1

Shifo maslahat: KUZ — YaNA OG`RIQ, YaNA REVMATIZM

Salomatlik 11.10.2017, 08:03
Shifo maslahat: KUZ — YaNA OG`RIQ, YaNA REVMATIZM

“Havo sovishi bilan oyoqlarim zirqirab og`riy boshlaydi. Ikki yil avval menga revmatizm tashhisini qo`yishgan. Zarur muolajalarni olgan bo`lsam-da, haligacha bu bezovtalikdan qutulolmayman. Revmatizmning mavsumiy xurujlari haqida ma`lumot bersangiz”.

Sharif Namozov, Toshkent viloyati

Revmatizm va boshqa revmatik turdagi kasalliklar deyarli har kuz-qish mavsumida xuruj qiladi. Agar profilaktika choralari bajarilmagan bo`lsa, albatta. Xo`sh, mavsumiy og`riq xurujlarining sababi nima?

Tomog`ingiz og`rimayaptimi?

Revmatizm biriktiruvchi to`qimaning yallig`lanishi bilan kechadigan kasallik bo`lgani bois deyarli organizmdagi barcha biriktiruvchi to`qimalarga shikast etkazadi. Xastalik yurak qon-tomir bo`g`imlarini ham zararlaydi. Asta-sekinlik bilan rivojlanishi oxir-oqibat turli asoratlarga olib kelishi mumkin. Kuz mavsumining boshi havo haroratining keskin o`zgarishi (ertalab salqin, peshinda issiq, kechki tomon yana salqinlashi) bilan kechadi. Bu esa immuniteti sust bo`lganlarda shamollashga moyillikni oshiradi. Qarabsizki, ilgari revmatizm bilan og`rigan bemor tonzillit, faringit, limfadenit bilan kasallansa xastalik xuruji uzoq kuttirmasligi mumkin. Shu bilan birga, sovuqsirash, oyoqdan zax o`tishi, vaqtida ovqatlanmaslik, terlab turib suv ichish ham o`tkir revmatik kasalliklarga sabab bo`lishi mumkin.

  • Revmatizm bilan og`rigan bemorlarning 60-100 % da bo`g`im og`riqlari kuzatiladi.
  • Surunkali tonzillit revmatizmning asoratli kechishi hamda yurakka ziyon etkazishi bilan xarakterlanadi.

Mavsumiy o`zgarishlar qanday boshlanadi?

Revmatizm deganda bo`g`im og`riqlarini tasavvur qilishga odatlanganimiz bois bezovtaliklar shugina xolos, deb o`ylaymiz. Aslida esa xastalikning xuruj qilishi subfebril tana haroratining ko`tarilishi, og`riq berayotgan bo`g`im terisida shish va mayda qizarish kuzatilishi bilan ham kechadi. Shu bilan birga, umumiy ahvolning yomonlashishi, holsizlik, ko`p terlash, tez charchab qolish kabilar ham kasallik avj olayotganidan darak beradi. Agar sizda revmatizm bo`lsa, ushbu belgilarni nazardan qochirmay, albatta mutaxassisga murojaat qiling. Og`riqsizlantiruvchi preparatlardan foydalanishingiz mumkin. Biroq bu vaqtinchalik chora, xolos.


Shifokor qabuligacha...

Elka, tizza yoki tirsak bo`g`imlaridagi og`riq tobora kuchayib borayapti. Shifokor huzuriga borguncha sabringizni sinovdan o`tkazmay, yaxshisi, og`riqsizlantiruvchi, agar tana harorati ko`tarilgan bo`lsa, isitma tushiruvchi preparatlarni qabul qiling. So`ng bu haqda shifokorga aytishni unutmang. Qo`ni-qo`shnilardan eshitgan usullar: issiq grelka qo`yish, tanani qizdiruvchi mazlar bilan uqalash kabilardan foydalanmaganingiz ma`qul. Axir ular qanday karomat ko`rsatishini bilmaysizku.


Chorasi nima?

Avvalo sog`ligingizni asrang! Zero revmatizm bilan hazillashish yaramaydi. O`tkazib yuborilsa (hatto bu xastalik xurujlari bo`lsa ham) yurakka zarba berishi mumkin. Kasallik yirik bo`g`imlarni zararlantirgani bois og`riq qo`l va oyoq kaftida, tizza, boldir, tovon, tirsak va elka bo`g`imlariga ko`chib yuradi. Uchuvchan xarakterdagi shishli og`riq bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Agar sizda revmatizm xuruji kuzatilayotgan bo`lsa, dastlab uni keltirib chiqargan sabab o`rganiladi. Ehtimol, bu shamollash yoki angina ta`siridandir. Shunday bo`lgan taqdirda antibiotik dori vositalari buyurilib, bo`g`imlardagi yallig`lanish uchun nesteroid preparatlar belgilanadi. Bu paytda kam kaloriyali mahsulotlar bilan oziqlanish, ko`proq suyuqlik ichish foydadan xoli emas. Bo`g`imdagi bezovtalikni engillashtirish uchun og`riqsizlantiruvchi maz, gel va surtmalardan ham foydalanish mumkin.

Oldini olsa bo`ladimi?

Revmatizm xurujlaridan himoyalanish uchun shamollamaslikka harakat qiling. Karies, tomoq og`riqlari, oyoqdan zax o`tishiga yo`l qo`ymang. Vaqtida ovqatlaning, dam oling. Immunitetingiz zaiflashib qolmasin. Zarur hollarda organizmni quvvatlantirish uchun vitamin preparatlarini qabul qilish mumkin. Bu ishni shifokor ko`rsatmasi bilan bajarish kerakligini unutmang.

Farzandlaringizdan ehtiyot bo`ling!

Revmatizm 3 yoshgacha bo`lgan bolalarda uchramaydi. Biroq tez-tez takrorlanuvchi tomoq og`riqlari, xususan, angina keyinchalik revmatizmga sabab bo`lishi mumkin. Agar farzandingiz yo`tal, yutinganda og`riq bo`lishi yoki ovoz bo`g`ilishidan shikoyat qilsa, albatta, muolajani boshlang. Dori-darmonlar bilan organizmini zaharlashni istamayman. desangiz, uy sharoitida moychechak yoki marmarak damlamasi bilan og`izni g`arg`ara qildiring. Antiseptik vositalar yordamida tomoqqa ishlov berish ham mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1