— Menimcha, dunyoda yaxshilik qila olmaydigan insonning o`zi yo`q. To`g`ri, kishi alamzada bo`lganida ko`nglida yaxshilikka o`rin qolmagandek tuyuladi. Biroq bu xato! Ishon, bolam bu vaqtincha holat. Axir yaxshilik qilmagan odam o`zini bu dunyoga begona his etadi.
O`g`liga maktubidan
Aviasiyadan to`g`ri san`atga
1926 yilning 2 sentyabr kuni uy bekasi Anna va aviasiya zavodi injeneri Pavel Leonovlar oilasida chaqaloq – Evgeniy tug`ildi. Ikkinchi Jahon urushi boshlanganida endigina ettinchi sinfni tugallagan Jenya 14 yoshida otasi ishlaydigan zavodda tokarga shogird tushadi. Hatto, shu soha bo`yicha texnikumda tahsil ola boshlaydi ham. Texnikumning uchinchi bosqichiga o`tganida Jenyalarnikiga amakisi mehmonga keladi va Katta teatr qoshida eksperemental studiya ish boshlaganini, ular yosh iqtidorlarni izlashayotganini aytadi. Ana o`shanda Leonov o`zini butunlay yangi sohada sinab ko`rishga qaror qilmaganida...
«Siz qabul qilindingiz...»
Leonov kirish imtihonlarini yodga olib shunday degandi: «Aleksand Blokning she`rini o`qishga qaror qildim-u, shu ondayoq o`zimga chetdan nazar soldim. Kichkinagina, beo`xshov, akasining pidjagini kiyib olgan, kartoshka burun yigit. She`r esa muhabbat haqida... Lekin ichki ovozim «qani bo`laqol» derdi nuqul. Birdan baland ovozda, ohangini keltirib, o`qiy ketdim. Tan olaman o`sha she`rni o`qiyotgan men emasdim. U kelishgan, baland bo`yli, ayollarning xushini o`g`irlar darajada barno yigit edi. Rolimda davom etarkanman pedagoglarning yuz ifodasi o`zgara boshlaganini payqadim. She`rni tugatishga ulgurmasimdan hamma qornini ushlab kula boshladi. Odamga alam qilarkan. Men muhabbat haqida gapirsam-,u ular xoxolab o`tirishsa... Bariga qo`l siltadim-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdim. Markaziy eshikka etmasimdan esa orqamdan «Siz qabul qilindingiz...» deya baqirib qolishdi».
Ofisiant, eshik og`asi, va nihoyat, yo`lbars o`rtgatuvchisi
O`qishni tamomlagach, Leonov Stanislavskiy nomli drama teatriga ishga joylashadi. Lekin unga hadeganda salmoqli obrazlar tegavermaydi. U o`n yillar davomida sabr bilan nomsiz ofisiantlar, eshik og`alariyu noma`lum qahramonlarni ijro etdi. Biroq hech kutilmaganda teatrning bosh rejissyori o`zgaradi va yangi rejjissyor unga “Turbinlar kuni” spektaklidagi bosh qahramon Lariosik rolini taklif qiladi. Keyinchalik teatr tanqidchilarining yozishicha, Leonov muhabbat sahnalarini ijro etish uchun yaratilgan aktyor bo`lib chiqdi.
Chinakam mashhurlikni esa 1961 yilda ekranlarga chiqqan «Yo`l-yo`l reys» kartinasidagi hayvon o`rgatuvchi Shuleykin obrazi keltirdi. Biroq suratga olish jarayonidagi mashaqqatlar aktyorni esankiratib qo`ydi. Axir qahramonimiz avvallari sira yo`lbarslar bilan to`qnash kelmagan, kamiga ulardan o`lguday qo`rqardi-da.
Tomoshabinlar soni – 65 million!
1971 yilning dekabr oyida katta ekranlarga chiqqan “Omadli jentelmenlar” filmi sobiq ittifoq hududida eng ko`p ko`rilgan kartinaga aylandi. O`sha paytda atigi 20 tiyin turadigan kino biletini topishning umuman ilojisi bo`lmas, muxlislar uni tomosha qilish uchun 3 rubl berishga ham tayyor edilar. O`sha yili filmni 65 million tomoshabin ko`rdi. Bosh qahramon obraziga Leonov xech qanday sinovlarsiz tayinlanadi. Negaki rejissyor Grigoriy Daneliya Leonov unga omad olib keladi, deb hisoblardi. Bevosita rolning o`ziga kelsak, bog`cha mudirini aktyor tayyorgarliklarsiz birinchi dubldayoq ijro etadi. Axir uning o`g`li Andryusha aynan bog`cha yoshida edi-da. Shuning uchun yosh aktyorlar bilan do`stlashib olishi oson kechdi. Ammo dosent obrazini gavdalantirish uchun u qamoqxonalar va jazoni o`tash kolloniyalariga borishiga to`g`ri kelgandi. Kartina ekranlarga chiqqach esa Leonovning muxlislari qatoriga ko`psonli mahbuslar ham qo`shilishgandi.
Sevishga ruxsat tegdi!
Xalqning mehrini qozonib ulgurganiga qaramay Evgeniy qizlar bilan munosabat o`rnatishga qiynalardi. Yosh aktrisalar uning say`i harakatlarini nazarga ilishmas, Leonov esa bariga bo`yining pastligi, to`ladan kelgan qomati, dumoloq yuzi va kartoshka burnini aybdor sanardi. 31 yoshga to`lganidagina uning boshiga baxt qushi qo`nadi.
Voqea esa shunday bo`lgandi. Teatr jamoasi bilan Sverdlovskka ijodiy safarga borgan Jenya o`z xayollari bilan ko`chalarni bemaqsad kezarkan ko`prik yoniga kelganda qoqqan qoziqday qotib qoladi. Uning nigohlari qo`lida guldasta tutgan, sochini shamol engligina uchirayotgan, bejirim ko`ylak kiygan qizga tushgandi. «Bu taqdir!» o`yladi u va bor jur`atini to`plab, qizning yo`lini to`sdida «Agar men bilan Moskvaga ketmasangiz, o`lib qolaman» deydi. Єaniydi, hammasi kinodagidek oson va oddiy bo`lganida. Єizni gapga solib ismini bilib oladi. Vanda — naqadar go`zal ism! Ammo raqamini olishga uquvsizlik qiladi. Shunda ham aktyor bo`sh kelmay Vandani spektaklga taklif qiladi. Єiz esa o`ylab ko`rib, qo`ng`iroq qilishini aytadi. Oshiq yigit 20 soatdan ortiq telefonga mo`ltirab o`tirdi. Ko`chaga chiqishni-ku umuman o`ylamas, mabodo kimdir qo`ng`iroq qilib qolsa, suhbatni qisqa qilish payida bo`lardi. Axir shu onda Vanda raqam terayotgan bo`lishi mumkin edi-da. Nihoyat telefon jiringladi, qiz tomoshaga kelishga rozi bo`lda. Oradan ko`p o`tmay ular turmush qurishdi. Leonov Vandasini samoviy ma`budaga qiyoslar va har tong ko`zini ochgach «Seni sevishimga ruxsat berganing uchun minnatdorman» deya muhabbatini izhor qilardi. Moskvaga umuman notanish, kelajagi mavhum, ko`rimsizgina aktyorning izidan kelgan Vanda esa tez orada xalq suygan artistning rafiqasiga aylandi.
Bir reklama mojarosi
1975 yili Leonov Mayakovskiy teatridan katta janjal bilan bo`shab ketadi. Bunga esa televidenieda efirga ketgan baliq do`koni xaqidagi ikki daqiqalik syujet sabab bo`ladi. Leonov baliqni juda yaxshi ko`rar, teatr yaqinidagi baliq do`konining doimiy haridorlaridan edi. Bir kuni ishdan so`ng tanish do`konga kirarkan, televideniedan suratga olishayotganini aytishadi va Leonovdan baliq ushlab suratga tushib berishni iltimos qilishadi. Єahramonimiz ko`ngilchan inson emasmi, ularning iltimosini qaytara olmaydi. Ertasiga teatrning bosh rejissyor g`azabdan titrab ketgudek bo`lib eshikdan kiradi va hammani to`plab: “O`rtoqlar, kelinglar o`zaro pul tashlashib Evgeniy Pavlovichga beramiz. Axir kimsan xalq artisti pul uchun reklamada rol ijro etib yursa, uyat bo`ladi...” deydi alamdan qizarib. Bu so`zlardan so`ng Leonov yig`lab yuborgudek bo`lib teatrni tark etadi. Va qaytib kelmaslikka ont ichadi.
Chinakam mo``jiza...
1988 yili Stanislavskiy teatri jamoasi ijodiy safar bilan Germaniyaga jo`naydi. Bizning Leonov ham o`g`li Andrey bilan safarga otlanadi. Lekin samolyot qo`ngach, aktyorni kutilmaganda yo`tal qiynay boshladi. Avvaliga shamollagadir deyishdi. O`tib ketavermagach mahalliy shifokorlardan birini chaqirishga to`g`ri keladi. U esa bemorni rentgenga tushirish lozimligini aytadi va shifoxonaga yuboradi. Shifoxona eshigidan kirishgan edi hamki, Leonov xushini yo`qotadi. Ma`lum bo`lishicha, Leonov infarktni boshdan kechirgan. Faqat mo``jiza tufayli kerakli paytda kerakli joyda bo`lganlari uchungina uni asrab qolishgan ekan.
Bu orada Vandani ham Germaniyaga chaqirib olishadi. «Sizni eshitadimi, yo`qmi, bilmayman. Lekin unga doim yaxshi gaplardan gapiring. Agar eshitayotgan bo`lsa, qaytishiga yordam bergan bo`lasiz» deya ko`rsatma beradi shifokor unga. Hamkasblari esa teatr foesida «Yunona va Avos» spektaklida yodlashgan duolarini o`qib, aktyorni qaytarishini so`rab Yaratganga iltijo qilishadi.
Leonov doim Vanda uni sevmasligidan, biror marta ham muhabbat izhor qilmaganidan o`ksinardi. Mana nihoyat komadan so`ng ko`zini ochganida birinchi bo`lib rafiqasini ko`radi. Shu 28 kun davomida Vandadan eshitgan izhorlarini esa hech kimga aytmadi....
Yurak o`z bilganidan qolmadi!
Komadan keyin 4 oy o`tgach Leonov yana teatrga qaytadi. Yana jon-jahdi bilan ishlay boshlaydi. 1994 yilning 29 yanvar tongi odatdagidek o`tdi. Aktyor rolini ijro etish uchun teatrga otlanarkan to`satda yiqildi. Vanda uni shimiga o`ralashib qolgan bo`lsa kerak, deb o`ylab uning yoniga bordi. Leonov bir silkinib, rafiqasining qo`llarida jon taslim qildi. O`sha kuni teatrga tashrif buyurgan tomoshabinlarning birortasi biletini qayta topshirmadi. Ular sovuq kunda qo`llarida sham bilan soatlab cherkov eshigi qarshisida turishdi va sevimli aktyotrlarini so`nggi manzilga kuzatishdi.
Saodat OChILOVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






