Ko`pdan buyon diydorlashmagan dugonangiz bilan shu bugun tushlikda, o`sha mash`um qahvaxonada uchrashmaganingizda, vafodor umr yo`ldoshingizning bir qiz bilan chaqchaqlashib o`tirganini ko`rmagan bo`larmidingiz... Ammo to`xtang! U erda janjal ko`tarish sizga yarashmaydi. Ortiqcha hissiyotlarga berilmang. Aksincha, aybdorlarga yaxshigina zarba berishga zimdan tayyorlaning!
Turmush o`rtog`ingizning xiyonatiga guvoh bo`lganpaytingiz, birinchi navbatda: “Menga nima kerak?”, degan savolga javob izlashga harakat qiling. Eng qiyini eringizning bu “ayb”iga ham qaramay sevishingiz, olamda undan yaxshisi yo`qligiga ishonishingiz. Agar shunday bo`lsa, oilani saqlab qolishni istasangiz, oqilona yo`l tutishga harakat qiling! Shunday qilingki, xiyonatkor “vafodor”ingiz bundan dovdirab qolsin!
Jahldan tiyilgan yutqazmaydi
...Azizani tanib bo`lmay qoldi. U xuddi dunyoni suv bossa, to`pig`iga chiqmaydigan odamga aylanib qolgandek edi. Yaqinlari, hattoki besh yil birga yashagan eri — Rustam ham unga qarab lol edi. Ayniqsa, o`sha kun... Turmush o`rtog`ini mashinasida bir qiz bilan ko`rib qolganidan so`ng Aziza boshini mag`rur tutgancha ters burilib ketdi va boshqa yo`ldan yurishga ahd qildi.
So`nggi bir necha haftalar davomida er rafiqasidan janjal ko`tarishi, uni savollarga tutishi, azoblanishi, hech bo`lmaganda yig`lashini kutgandi. Aksiga olib, xotini tamoman sukutda. Bu jimjitlikdan qutulish uchun u nimadir qilishi kerakligini o`ylardi. Aybini yuvish, oiladagi xotirjamlikni saqlab qolish va Azizani xursand qilish uchun Rustam o`ylay-o`ylay uyni ta`mirlash ishlarini boshlab yubordi. Keyin esa yoz kelganida issiq o`lkalardan biriga sayohat yo`llanmasini sovg`a qildi. Bu paytda esa Aziza “jarimaga tortilgan” eridagi ijobiy o`zgarishlarni jimgina kuzatishda davom etdi...
Aybdorlik hissi oilaga foyda keltirsa, erkak kishining xiyonat ko`chasiga kirishiga yo`l qo`ymasa, bunga qarshilik qilmaslik lozim...
Er — yarim pirmi?
Erni hurmat qilish, unga itoat etish rafiqaning burchi, biroq butun olam er atrofida aylanmasligini ham tushunish lozim. Odatda, biz — ayollar butun borlig`imiz va hayotimizni turmush o`rtog`imizga bag`ishlaymiz. Uning atrofida parvona bo`lamiz, vaqti kelsa, istagiga ko`ra, o`z orzularimizdan voz kechamiz. Biroq mehrimiz va ishonchimiz evaziga xiyonat bilan javob qaytarilsa-chi?
... Institutni ikki bolasi bilan bir amallab bitirib olgan, uchinchi farzandi to`rt oylikka to`lgan Masturaningyuragiga pichoq sanchilgandek bo`ldi... Eri Ilhom unga vafosizlik qildi. Qalbining tubidan otilib chiqqan “Qachongacha sabr qilish mumkin?”, degan og`riqli hayqiriq bora-bora uni o`zgartirdi. Turmush o`rtog`idan nima uchunligini so`ramang, deya yaxshigina pul oldi. Farzandlarini qaynonasiga topshirib, yillar davomida unut bo`lgan maskan — go`zallik saloniga oshiqdi. Qaytishda bir necha do`konga kirib, o`ziga yoqqan, ilgari olishga iymangani yorqin rangli kiyimlardan xarid qildi. Ayol kishi o`zi haqida qayg`urishi va e`tibor berishi kerakligini u endi tushuna boshlagandi. Shu bois qaynonasi bilan maslahatlashib, mutaxassisligi bo`yicha ish qidirdi, erining xiyonatini esa eslamaslikka urindi. Tashqi ko`rinishini yaxshilash va uydan chalg`ish maqsadida fitnes klubga a`zo bo`ldi. Masturaning ruhan tetiklashgani, dilbar ayolga aylangani eriga faqatgina ijobiy ta`sir qildi. Yonginangda shunday go`zal bo`lsa-yu, vaqting, e`tiboringni ko`chadagi engiltaklarga ajratasanmi, kishi?! Yo`q, albatta. Buni vaqtida tushungan Ilhom rafiqasining sevgisi va ishonchi uchun kurasha boshladi.
Raqib tomon qadam tashlang!
Lolaning tutgan yo`li tahsinga sazovor! Muloyim va xushchaqchaq ayol bo`lgani uchun boshqa dugonalaridan farqli o`laroq, erning jazmani ham inson ekanligini unutmadi. Va zudlik bilan dushmaniga yaqinroq bo`lish taraddudini ko`rdi.
O`sha yoshgina juvon bilan ilk uchrashuvlari eri — Botirning ofisida bo`lgandi. Erining ishxonasiga ogohlantirmay kirib borgan Lola Botir akaning yonida suzilibgina turgan qizga duch keldi.
Ikkinchi uchrashuv shahar markazidagi qahvaxonalardan birida bo`lib o`tdi. Qattiq asabiylashayotgan ayolsochlarini hech kim yulmayotganiga hayron edi. Suhbat davomida ayolning pulga muhtojligi ma`lum bo`ldi, shunga ko`ra, unga Botir aka emas, balki uning boyligi kerak ekan. Qiz dang`illama uy, ikkala mashina hamda bankdagi hisobraqami Lolaning nomida ekanligini bilgani zahotiyoq, oshig`idan osongina voz kechdi, ya`ni boshqa birovning mashinasiga o`tirib ketadigan odat chiqardi.
“Mendan boshqa kimga ham keraksan!”
Erkaklar rafiqalariga xususiy ko`chmas mulklariga qaragandek munosabatda bo`lishga odatlanishgan. Ularning nazdida, er boshqa gullarni hidlab kelguniga qadar xotin xuddi haykal kabi bir joyda qimir etmay turaveradi. Afsuski, bu yanglish fikr!
Nafosat opa erini desa jonini berishga ham tayyor edi. U bilan birga kechgan o`ttiz yil ichida biror marta ajrashishni istamadi. Biroq hamisha ham hayot ko`rguliklariga bizning xohish-istaklarimiz to`g`ri kelavermas ekan. Eri — Azimjon xotinining oilasi buzilgan dugonasi bilan yaqin munosabatda ekani ma`lum bo`lganidan so`ng Nafosat opa qattiq aziyat chekdi, ruhi ezildi. U dugonasidan shu zahotiyoq voz kechdi, biroq eri uchun kurashni boshqacharoq usulda qo`lladi. O`sha mash`um kundan bir hafta o`tgach, uydagi kompyuteridan internetga kirib, ijtimoiy sahifaning a`zosiga aylandi. U erdan maktabdoshlari va kursdoshlarining bir qanchasini topdi. Oradan hech qancha vaqt o`tmay, sinfdoshlari bilan uchrashuvga yasan-tusan qilib otlanayotganida Azimjon xotinidan xavotirga tushib qoldi. Va uni yo`qotmaslik uchun o`zgarishga qaror qildi.
Sevgan, suyangan, joningni fido qilishga tayyor, o`zingga inongandek ishongan insoning ortingdan kelib, pichoq sanchishiga bardosh berish juda qiyin. Buni faqat boshidan o`tkazganlargina biladi... hech bir oilani xiyonat atalmish ko`rgulik barbod qilmasin, bolalar tirik etimga aylanmasin!
Manba: "SUG‘DIYONA" gazetasi