AsosiySUG'DIYONA

AYoLLARGA INTERNET NEGA KERAK?

'AYoLLARGA INTERNET NEGA KERAK? 'ning rasmi

Bu savolga javob berish asnosida har bir ayol turlicha fikr bildiradi. Kimdir uchun internet o`ziga xos yangiliklar olami, virtual bo`lsa-da, go`zal dunyo, boshqa birovlar uchun esa ishga unum baxsh etuvchi benazir vosita. Chindan ham,ayollar interneti o`zgacha bir olam. Ular virtual sahifalarda hayotlaridagi hamma narsani – turmush, bola-chaqa, bozor-o`char, ro`zg`or, atir-upayu pardoz-andozni aks ettiradilar. Ayollar tarmog`ida kunning eng muhim xabari – biror shou-biznes yulduzining shaxsiy hayotidagi o`zgarish yoki ko`z ko`rib, quloq eshitmagan (!) makiyajning yangicha usuli bo`lishi mumkin.

Nimani izlayapsiz?

Internet tarmog`ida ayollarga bag`ishlangan ko`p ming sonli saytlar bor (ularning aniq sonini hali hech kim hisoblab chiqmagan). Shuni ham aytish kerakki, xotin-qizlarni internetda faqat ularning o`zlariga mos saytlar qiziqtiradi, deganlar adashadi. Oddiy misol: agar siz uydagi kompyuter orqali internetga kirsangiz va turmush o`rtog`ingiz ham undan foydalansa, tarmoqqa bog`langaningiz hamon birinchi navbatda, brauzerning tarixini tekshirasiz, to`g`rimi? Eringizning qaysi saytlarga kirayotgani, nimalarni o`qiyotganiyu kimlar bilan muloqotda bo`layotgani siz uchun qiziq. Barini “tekshirib” ko`rgach, tashvishga hojat yo`q bo`lsa, xotirjam tortib, boshqa sahifalarga o`tasiz.

Aslida, ayollarga bag`ishlangan saytlar mundarijasiga bir ko`z yugurtirishning o`zi, kifoya, biz internetdan nimani izlashimizni tushunib olasiz. Chunki talabga yarasha taklif bo`ladi-da. Mana, ayollar saytlarining taxminiy mundarijasi: «Moda», «Go`zallik», «Salomatlik», «Muhabbat», «Pazandalik», «Psixologiya», «Oila», «Mashhurlar», «Xobbi», «Sayohat»... Saytga kirgan ayol yuz terisi uchun yangi niqob reseptini, qaynona bilan munosabatlarni yaxshilash usullarini, o`smir farzand bilan duch kelinishi mumkin bo`lgan muammolarni bilib oladi. Erkaklarni esa bunday «intellektual vinegret» aqldan ozdirishi mumkin! Shuning uchun ularga mo`ljallangan saytlarda avtoolam alohida, huquq sohasi alohida, yangiliklar va moliya mavzulari bo`lak-bo`lakjoylashtirilgan. Tayyoriga o`rgangan alplar ayollar saytlariga kirishmaydi (kirmay qo`yaqolishsin, o`zimizning sirlarimiz bor!). Bilsangiz, xotin-qizlarga atalgan sahifalardagi bunday aralashlik atay qilinadi, go`yo polizga qo`yilgan qo`riqchidek, ayollarga xos saytlardan erkaklarni “quvadi”. To`g`ri-da, axir, xonimlarning virtual “bog`”i turli-tuman gulu lololarga liq to`la. Va shularning bari bir kun asqotadi.

Xullas, ayollar intenetdan nekbinlik, maslahat, hamsuhbat va eng muhimi (balki ayanchlisi) – baxt izlashadi.

Virtual «g`iybatxona»

Internet sarhadlarida ayollar forumlarining ham o`z o`rni bor. Bu erda ayollar turli mavzularda dardlashadilar, g`iybatlashadilar, fikr almashadilar, bahlashadilar... Ayollar forumi, bir qarasangiz, xotinlar chaqchaqlashib o`tiradigan ko`chadagi o`rindiqni, yana bir boqsangiz, ruhshunos qabulini eslatadi. Mana, ayollar forumiga yozilgan xatlardan biri:

«Dugonajonlar, maslahat bering. Boshimizga bir tashvish tushdi. Ukam Evropada yashaydi. O`qishga ketganicha besh yildan oshdiki, kelay, demayapti. Uni uylantirish uchun onam ikkimiz ne-ne qizlarni topib, rasmini jo`natdik. Ammo u oila qurishga hech rozi bo`lavermadi. Tunov kuni esa evropalik qizlardan biriga uylanishini aytib, xat yozibdi. U bilan qaerda, qanday tanishgan, bilmaymiz. Eng yomoni, ukam yakkayu yagona o`g`il. U qizga uylansa, umuman uyga qaytmay, bir umr begona yurtlarda qolib ketadi».

Yoki:

«Turmushimda halovat bo`lmay, ajrashgandim. Bugun maktabdagi birinchi muhabbatim – sinfdoshim menga sovchi qo`yib, ikkinchi xotinlikka taklif qilayapti. O`zimning ham unda hamon ko`nglim bor, ammo ikki bolaning otasini oilasidan sovutib, tegib olsam, qarg`ishga qolishni o`ylab, siqilayapman…»

Bu hikoyalarning mazmunidan ham ko`ra, ularga yozilgan sharhlaru maslahatlar qiziq. Negaki, har kim o`z tajribasi, ijtimoiy mavqei va dunyoqarashidan kelib chiqib, maslahat bera boshlaydi. Bir payt qarasangiz, bu o`gitlar minglab ovozlar ishtirokidagi xorga aylanib, nimanidir tushuntirayotgan, nasihat o`qiyotgan, yupatayotgan yoki gij-gijlayotgan bo`lib chiqadi. Yarim yo`lga borib esa mavzu umuman yangi pirog resepti yoki qo`shni qizning g`iybatiga burilib ketishi ham mumkin!

Ijtimoiy tarmoq: yaxshimi yoki yomon?

Keyingi paytda ayollarning ijtimoiy tarmoqlarga ruju qo`yishi oilaviy ajrashishlar, fotiha buzilishi kabi noxush holatlarga ham sabab bo`layotgani bot-bot tilga olinmoqda. Shubhasiz, bu gaplarda jon bor. Ammo shunisi ham borki, «Odnoklassniki» yoki «Facebook»dan sahifa ochgan ayollarning barchasi ham oilasi bilan ajrashib, yomon yo`lga kirib ketayotgani yo`q. Noxush holatlar shunchaki sholi orasida uchrab turadigan kurmaklar.

Endi eng qizig`ini eshiting: ijtimoiy tarmoqda ko`p o`tiradigan ayollar semirib ketar ekan! Bu ilmiy isbotlangan haqiqat. hushyor bo`ling, xonimlar! hammasiga sabab kamharakatlik va chatda yozishib o`tirganingiz payt bilmay eb qo`yadiganingiz ortiqcha kaloriyalardir. Qolaversa, hali oila qurmagan qizlarning ruhiy ahvoli ijtimoiy tarmoqlar tufayli yomonlashar, ularda tushkunlik, jizzakilik kuchayar, o`zlarini yanada baxtsiz his qilar ekanlar. Chunki ular tarmoqdabaxtini ko`z-ko`zlaydigan xonimchalarning maqtanchoq «statuslari», yaltir-yultir rasmlarini ko`rishadi, chat orqali ermakka gaplashib o`tiradigan yigitlar hurmatsizlik qilayotganidan xafa bo`lishadi.

Niqob ortidagi haqiqat

Ruhshunoslarning fikricha, shaxsiy hayotidan mamnun, o`ziga ishongan ayol tarmoqda asl ism-sharifi (hatto bir emas, ikkita familiyasi)ni aniq ko`rsatadi. «Maftuna Asal», «Nozli Nozanin», «Joni» kabi tuturiqsiz taxallus sohibalarining esa tarmoqdan sarguzasht izlashi, shubhasiz. Yoshi, jinsi, hatto asl qiyofasini yashirib, turli ekran yulduzlari chehrasini niqob qilib oladiganlar esa o`ziga ishonmagan ayollardir.

Kuni kecha ajoyib bir status o`qib qoldim: «Kishining «avatarka»si uning ichki dunyosiga mutanosib ravishda turlanib boradi». Erkaklarda qanday bilmadim-u, bu nuqtai nazarni ayollarga nisbatan bemalol qo`llash mumkin. Chunki ularning ijtimoiy tarmoqlarda kundan-kunga o`zgarib turadigan qiyofalari bilan tabiatlaridagi beqarorlik o`rtasida bevosita bog`liqlik bor.

Hushyor bo`ling, erkaklar!

Internet baribir virtual olam. Barcha ijobiy xislatlarini e`tiborga olganda ham u real hayot bilan bahslasha olmaydi. Shu ma`noda agar rafiqangiz virtual olam bilan real hayot o`rtasidagi chegarani yo`qotib borayotgan bo`lsa, bunga o`zingiz sababchisiz, hurmatli erkaklar! Zero, er kishi ayolning hayotini hamisha, har kun yorqin va rango-rang bo`yoqlarga to`ldirishi kerak. Ana shunda hech bir sayt va tarmoq ayolning e`tiborini qozona olmaydi.

Manba: "SUG‘DIYONA" gazetasi

Boshqa yangiliklar