Ko`pincha garnir uchun tayyorlangan guruch bo`tqaga o`xshab, yopishqoq bo`lib qoladi. Go`shtli, sabzavotli taomlaringizning ajralmas sherigini tayyorlash uchun quyidagi tavsiyalarimizga amal qilsangiz, yaqinlaringio` olqishlarga sazovor bo`lishingiz shubhasiz.
1. Birinchi navbatda guruchni 20 daqiqa davomida sovuq suvda ivitib qo`ying. Ivitilgan guruchning suvini to`kib, chayasiz.
2. Suv va guruch miqdoriga qat`iy rioya qiling. Ya`ni guruch uchun suv 1:1,5 nisbatda bo`lsin.
3. Guruchni pishirishga chog`lanar ekansiz, unga, albatta, qaynoq suv soling.
4. Qopqog`i mustahkam yopiladigan qozoncha guruch pishirish uchun juda mos.
5. Garnir uchun 12 daqiqa kifoya, undan ko`p ham, kam ham emas. Birinchi 3 daqiqada qaynoq suv solib, qopqog`i yopiq holda, baland olovda qaynating. Keyin 7 daqiqa davomida o`rtacha olovda ushlab turing. Qolgan ikki daqiqada esa juda past olovda pishiring. Tayyor bo`lgunicha qopqoqini aslo ocha ko`rmang.
6. Tayyor guruchga yana 12 daqiqa davomida qopqog`ini ochmay, dam bering. Vaqt o`tganidan so`ng, qo`rqmasdan qopqoqni dast ko`taring. Biroq qopqoqdagi suv guruchga tushmasin. Mana dona-dona guruch ham tayyor!
7. Guruch yopishib ketmasligi uchun tuzni iloji boricha kamroq soling. Tayyor bo`lgandan so`ng mayda tuzdan solsangiz, maqsadga muvofiq bo`ladi.
8. Tayyor guruchni ehtiyotkorlik bilan aralashtiring, ezilib ketmasin. Garnirga sariyog` yoki istalgan o`simlik yog`idan solib, dasturxonga tortishingiz mumkin.
9. Yana bir kichik sir, agar guruchga o`zgacha ta`m bag`ishlamoqchi bo`lsangiz, unga suv o`rniga go`sht qaynatilgan sho`rva soling.
10. Agar garnirni ko`proq qilgan bo`lsangiz, sira tashvishga tushmang. Uni yumaloqlab, yog`da ta`b berib, guruchli kotletlar pishirishingiz mumkin.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi