"Darakchi" gazetasining mehmoni nafaqat ovoz yozish studiyasida, balki oshxonada ham ijod qilishni xush ko`radigan xonanda Ulug`bek RAHMATULLAEV. Xonanda o`ziga ravo ko`rgan eng sara narsalarni atrofdagilar bilan ham bo`lishishni yaxshi ko`radi. Shu bois sahifamiz orqali o`zi sevgan “Steyk” taomini “Palet” restoranida tayyorlab, maxsus sirlari bilan bo`lishdi. Ulug`bek Rahmatullaevning aytishicha, bu taomni pishirishni shu erning bosh oshpazi Sarvar G`anievdan o`rgangan ekan...
Zarur masalliqlar (4 kishilik uchun):
- 1 kg. buqaning biqin go`shti,
- Ta`bga ko`ra zaytun yog`i, tuz, murch.
Tayyorlanishi:
1-jarayon:


Go`shtni bo`laklarga bo`lib, ikkila tarafiga tuz, murch sepiladi va ustidan zaytun yog`i quyib, marinat qilinadi.

2-jarayon:

Yaxshi qizigan tovada marinatlangan go`shtni ikkila tomonini qizartirib pishirib olinadi. Bu jarayonga 10 daqiqadan 20 daqiqagacha vaqt ketadi. Olov baland holda bo`lishi zarur. Go`shtning qalinligi hisobiga kuymaydi, bundan havotir olmang.


BAHORIY SALAT
Zarur masalliqlar:
- 2ta bodring,
- 2ta pomidor,
- 2ta bulg`or qalampiri,
- 1ta piyoz,
- Ko`katlar va zaytun yog`i.

Piyoz va bodringni xalqa, pomidor hamda bulg`or qalampirini uzunchoq shaklda, ko`katlar o`rtacha kattalikda to`g`raladi. Sabzavotlarni ta`bga ko`ra zaytun yog`i bilan aralashtirib, taom bilan dasturxonga tortish mumkin.



ESLATMA!
- Taomda go`shtni mazasi buzilmasin, desangiz sigirni emas, yangi so`yilgan yosh buqaning biqin go`shtini xarid qiling. Yo`qsa, go`sht qotib qoladi.

ULUG`BEK RAHMATULLAEVDAN FOYDALI MASLAXATLAR
- So`lib qolgan ukrop va petrushkanibiroz muddat sirka aralashtilgan suvga solsangiz yana asl holiga qaytadi.
- Qaynatilgan sabzavotlaringiz mazasini yo`qotmasligini istasangiz, ularni suv qaynaganidan so`ng soling.
- Yashil rangdagi sabzavotlarni usti ochiq idishda qaynating. Shunda rangini saqlab qoladi.
- Kesilgan qo`ziqoringa tuz sepib ko`ring, agar sarg`aysa iste`molga yaroqsiz.
- Kumush taqinchoqlarni jilosini qaytarish uchun bir necha daqiqa ketchupga botirib, so`ng tish cho`tkasi bilan tozalang.
- Hech qachon nonushtadan bosh tortmang. Bu kun davomidagi tetiklikni ta`minlovchi eng muhim jarayon. Ertalabki ovqatni o`tkazib yuboradigan erkaklarda infarkt natijasida vafot etish ehtimoli 27 foizni tashkil qilarkan.
- Ertalab va kechqurun tish yuvishni unutmang! Stomatologlar tish shyotkasini saqich yo shunchaki og`izni chayishga almashtirib bo`lmasligini ta`kidlashgan. Tishni toza yuvishni kanda qilmasangiz, stomatologga vaqt ketkazishdan halos bo`lasiz.
- Ochlik, og`riq, sovuq, issiqqa chidab bo`lmaydi. Bu organizmdan berilgan darak. Taom tanovul qilib, chanqoqni qondirib, bu masalani engil bartaraf etish mumkin. Biroq qolganlariga shifokordan maslaxat so`rab, o`z qo`lingizda bo`lgan sog`liqni asrashni unutmang!
- Sport bilan shug`ullaning, bunga 150 daqiqa ajratish yosh ko`rinishingizni besh yilga uzaytirishga xizmat qilar ekan. Tushkunlikdan halos bo`ling, shunda ko`pgina kasalliklarning oldini olgan bo`lasiz.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV






