Bizga mo``jizadek ko`ringan virtual dunyo bugun haqiqatga aylanib ulgurdi. Los-Anjeles shahrida “IMAX” kompaniyasi tomonidan birinchi VR markazi ochilgani ham shundan dalolat.
Virtual olamga sayr qilishni istovchilar uchun bu markazning ochilishi ayni muddao bo`ldi. Markaz 14 bo`limdan iborat bo`lib, tomoshabinlarga turli qulayliklar yaratishga alohida e`tibor qaratilgan. Hozircha bu katta maydonni egallagan VR markazi dunyoda yagona. Markazning har bir bo`limida turlicha virtual dunyo tasvirlangan bo`lib tomoshabinlarda juda katta taassurot qoldirmoqda.
Ochilish marosimida ham yangi texnologiyalardan foydalangan holda ishtirokchilarni hayron qoldirishga erishildi. Ko`pchilik buni haqiqatda ham sodir bo`layotgan voqea deb o`ylagan. IMAX kompaniyasi xodimlarining ta`kidlashicha, yaqin kunlarda bunday markazlar soni ko`payadi va yana bitta markaz Xitoyning Shanxay shahrida ochilishi rejalashtirilmoqda.
VR markazi faoliyatini yanada mustahkamlash borasida turli studiya, yirik kompaniyalar, mashhur firmalar bilan istiqbolli shartnomalar imzolandi. Bularga Warner Bros, Twentieth Century Fox kabi studiyalarni misol keltirish mumkin.






