilgach, yarim soat hech narsa eyilmaydi. Muolaja davomiyligi 30-40 kun.

Quvvatni oshirish uchun

Nahorga 3-4 ta bedana tuxumini xomligicha iste`mol qilish erkaklarning jinsiy quvvatini oshirishi barchaga ma`lum. Ayniqsa, farzand ko`rishni rejalashtirayotgan erkaklar mazkur usulni haftasiga ikki bor qo`llashi tavsiya etiladi.

Po`stlog`i ham foydali

Bedana tuxumini ichgach, po`stlog`ini sovuq suvda yaxshilab chaying. So`ng suv solingan idishda besh daqiqa qaynating. Suvini to`kib tashlagach, qaytadan sovuq suv bilan to`ldirib, olovga qo`yasiz. Yana besh daqiqa qaynagach, suvni to`kib, ustidan olma sirkasi qo`shasiz va bir kun salqinroq joyda saqlaysiz. Ertasiga esa tuxum po`stlog`ini quyosh tushmaydigan joyda quritib, blenderda ezg`ilab oling. Hosil bo`lgan tuxum po`stlog`i kukuni 1 choy qoshiqning 1\3 qismi miqdorida har kuni ertalab iste`mol qilinadi. Mazkur usul organizmda kalsiy etishmasligi, suyaklar mo`rtligi va qo`l-oyoqlarning tez-tez sinishi kabi holatlarda ijobiy samara beradi.

Kosmetologiyada qo`llaymiz!

Sochlaringiz tez-tez to`kilayotgan bo`lsa, 1 dona bedana tuxumini 1 osh qoshiq aloe bargi sharbati hamda shuncha miqdordagi piyoz suvi bilan aralashtirasiz. Hosil bo`lgan masalliqni soch ildiziga surtib, boshni sellofan bilan o`raysiz. Bir soatdan so`ng iliq suvda chayib olsangiz bo`lgani. Bir oy davomida mazkur niqobni surtish soch ildizini mustahkamlab, uning to`kilishini kamaytiradi.

Yuz terisining “po`st tashlashi” bezor qilsa, mana bu usulni sinab ko`ring: 2 ta xom bedana tuxumi sarig`ini 1 osh qoshiq zaytun yoki o`simlik yog`i bilan aralashtirasiz. Tozalangan yuz terisiga engil harakatlar bilan surtib, 15 daqiqaga qoldirasiz. So`ng iliq suvda chayib olasiz. Muolajani haftasiga ikki marta bajarish kifoya.

MARJONA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi.

Boshqa yangiliklar