Siz ham boshqalar kabi foydali mahsulotlarni tug`ruqdan so`ng bolaga sut bo`lsin uchun eyilsa, bas, deb o`ylasangiz, adashasiz. Zero, sog`lom bola dunyoga kelishi uchun to`g`ri ovqatlanish tartibini ayni homiladorlikdan boshlash lozim.
Kartoshka – bu sabzavot tarkibida S vitaminining ulkan zaxirasi mavjud. Shuningdek, foliy kislotasi, kaliy, kletchatka va uglevodlar ham talaygina. Ayniqsa, yangi chiqqan kartoshkani po`sti bilan qaynatib iste`mol qilish homilador ayol uchun foydalidir.
Brokkol –bu kichik “karamcha”dan tayyorlangan salat va taomlar, ayniqsa, homiladorlikning birinchi uch oyligida tavsiya etiladi. Brokkol karami foydali xususiyatiga ko`ra, organizmdagi zararli toksinlarni haydab chiqaradi.
Yong`oq – homilada immunitet va asab tizimini rivojlantiruvchi foydali moddalarni jamlagan. Eryong`oq, eron va grek yong`oqlaridan yarim-bir siqim miqdorida kunora yoki 2-3 kunda biriste`mol qilib turish kifoya.
Sut va qatiq – o`zingiz va tug`ilajak farzandingiz organizmi uchun g`oyat zarur bo`lgan kalsiy moddasini sut va qatiq mahsulotlaridan olishingiz mumkin. Ertalab 1 st. asal va sariyog` aralashtirilgan iliq sut ichsangiz, kechqurun uyqudan avval shuncha miqdorda yog`siz qatiq iste`mol qilishingiz mumkin. Sut va qatiq asablaringizni tinchlantirib, tinch orom olishga ko`mak beradi.
Baliq go`shti – foydali xususiyatiga ko`ra, D vitamini hamda fosforga boy. U tug`ilajak farzandingizning asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta`sir etadi. Imkoni bo`lsa, haftada bir marotaba yog`siz baliq go`shtidan tayyorlangan taom yoki eguliklardan iste`mol qilib turish maqsadga muvofiqdir.
Dukkakli mahsulotolar – oq va qizil loviya, no`xat, yasmiq doni (chechevisa) kabilardan tayyorlangan taom va eguliklar organizmning oqsil zaxirasini boyitadi. Bu esasalomatlik uchun juda foydali.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






