AsosiySUG'DIYONA

LATOFATLI ShAKIRA OTASINING ERKA QIZI

'LATOFATLI ShAKIRA OTASINING ERKA QIZI 'ning rasmi

1977 yilning 2 fevralida Kolumbiyaning Barrankilya shahrida livanlik muhojir oilasida dunyoga kelgan qizchaga «latif», «Xudoning marhamatiga to`latilgan» ma`nolarini anglatuvchi Shakira ismini qo`yishdi...

Iste`dodli qizcha

Otasining eng kenja erka qizi, onasining esa yolg`izi bo`lib ulg`aygan bu Shakira 3 yoshga to`lar-to`lmas o`qish va yozishni o`rganib oladi. 4 yoshida esa she`r yoza boshlaydi. Ota-onasi uni 4 yasharligida maktabga berishni istashadi, ammo bu yoshda maktabga qabul qilishmaydi. Ammo 5 yoshida maktabga borgan Shakira hammani o`z zehni bilan o`ziga rom etadi. Bundan tashqari, Shakira juda yaxshi raqqosa ham edi. Maktabda “bu iste`dodli qizcha kelajakda yo balet ustasi yoki zamonaviy raqslar bo`yicha raqqosa bo`ladi”, deb bashorat qilishadi. Faqat 8 yoshga kelibgina Shakiraning ota-onasi uning qo`shiq aytish bo`yicha qobiliyatini sezishadi. 10 yoshdan e`tiboran esa u o`z shahrida o`tkazilgan barcha tanlovlarda qatnasha boshlaydi. Bir necha yil o`tgach, Shakira Siro Vargas ismli amaldor bilan tanishadi. Uning ijrosidan hayratda qolgan Siro Shakiraga shartnoma taklif qiladi. Shunday qilib, 13 yoshida Shakira maktab darslari bilan birgalikda birinchi albomi — «Sehr» (Magia)ni yozishga kirishadi.

Maktabda o`qib yurgan bo`lajak yulduz o`sha erdagi ashulachilar guruhida qo`shiq aytish istagini bildiradi. Ammo uni xorga olishmaydi. Chunki o`qituvchilardan biri “uning ovozi echkining ma`rashiga o`xshaydi”, deydi. Bu talqin Shakiraga yomon ta`sir qiladi. Ammo 14 yoshida u shahardagi eng taniqli yulduzga aylanadi.

15 yoshga kirgan Shakiraning «Xavf» (Peligro) nomli ikkinchi albomi sotuvga chiqadi. Ammo albomdagi faqat birgina qo`shiq muxlislar e`tiborini qozona oladi. Bu omadsizlik sababli Shakira ikkinchi albomni sotish ishlarini to`xtatishni iltimos qiladi. Bu qo`shiqchi uchun qiyin davr edi: shartnoma tuzilgan, ammo 3-albom ham muvaffaqiyatsizlikka uchrasa. bu Shakira uchun qo`shiqchilik karerasiga nuqta qo`yish bo`lardi. Ammo u o`ziga xos qaysarlik bilan endi Kolumbiya poytaxti Bogotani “ishg`ol etishga” bel bog`laydi. Onasi bilan Bogotaga borib, «Sony Music» ofisiga va «TV GUIA» jurnali tahririyatiga boradi. Jurnalga bergan intervyusidan so`ng Shakirani «Oazis» nomli serialda bosh rolni ijro etishga taklif etishadi. Shuningdek, u «Kolumbiya televideniyasi go`zali» tanlovida ham ishtirok etib, g`olib bo`ladi. “Eng yaxshi aktrisa” degan nomga ham sazovor bo`ladi.

Yo`lda yozilgan qo`shiq va mashhurlik

1994 yilda «Sony Music» kompaniyasi qo`shiqchi bilan shartnomani bekor qilishga kirishadi. Ammo so`nggi daqiqada kompaniya tomonidan chiqarilayotgan qo`shiqlar to`plami ichiga Shakiraning ham bir taronasini kiritishga qaror qilishadi. Shakira esa vaqtni qo`ldan boy bermay, uydan ofisgacha bo`lgan yo`lda taksida ketayotib, «Qaydasan, yurak?» (Dónde estás corazón?) nomli qo`shig`ini yozadi. Bu qo`shiq uni ko`pchilikka tanitdi va bugungi kunga qadar uni mashhurlik tark etgani yo`q.

Shakira “Yalang oyoqlar” deb nomlangan uchinchi albomini 1995 yilda Luis Fernando Ochao prodyuserligi ostida AQShda yoza boshlaydi. 1995 yil 6 oktyabrda chiqqan albom qisqa muddat ichida sotilib ketadi. 3-albomdan so`ng Shakira dunyo bo`ylab turnega chiqadi. Chunki albom xit-paradlarda birinchi o`rinni egallaydi. Albomning milliondan oshiq nusxasi sotiladi.

«Yil insoni» mukofoti

1996 yilda xonanda ommaviy axborot vositalari tomonidan “Yil insoni”, “Yil ayoli” nomlariga musharraf bo`ladi. Bu haqiqat edi. U Kolumbiyadan chiqqan va olamga tanilgan ilk qo`shiqchi edi.

1997 yilda esa Shakira Osvaldo Rios bilan uchrasha boshladi. 1997 yil 10 oktyabrda, ya`ni albom chiqqandan keyin 2 yil o`tib, Shakiraning dunyo bo`yicha turi o`z yakuniga etdi. Turne bilan birgalikda Osvaldo ikkisining sevgisi ham poyoniga etgan edi.

Muxlislar talabi

Taniqli bo`lish ham, mashhurlikni tutib turish ham oson emas. Muxlislari Shakiradan 4-albomni yozishni talab qila boshlashgandi. Xonandani bir tomondan «Bunisi ham 3-albom kabi shuhratga ega bo`la oladimi yoki yo`q?» degan o`y qiynardi. Boshqa tarafdan esa sayohat paytida u yangi qo`shiqlari yozilgan barcha qog`ozlarni o`g`irlatib qo`ygandi. Lekin barcha qiyinchiliklarga qaramay, xonanda qo`shiq yozishda davom etadi va Emilio Estefan bilan tanishadi. Aynan Emilio uning prodyuseriga aylanadi va uning yordamida Shakira to`rtinchi albomini yozadi. Sotuvga chiqqan albom birinchi kunning o`zidayoq 300 ming nusxada sotilganida xonandaning barcha shubha va qurquvlari tarqab ketadi.

Shuncha muvaffaqiyatga erishgan insonning armoni ham bo`lmasa kerak, dersiz. Shakira ota-bobolari mamlakati bo`lgan Livanni ziyorat qilish, shuningdek, o`limidan so`ng ham boshqalarning yodida qolishni, hayotida eng sevimli insonini uchratishni istaydi.

Manba: «SUGDIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar