Fazliddin G`OIBNAZAROV: «Futbolchilarimizni qo`llab-quvvatlaylik»
Tanqiddan naf bo`lganida, natijalar allaqachon o`zgargan bo`lardi
«Rio-2016» musobaqalarida boks bo`yicha oltin medalni qo`lga kiritgan, «O`zbekiston iftixori» unvoni sohibi Fazliddin G`oibnazarovning professional boksda ilk qadamidanoq g`alabaga erishganidan xabaringiz bor. Ayni paytda AQShning Kaliforniya shtatida navbatdagi janglarga tayyorgarlik ko`rayotgan sportichimiz bilan internet orqali bog`lanib, suhbatlashishga muvaffaq bo`ldik.
— Fazliddin, boks sizning hayotingizda qanday o`zgarishlar yasadi? Ulardan uchtasini alohida sanab o`ta olasizmi?
— Aslida sportning erkin kurash turiga qiziqqanman. Ammo darsdan keyin mashg`ulotlarga ulgura olmasdim. Sinfdoshim Dostonning ertalablari boks to`garagiga qatnashayotganini bilgach, unga yo`ldosh bo`ldim. Shu bilan bu sport turiga mehrim uyg`onib, bora-bora jiddiy kirishdim. Hozir boksni tanlaganimdan juda minnatdorman. U hayotimda juda ko`plab o`zgarishlar yasadi. Aynan uchtasiga to`xtaladigan bo`lsak, birinchi navbatda, xalq mehrini qozondim. O`zbekiston sharafini himoya qilib, yurtimiz nomini dunyoga yanada tanitishga oz bo`lsa-da, hissamni qo`shganimdan xursandman. Ikkinchidan, boks meni mas`uliyatli va sabrli bo`lishga o`rgatdi. Uchinchisi, baxtimni boksda topdim.
— Biror marrani zabt etishimizga ko`plab insonlarning mehnati singadi. Jumladan, ustozlarimizning ham xizmati biqiyos. Murabbiyingiz bilan yaqindan tanishtirsangiz.
— Abror aka Tursunpo`latov fidokor inson. Mana, 17 yildan buyon men bilan shug`ullanib, har tomonlama qo`llab-quvvatlab kelayapti. Bugungi darajamga erishishimda bu insonning hissasi juda katta! Doim «Sen bundan-da ortig`iga qodirsan», deb yangi marralar sari undaydi. Ayni paytda ham Amerikada birgamiz.
— Professional boksda o`tkazgan ikkita jangingiz muvaffaqiyatli kechdi. Navbatdagi jangingiz qachon bo`ladi? Kim bilan ringga tushasiz?
— Uchinchi jangimiz Texasda, 22 senyatbr kuni o`tkazilishi kutilayapti. Ammo hozircha raqibim aniq emas. Kuzning oxirlarida professional boksdagi to`rtinchi jangimni o`tkazib, vatanga qaytishni niyat qilganmiz. Bu janglar chempionlik kamari uchun qo`yilayotgan qadamlardir.
— Jang oldi raqibingizni o`rganib chiqasizmi?
— Odatda, raqibimning qaysi tomondan zarba berishiga e`tibor qarataman. Ammo janglarini kuzatib, tahlil qilishga ko`p vaqt sarflamayman. Murabbiyim buning o`rniga ko`proq o`z ustimda ishlashim kerakligini o`rgatgan. Shu sabab tayyorgarlik jarayonida chapdan, o`ngdan zarba beruvchi bokschilar bilan mashq qilaman.
— O`zbekiston terma jamoasining yashil maydondagi mag`lubiyatidan so`ng doim futbolchilarimiz bokschilarimiz bilan solishtiriladi. Siz bu mavzuga qanday munosabat bildirasiz?
— Futbol va boks — alohida sport turlaridir. Boksda biz yakka o`zimiz ringga chiqamiz va kurashamiz. Futbol esa jamoaviy o`yin. Jamoaning o`n vakili zo`r o`ynasa-yu, bitta o`yinchi xatoga yo`l qo`ysa ham yutqazish mumkin. Shu sababdan men boks va futbolni bir-biri bilan solishtirish noo`rin, deb o`ylayman. Futbolchilarimizni esa doim qo`llab-quvvatlayman, ularga muxlislik qilaman. Kimgadir nimadir deb aql o`rgatishdan yiroqman. Biroq, bilasizmi, tanqiddan naf bo`lganida, allaqachon natijalar o`zgargan bo`lardi. Yaxshisi, bilib-bilmay ularni tanqid qilgandan ko`ra, ishonch bildirib, ruhlarini ko`targanimiz foydalimasmi? Jahon chempionatiga chiqishni futbolchilarimiz istamaydi, deysizmi? Ular bizdan ko`ra ko`proq xohlashadi buni. Fikrimcha, endi tanqidni kamaytirib, ularni olg`a undashimiz darkor. Aytgancha, o`zim ham yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamga futbolchilarimizni qo`llab-quvvotlovchi video murojaatimni qo`yishni rejalashtirganman. Futbolchilarimizga, umuman vatanimiz sha`nini himoya qilish istagida intilayotganlarga hamisha omad yor bo`lsin!
— Fazliddin, intervyularingizdan birida bolaligingizda juda sho`x bo`lganingizni aytgandingiz. Bugunning bolalari sizdan-da sho`x. Gohida sho`xliklari oshib urishqoq ham bo`lib qolishadi.
— Sho`xligim rost, ammo har narsaning me`yori bo`ladi. Muhimi — me`yorni unutmaslik. Sho`xlik va urishqoqlikning farqi katta, shuni ajratib olish kerak, deb o`ylayman. Ayniqsa, ota-ona va pedagoglar. Chunki ba`zida «Bolam sho`xlik qilibdi-da», deb ulardagi salbiy fe`llarning shakllanishiga kattalar zamin yaratadi.
— Bugungi kunda ba`zi o`smir yigitlar o`rtasidagi tortishuvlar janjalga aylanib ketib, fojiali oqibatlarga olib kelayotgani ham sir emas. Yoshlarning beboshliklari sababini nimalarda ko`rasiz? Ularga hayotda o`z o`rnini topayotgan yosh avlod sifatida qanday tavsiyalar bera olasiz?
— Xalqimizda bir ibora bor: «Qush uyasida ko`rganini qiladi». Ota-onalarning farzandlariga etarlicha vaqt ajratmasligi, tarbiyaning to`g`ri usullaridan foydalanmasliklari yoshlarning adashishlariga sabab bo`ladi, deb o`ylayman. Afsuski, aybni o`zlaridan soqit qilish, mas`uliyatdan qochish uchun atrofdagilarni ayblashadi. Ko`p hollarda bolaning tarbiyasizligiga yoki ko`chada biror muammo tug`dirganiga o`qituvchi balogardon bo`ladi. To`g`ri, o`qituvchi ta`lim-tarbiya uchun mas`ul. Ammo bolalar kunning bir qisminigina ta`lim maskanida o`tkazishini inobatga olish kerak. Yaxshisi, pedagog bilan ota-onalar do`st tutinib, hamkorlikda ishlashlari lozim.
Nazarimda, o`smirlarni, umuman bolalarni bo`sh vaqtlaridan unumli foydalanishga o`rgatish lozim. Biror nimaga qiziqmagan bola yo`q, uni qiziqtira olmaydigan ota-onalar bor. Bugun yoshlar uchun yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilgan. To`garaklar turli-tuman. Sport sohasimi, yoki ilm yo`lanishimi, hunarmi, albatta, bolaning qiziqishidan kelib chiqib yo`naltirish lozim. Biz yoshlar ham imkoniyatlardan to`g`ri foydalanishimiz darkor.
— Tengdoshlari bilan yoqalashgan yigitlarga quloq solsak, sha`nini himoya qilganini aytishadi. Sizningcha, jahl chiqqanda qanday yo`l tutgan ma`qul?
— Avvalo, yigit kishi o`ziga nisbatan hurmatsizlik qilishlariga imkon bermasa, atrofdagilarning uning g`ururiga teguvchi so`zlar aytishga haddi sig`maydi. Biroq besh barmoq barabor emas, odamlar ham, ularning fe`li ham turlicha. Kimlardir qarshisidagi kishini jahlni jilovlolmaydigan darajaga olib kelish uchun ataylab harakat qilishadi. Ular bilan teng bo`lish to`g`ri emas. Bunday insonlardan tarbiyangiz, madaniyatingiz bilan bir pog`onaga yuqori turing. Hissiyotga emas, aqlga quloq tuting. Bu ham o`z-o`zidan bo`lmaydi, albatta. Masalan, ruhshunoslar boks alamlardan xalos bo`lishda, salbiy quvvatni to`g`ri sarflashda qo`l keladi, deyishadi. Bu gapda ham jon bor. Umuman olganda, jismoniy mehnat bilan shug`ullanish yigitlar uchun foydali. Qolaversa, insonda orzu-maqsadlar ham bo`lishi kerak. Men ham bir paytlar bugungi kunlarimni orzu qilardim. Orzumga osonlikcha etib kelganim yo`q. Har bir o`sib kelayotgan yosh avlod mening o`rnimda bo`lishi mumkin. Faqat maqsadlarga erishishiga ishonib, turli qing`ir yo`llarga chalg`imaslik kerak.
— Bolalaringiz bilan bog`liq qanday orzu-umidlaringiz bor?
— Farzandlarim — eng katta boyligim. Avvalo ular, aqlli va odobli insonlar bo`lib voyaga etishlarini istayman. Yurtimiz ravnaqi yo`lida xizmat qilishlarini xohlayman. Buning uchun qo`limdan kelgan barcha imkoniyatni yaratishga harakat qilaman. O`g`lim Abdulloh ikki yashar, qizim Xadichabonu esa 8 avgust kuni bir yoshga to`ladi. Ular kelajakda qaysi yo`nalishni tanlashsa ham, albatta, qo`llab-quvvatlayman.
— Ota-onangizga qaysi jihatlaringiz juda o`xshaydi?
— Otam quruvchi, onam zavodda ishchi. Ular mehnatdan qochmaydigan va halollikni birinchi o`ringa qo`yadigan insonlar. Bolalarimda ham bu fazilatlar shakllanishiga ishonaman. Dadam ko`rinishidan biroz jahldor ko`rinsa-da, juda ko`ngli bo`sh inson. Mening ham ko`nglim aslida bo`sh. Olimpiadada oltin medal olganimda ko`z yoshlarimni to`xtata olmaganman. O`shanda onam «Endi sening oltin medaling bor, yig`lama», degandi. Terma jamoada hazilkashligim sabab hech kimni zeriktirmayman. Bu xislat volidamdan o`tgan. Onam bolaligimizda ko`p ertaklar aytib berardi, hozir ham suhbatlashib o`tirsak, qiziq-qiziq voqealarni gapirib, kayfiyatimizni xushnud qiladi. Baxtimizga ota-onalarimiz doim sog` bo`lishsin!
— Rafiqangiz ham sport vakilasi. Uning karera qilishiga to`sqinlik qilmaysizmi?
— Yuqorida aytganimdek, biz sport mashg`ulotlarida tanishib qolganmiz. Rashkchiligim sabab karera qilishiga qarshiman, ammo to`ydan oldin va`da bergandim-da. Endi sportdagi faoliyati qay darajada bo`lishini vaqt ko`rsatadi, hozircha bolalar parvarishi bilan mashg`ul.
— O`zingizga xos dam olish uslubingiz bormi?
— Bolalarim bilan o`ynasam, charchoqlarim chiqib ketadi. Ayni kunlarda internet orqali ko`rishsak ham, ularning ovozlarini eshitib, shirin qiliqlarini ko`rib, dilim yayraydi. Tarixiy filmlarni tomosha qilib ham dam olaman.
— Eng katta maqsadingiz?
— Jahon chempionatlarida O`zbekiston nomining baralla yangrashiga hissamni qo`shishda davom etish eng katta maqsadlarimdan biri. Boksdagi kareram tugagach, sport maktabi tashkil qilish ham rejamda bor.
Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.