06.12.2013 14:54
“Universal Pictures” studiyasi "Forsaj 7" filmini suratga olishni to`xtatdi
“Hozir biz hammamiz Polning oilasiga yordam berishimiz kerak. Suratga olish ishlarini noma`lum muddatga to`xtatishga qaror qildik. Film muxlislariga keyingi rejalar haqida albatta xabar beramiz. Hozir esa ularning hammasi qimmatli do`stimiz Pol Uoker bilan vidolashish va uni so`nggi yo`lga kuzatib qo`yish uchun bizga qo`shiladi, deb o`ylaymiz”,
- deyiladi kompaniya xabarnomasida.
Sentyabr oyida 40 yoshga to`lgan aktyor 30 noyabr kuni Kaliforniyada halok bo`lgan edi. Halokat paytida u do`sti Rodjer Rodas boshqarayotgan sportkarda bo`lgan. Avtomobil noma`lum sabablarga ko`ra to`satdan boshqaruvni yo`qotgan hamda daraxtga borib urilgan va yonib ketgan. Haydovchi va aktyor o`sha joyning o`zida halok bo`lgan.
Uokerning yaqinlari mashina nosoz bo`lgan va do`stlar uni tekshirib ko`rishga qaror qilgan deb
hisoblamoqda. Uokerga yaqin bo`lgan aktyorlar u ekranda yaratgan imijdan farqli o`laroq hech qachon avtomobilni katta tezlikda boshqarmaganini, yo`l harakati ishtirokchilarini hurmat qilganini qayd etadi.
Shu o`rinda, “Forsaj” filmining oltinchi seriyasi xalqaro prokatda 2,4 milliard dollar olib kelganini aytish joiz. Oxirgi oltinchi lenta film ijodkorlariga 789 million dollar daromad keltirdi. “Universal” kompaniyasi oltinchi filmni sotishdan tushadigan mablag`larning bir qismini Uokerning xayriya jamg`armasiga o`tkazishni va`da berdi.





