Ayni dam yashab kelayotgan uyimiz bundan 15 yil oldin qurilgan. Ikki marta kadastrni yangilaganman. Yuridik shaxs hisoblangan binolar har yili amortizasiya qilinadi. Shunga ko`ra mol-mulk solig`i belgilanadi. Jismoniy shaxslar mol-mulk solig`ini to`lashda nega amortizasiya qilinmaydi? Bu masalani kim hal etadi?
Maxmud Turdiev, Toshkent shahri
- O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 277-moddasiga asosan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq to`lovchining yashash joyidan qat`i nazar, soliq solish ob`ekti joylashgan erdagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi organning ma`lumotlari asosida amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi mol-mulkning 1 yanvarga bo`lgan holatiga ko`ra inventarizasiya qiymatidan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 29 dekabrdagi 478-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Jismoniy shaxslarning mulki bo`lgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash to`g`risidagi Nizom» jismoniy shaxslarning mol-mulkini soliq solish maqsadida baholash va qayta baholash tartibini belgilaydi.
Mazkur nizomning 2-bandida jismoniy shaxslarning mulki bo`lgan mol-mulkning qayta ro`yxatdan o`tkazishdan keyingi qiymatini aniqlash ishlarini «Ergeodezkadastr» davlat qo`mitasining tuman (shahar) er tuzish va ko`chmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo`yilgan.
Nizomning 11-bandida uy-joylar va boshqa imoratlarning jismoniy eskirishini aniqlash imoratni ko`zdan kechirish natijalariga ko`ra, konstruktiv elementlarning jismoniy eskirishini aniqlash usuli bilan amalga oshiriladi. Konstruktiv elementlar bo`yicha jismoniy eskirish foizini aniqlashda baholash paytida ularning texnik holatini tekshirish asosida ushbu elementlarning eskirish foizi belgilanadi.
Turar-joy binolarining jismoniy eskirganligi «Turar-joylarning jismoniy eskirganligini baholash usuli (VSN53-86)»ga ko`ra aniqlanadi.
Foydalanishga topshirilgan sanasi va xizmat qilish normativ muddati ma`lum imoratlar va inshootlarning (uy-joylardan tashqari) jismoniy eskirganligi jadvalga muvofiq xizmat qilish muddatlariga ko`ra aniqlanishi ko`rsatib o`tilgan.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






