1

​QALTIS YO`L

Mutolaa 29.09.2017, 17:26
​QALTIS YO`L

Doniyor baxtini qo`ldan boy berganidagina qanchalik qaltis yo`lga qadam qo`yganini angladi...

Toshkentda otasidan qolgan ikki qavatli kottej hovlisi, Anhor bo`yida joylagan to`rt qavatli uylarning birida besh xonali uyi bor edi. Serqatnov ko`cha bo`yidagi do`konidan xaridorlarning oyog`i uzilmasdi. Do`konga xaridor kelishi – dasta-dasta pul qo`lga kiritilishi demakdir!..

Otasidan meros qolgan “Neksiya” va qaynotasi sovg`a qilgan “Lasseti”ni ijaraga berib, o`zi piyoda yurardi. Sababini surishtirganlarga, piyoda yurish foydali, deb qo`ya qolardi. Aslida, ijaraga berilgan engil mashinasidan keladigan foydani yaxshi bilardi. Shu mashinasini o`zi minsa, kuniga falon pul sarf-xarajat qilar ekan, boz ustiga shaharda yurish tartib-qoidalari murakkab, nazorat kuchayib bormoqda. O`zi taksida yursa, unga ketadigan puli ijaradagi mashinalaridan keladigan foydasi oldida urvoq ham bo`lmaskan! Qolaversa, kuni asosan do`konida o`tadi...

Shukrona aytib yashaydigan odam nonning uvog`iga ham shukr qilaveradi. Ko`zi och tog`ni yamlab yutsa-da, ko`rdim demaydi...

Doniyor avvaliga kamtarona yurdi.

Ota-onasini so`nggi manzilga kuzatgach, butunlay o`ziga qolgan kottejni bir tadbirkorga ijaraga berdi. Har oyning boshida naqd 500 ko`kidan berib turishga kelishdilar. Tadbirkor ham ishning ko`zini biladiganlardan ekan, bir yilligini (6000 dollar!) shart qo`liga tutqazdi.

Yigitni uch narsa buzadi, deganlari rost, ya`ni: pul, ichkilik yoki ayshu-ishrat...

Doniyor og`ziga bir qultum ham olmaydiganlar xilidan edi. Ayshu-ishrat deganlaridan ham yiroq yurardi. Faqat, hayot, olam-jahon deganlari ko`ziga puldan iborat bo`lib ko`rinardi.

Hayotda har bir odamning o`ziga yarasha do`sti va dushmani bo`larkan. Do`st deganlaring to`g`ri yo`l ko`rsatadi, dushman esa birinchi galda adashtiradi...

Boylikka ruju qo`ygan Doniyor bu qadar chuv tushishini hatto etti uxlab tushida ham ko`rmagandi. Unga Qo`qondan sham olib kelib beradigan hamkori – Norali degan savdogar bir kuni o`zaro gurungda qulfi dilini ochdi:

– Ey-y, oshna, siz bilan biz savdo yo`lida uvoq terib yuribmiz. Ishning ko`zini bilganlar har kuni bir dunyo boylikka ega bo`lmoqda.

– Masalan, qandoq qilib?– Ko`zlari o`ynab ketdi Doniyorning.– Biz ham qo`l qovushtirib o`tirmaylik...

Noralining aytishicha, qo`qonlik bir ishbilarmon shamning donasini bor-yo`g`i 150 so`mdan berarkan. Yo`l va boshqa xarajatlari bilan 200 so`mga tusharkan. Do`konlar uni 900 so`mdan olib, 1000 so`mdan sotarkan. Demak, shu ishni qoyil qiladigan o`rtadagi odamga 600 so`m sof foyda qolarkan!

– Faqat, buning bitta sharti bor,– dedi maqsadga o`tib shamfurush.– U eng kamida 200000 ko`kiga o`ynaydi...

– O`ynaydi, deganingni tushunmadim,– dedi Doniyor hoziroq shu pulni qo`lga kiritgisi kelib.– Qanaqa o`yin?

– Ya`ni, kamida 200000 ko`kidan bersang, shunga yarasha sham olasan. Ular bundan kamiga o`ynamaydi, – dedi shamfurush dallollikni qoyil qilib. – Ana qish yaqinlashyapti, hademay sham savdosi avjiga chiqadi. Shuncha shamni butun respublika bozorlariga o`tkazib yuborsang, uch karra ko`proq foyda ko`rasan. Ya`ni, 600000 dollar qo`lingda yaraqlab turibdi-da! Shuncha shamning yog`dusi jam bo`lib ham bu qadar nur tarata olmasa kerak!

– Hammasi sen aytganchalik xamirdan qil sug`urgandek bo`larmikin? – Doniyor qoshlarini chimirdi. – Bu ishlarimizni sezib qolganlar jim qarab turisharmikin?

– Hamma narsaning chorasi topiladi, – dedi shamfurush bamaylixotir. – Tashlanib qolganlarga itga suyak tashlagandek biror narsa uzatvorsang, chakagi o`chadi-qoladi... 50000, bor ana, 100000 dan kechivorsang ham o`zingga 500000 qoladi-da!

Doniyor shuncha boylikka xuddi hozir ega bo`layotgandek tamshanib qo`ygach, otasidan qolgan kotteji, mashinalari, do`konini sotsa 200000 dollar bo`lishini shamfurush hisoblashib yubordi. Uni bir aylantirishda uch barobar ko`p boylikka ega bo`lishini ko`z oldiga keltirib Doniyorning aqli shoshib qolayozdi.

Injiq xotinini bu savdoga ko`ndirish uncha qiyin bo`lmadi. Shamfurush o`rgatganidek, xotiniga avvalo ota-onasiga churq etmaslikni uqdirdi. Yo`qsa, ular hamma ishning beliga tepishini qulog`iga quyib qo`ydi. Notariusdagi opaxon tinchgina ishini bitirib berish o`rniga avval “boshog`riq” qildi. “Shuncha boylikni o`ylab sotayapsilarmi, keyin pushaymon qilmaysilarmi?” deb so`rayvergach, xotinining fe`li aynib qolishiga bir bahya qoldi. Har tugul, zaifasini bir amallab ko`ndirdi!

– Menga qara,– dedi shamfurush yana uddaburonlik qilib.– Bunaqa omad hadeganda kelavermaydi. Bo`lganiga yarasha – ziyodi bilan bo`lsin, deyman-da. Yana 100000 dollar topa olmaysanmi? Masalan, foizga qarz olsang... Baribir foydaning kattasi senda qoladi!

Hamkorining aqliga qoyil qolgan Doniyor ikkita sudxo`r og`aynisidan 20 foizdan kelishib, 50000 dollardan qarz olishning uddasidan chiqdi.

Katta savdoga dangal kirishgan Doniyor shamfurush bilan naqd 300000 dollarni qo`ltiqlab Qo`qonga yo`l oldi. Hammasi kelishilganidek bo`ldi. Ahadjon degan katta shamfurush shuncha pulni sanab olgach, uch kun ichida aytilgan tovari qo`lida bo`lishiga va`da berdi. U istasa va kelisha olsa, o`sha shamlarni barcha katta bozorlarga etkazib berishigacha bo`yniga olganida Doniyorning og`zi qulog`iga etdi.

Bu uning so`nggi quvonchi ekanini, taqdir bo`roni boshqacha aylantirib ketishini qayoqdan bilsin?

O`sha tunda Noralining uyida mehmon bo`lib qolgan Doniyor allamahalda qandaydir g`ovur-g`uvurdan cho`chib uyg`ondi. Qarasa, formali kishilar xonadon egasining qo`liga kishan solib ketishyapti...

Doniyorning dami ichiga tushib ketdi. Ichkari uyda omon qolganiga shukr qilib (pusib) yotaverdi. Ertalab ma`lum bo`lishicha, qandaydir kontrabanda va qurol savdosi bilan shug`ullanayotgan bir to`da jinoyatchilar qo`lga olingan ekan. Ular orasida Norali, hatto Ahadjon deganlari ham borligini bilgach, Doniyorning ko`ziga dunyo qorong`u ko`rinib ketdi...

Ko`p o`tmay ularning sudini televizorda ko`rgan Doniyor o`zini qo`yarga joy topa olmasdi. Bu hukm xuddi erta-indin o`ziga ham o`qilayotgandek yuragi taka-puka bo`lardi: har biriga 10-12 yildan... Ba`zilariga umrbod...

Kam emas, 20 foizga 100000 dollar qarz ham olib qo`ymaganida Doniyor ehtimol Toshkentda bir amallab yursa bo`lardi. Jilla qurisa, qaynatasi joniga oro kirishi mumkin edi. Endi-chi...

Boshini qay bir devorga urishini bilmay yurgan odamga ham qandaydir yo`l topilarkan. Faqat, bunisi “borsa kelmas”ga o`xshashroq yo`l edi. Doniyor uchun o`zga yo`l topilmasdi go`yo. Xullas, bir-ikkita bozorchi og`aynilarining gapi bilan chet elda ishlashga qaror qildi. Aytishlaricha, Rossiyada nazorat kuchaytirilgan emish, bu erda ishlashga tegishli hujjati bo`lmaganlarga yo`l yo`q ekan... Turkiyada esa amallasa bo`larkan...

Mana, olti yildirki, Doniyor xorijda horib mardikorchilik qiladi. Katta shaharning bir chetidagi pastak xonachada o`ziga o`xshagan uch mardikor bilan har biri oyiga 300 dollardan ijara haqi to`lab kun kechirishadi.

Har erni qilma orzu, har erda bor tosh-u tarozu, deganlaridek, bu erning narx-navolari o`ziga yarasha. Topgani qornidan, egni-boshidan ortmaydi...

Toshkentdagi shirin hayoti, jufti haloli – Munisa bilan kechgan o`sha ajib onlari, o`g`ilchasining shirin erkalashlari, to`ylar, bazmlarning to`rida o`tirishlari, o`z yurtida yayrab yurishlari allaqachon shirin tushga aylanib qolganini endi afsus-nadomat bilan eslaydi. O`qtin-o`qtin tushlariga kirganida ko`zidan oqqan yoshlariga yostig`i jiqqa ho`l bo`lib qolardi...

Yurtga qaytishga endi yuragi dov bermasdi.

Uni qanday qismatlar kutayotganini o`zicha tasavvur qilsa, yuragi orqaga tortib ketardi. Qarz berganlar izini ham topa olmay qolgach, ichki ishlar bo`limiga murojaat qilishgandir? Ehtimol, jinoyatchi sifatida qidiruv e`lon qilingandir? Katta ko`chadagi nazoratchilarning postlarida osilib turadigan “vinetka”ga o`xshash suratlar orasida u ham mo`ltirab turgandir?..

Balki, balki... Munisa kutishdan toqati toq bo`lib, axiyri boshqaga erga tegib ketgan bo`lsa-ya... O`g`ilchasiga boshqa erkak otalik qilayotganmikin yoki etimchadan battar holda xo`rlayotganmikin?!

Shular haqida o`ylaganida Doniyorning g`amgin ko`zlaridan yosh sizib chiqar, uvvos solib yig`lagisi kelardi...

Yillar yillarga ulanib oradan ancha vaqt o`tdi. O`n uch yil deganda u vatanga qaytishga qaror qildi. Shu yillar davomida ishlab topgan pullarini Toshkentdagi bir ukaxoni orqali qarzlariga to`ladi. Oz qismi qoldi. Qolganini amallasa bo`ladi deb o`yladi...

Yuz-ko`zidan nuri ketgan, ilgarigi shijoatidan asar ham qolmagan edi. Toshkent xalqaro aeroportiga qo`nar ekan yuragi qinidan chiqqudek urardi. Ko`zlariga yosh keldi. Kutish zalida uzoq o`tirib qoldi. Tashqariga chiqishdan uni nimadir to`xtatib turardi. Go`yo vatanga qadam qo`ysa uni er ko`tarmaydigandek edi.

Eshikdan chiqarkan qora ko`zoynagidan yaqinlarini kutayotgan odamlarga razm soldi. Xayriyatki ularning orasida tanishlari ko`rinmasdi. Sababi biron tanishiga ro`baro` bo`lsa nima deyishni ham bilmasdi...

To`xtash maydonida turgan taksichilardan biri uning yuklarini olib mashinaga joyladi. Manziliga etganida u haydovchidan ko`chasi boshida biroz turishini iltimos qildi. Mashinaning orqa o`rindig`idan mahallasining ko`chalariga, uyiga uzoq qarab qoldi. Ancha narsalar o`zgaribdi... So`ng Doniyor mashinadan yuklarini tushirdi. U hamon kora ko`zoynagini echmas edi. Xayriyatki mahallada tanish-bilishlar ko`rinmadi. Uyiga yaqinlashib, qo`ng`iroqqa qo`l cho`zdi. Biroz ikkilanib darvozani taqillatdi. Ancha vaqtdan so`ng ichkaridan bo`yi tengi bir yosh yigit chiqib eshikni ochdi. Ular bir-birlariga bir muddat qarab qolishdi. Oraga sukunat cho`kdi. Doniyor o`g`lini darrov tanigan edi, ammo uni birdaniga bag`riga bosolmadi. O`g`li esa otasini darrov tanimasdi. Otaning tamog`iga nimadir tiqildi. So`ng bolasini qattiq bag`riga bosib, ho`ng-ho`ng yig`ladi... Uzoq yillar isi ham chiqmay ketgan Doniyorning oilaga qaytishi oson bo`lmadi. Firoqlarga tashlab ketgan ayolining ko`z yoshi bilan qilgan ta`na-dashnomlariga jim bosh egib turardi... Endi Munisaning ko`zlari ham avvalgidek mehr to`lib boqmas edi.

Oradan vaqt o`tdi. Avtobus chiptachisi bo`lib ishga joylashgan Doniyor gohida uzoq o`yga tolardi. Keyingi pushmon – o`zingga dushman, deganlaridek, u boy berilgan baxti uchun o`zini kechira olmasdi...

Javohir Yunusov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1