Aytaylik, bir necha kundan so`ng tavallud ayyomingiz yaqinlashayotgan bo`lsa-da, kayfiyatingiz havas qilgudek emas. Sababini aytaymi? Siz «Yana bir yoshga qariyapman», deb xafa bo`layapsiz. Topdimmi? Biroq yoshingizga yosh qo`shilishi sizga bunday ta`sir etmasligi kerak. Chunki vaqtni nazorat qila olsangiz, 30, 40 yoshga kirib ham atrofdagilarning maqtovlaridan bahramand bo`laverasiz. Buning uchun esa albatta bir necha qoidalarni o`rganib, ularga amal qiling.
1. Har tongni faqat yaxshi kayfiyat bilan boshlang! Mashoyixlar aytganidek, kunni qanday boshlasang, bir kunlik hayoting ham shunday o`tadi.
2. O`zingizni seving! Axir tashqi ko`rinishingiz ichki olamingizga mos kelishi uchun nafaqat boshqalar e`tirofi, balki o`zingiz ham buni qalban his etishingiz kerak. Yoshingizdan uyalmang, zero, umr yoshi insonning qariyotganini emas, uning hayotiy tajribasi nechog`lik boyligini anglatadi.
3. Fikrlaringiz, qarashlaringiz to`g`ri yo noto`g`riligini o`ylab o`tirmay, yaxshisi, ular haqida boshqalarning ham fikrini tinglang. Ehtimol, sizni o`ylantirayotgan masalaning echimi juda osondir-u, buni ilg`amayotgandirsiz.
4. Bir xil qolipga tushib qolmang. Bu nafaqat tashqi ko`rinishingiz, balki o`qish, ish va qiziqishlaringizga ham tegishli. Misol uchun, bu oy biror kitobni mutolaa qilsangiz, kelasi oyga boshqasini tanlang. Libosingizdagi ranglarga ham ahamiyat bering. Turli ranglar bilan tajriba o`tkazishdan cho`chimang.
5.Ishda va uyda jihoz, buyumlarning o`rnini almashtirib, yangilik kiritib turing. Bu ham kechagi kun ortda qolganini, oldinda yangi-yangi g`oyalar borligini bildiradi.
6.Bu yilgi tug`ilgan kuningizni o`zgacha tarzda nishonlang. Har yili bir xil ko`rinishda takrorlanadigan dasturxonu tadbirlardan zerikmadingizmi? Dasturxonni yangicha ko`rinishda bezang, o`zingiz ham har doimgidan o`zgacha ko`rinishda bo`ling. Sizni ko`rganlar «Necha yoshga kirdingiz?» deb hayratlarini yashirolmasin.
7.Kayfiyatingiz doim ko`tarinki ruhda bo`lishini ta`minlang. Buning uchun esa o`zingizni «hammasi yaxshilikka!» deya ishontiring. Shundagina sizdagi ishonch vaqt va masofa tanlamaydi.
8.Boshqalarnikidan farqlanadigan hayotiy shior o`ylab toping. Iloji bo`lsa, ular bir nechta bo`lsin. Chunki bittasi bilan chegaralanib qolganingiz bilan boshqalari ham o`z-o`zidan kelib chiqaveradi-da!
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






